158-modda. Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirish Tovarlarni va (yoki) transport vositalarini chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bojxona hududiga bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etilgan holda vaqtincha olib kirishga, basharti tovarlar va (yoki) transport vositalari ushbu shaxslarni bojxona hududida bo‘lishi davriga notijorat maqsadlarda olib kirilayotgan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi. Bunda transport vositasi chet davlat hududida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddat tugaganidan so‘ng tovarlar va (yoki) transport vositalari bojxona hududidan o‘zgarmas holatda qaytarib olib chiqilishi yoki tegishli bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim.
Vaqtincha olib kirilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari istalgan bojxona organi orqali bojxona hududidan qaytarib olib chiqilishi mumkin. Vaqtincha olib kirilgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini qaytarib olib chiqishda bojxona to‘lovlari to‘lanmaydi va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmaydi.
Agar vaqtincha olib kirilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari avariya yoki yengib bo‘lmas kuch ta’siri oqibatida jiddiy shikastlangan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, vaqtincha olib kirilgan mazkur tovarlarni va (yoki) transport vositalarini bojxona hududidan qaytarib olib chiqish amalga oshirilmasligi mumkin.
159-modda. Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan transport vositasini notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirish shartlari Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirilgan transport vositasining bojxona hududida turishining umumiy muddati kalendar yil mobaynida jami to‘qson kalendar kundan oshmasligi lozim. Bunda transport vositasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yig‘imni to‘lagan holda yuqorida ko‘rsatilgan muddatdan ortiqroq muddatga vaqtincha olib kirishga yo‘l qo‘yiladi.
Yig‘im undirilguniga qadar transport vositasi bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlanishi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan yig‘im quyidagi hollarda to‘lanmaydi:
bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun;
agar vaqtincha olib kirilgan transport vositasi xatlangan, musodara qilingan, avariya yoki yengib bo‘lmas kuch ta’siri oqibatida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa.