174-modda. Boj olinmaydigan savdo do‘konlari Boj olinmaydigan savdo do‘koni tovarlarni boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi talablariga va shartlariga muvofiq bojxona nazorati ostida realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan savdo obyektidir. Boj olinmaydigan savdo do‘konining hududi savdo zallarining, yordamchi binolarning va do‘kon omborining hududlarini o‘z ichiga oladi.
Boj olinmaydigan savdo do‘konining ishlashini ta’minlash uchun zarur O‘zbekiston tovarlariga boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi qo‘llanilmaydi.
Boj olinmaydigan savdo do‘konlari ikki turga bo‘linadi:
a) bojxona hududiga kirib kelayotgan va bojxona hududidan tashqariga chiqib ketayotgan jismoniy shaxslarga bojxona hududiga olib kirilgan chet el tovarlarini yoki O‘zbekiston tovarlarini O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida va (yoki) chet el valyutasida realizatsiya qilishga, shu jumladan joyning o‘zida iste’mol qilish uchun chakana sotishga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o‘tadigan jismoniy shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo do‘koni;
b) chet davlatlarning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalariga va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarga, ushbu tashkilotlarning chet ellik xodimlariga, shuningdek ular bilan birga yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan oila a’zolariga bojxona hududiga olib kirilgan chet el tovarlarini O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida va (yoki) chet el valyutasida realizatsiya qilishga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo do‘koni.
175-modda. Erkin omborlar Erkin ombor maxsus jihozlangan va belgilangan joy bo‘lib, u tovarlarni erkin ombor bojxona rejimida bojxona nazorati ostida saqlash uchun mo‘ljallangan binolar hududini va (yoki) ochiq maydonchalarni o‘z ichiga oladi.
Erkin omborning ishlashini ta’minlash uchun zarur O‘zbekiston tovarlariga erkin ombor bojxona rejimi qo‘llanilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Boshqa tovarlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki alohida saqlash sharoitlari talab etiladigan tovarlar bunday tovarlarni saqlash uchun maxsus moslashtirilgan omborlarda yoki erkin omborning bir qismi bo‘lgan alohida binolarda qonunchilikka muvofiq belgilangan majburiy talablarga rioya qilingan holda saqlanishi kerak.
(175-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)