2.3.Nodavlat-notijorat tashkilotlari tizimida madaniy faoliyat
O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, o'z oldiga erkin, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishni maqsad qilib qo'ydi. Mazkur maqsadga erishish jarayonida bosqichma bosqich fuqarolik jamiyatining tarkibiy institutlarini, xususan, uning muhim bo'g'ini hisoblangan jamoat tashkilotlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarni jamiyat hayotidagi o'rnini mustahkamlash, oshirish borasida tub islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Zero, O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov e’tirof etganidek, -“O'zbekistonimiz bosib o'tgan keyingi o'n yillik davr aholimizning keng qatlamlari qo'llab-quvvatlaydigan turli hil fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining jadal shakllanishi va rivojlanishi davri bo'ldi”.
Islohotlar ko'p qirrali va uzoq davom etadigan jarayon bo'lib, unda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik hamda olib borilayotgan islohotlarning sifati, samarasi ko'p jihatdan jamoatchilikning ishtirokiga bog'liq. Shu jihatdan uni shakllantirishda muayyan ijtimoiy institutlarga, xususan, jamoat tashkilotlariga muhim o'rin beriladi. Binobarin, samarali faoliyat yuritadigan jamoat tashkilotlari, nodavlat notijarat tashkilotlarni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish yo'lidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy-madaniy faoliyati quyidagilar bilan izohlanadi.
Birinchidan, O'zbekiston xalqining maqsadi - kuchli davlat asosida kuchli jamiyat qurish ekan, bu jarayonda nodavlat-notijorat tashilotlari muhim suybyekt hisoblanadi. Nodavlat-notijorat tashkilotlarida amalga oshirilayotgan madaniy-ma’rifiy ishlar xalqning turmush tarzi va ong-tafakkuriga ta’sir etadi. Bu o’z navbatida jamiyat a’zolarining jamiyatda kechayotgan ijtimoiy jarayon va voqeiyliklarga nisbatan munosabatini shakllantiradi.
Ikkinchidan, mamlakatimiz demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida madaniyat sohasidagi islohotlarning ham asosiy yo'nalishi madaniyat va san`at muassasalarini davlat tasarrufidan chiqarib, ularni nodavlat va jamiyat tashkilotlariga aylantirish, jamiyat va inson manfaati asosida xizmat qiluvchi yangi jamiyatlar, uyushmalar, markazlar va jamg'armalar tuzishdan iborat.
Uchinchidan, hozirgi kunda deyarli barcha jamoat tashkilotlari, nodavlar notijorat tashkilotlari mamlakatni demokratik yo'nalishda rivojlantirish, muayyan sohalar yuzasidan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali nazorat o'rnatish kabi masalalarga o'zlarining asosiy faoliyat yo'nalishlari sifatida qaramoqdalar.
Jamiyatni yanada demokratlashtirish, boshqaruvni takomillashtirish masalalarida O'zbekiston Respublikasida faoliyat yuritib kelayotgan siyosiy partiyalarning o'rni tobora yuksalmoqda. Holbuki, siyosiy partiyalar aholining ma'lum bir qatlamlari fikrini, qarashlarini ifodalaydigan muhim demokratik vositadir. Siyosiy partiyalarning o'zaro hamda siyosiy partiyalar bilan hokimiyat o'rtasidagi sog'lom raqobat jamiyat rivojlanishining eng to'g'ri yo'nalishlarini belgilab olishiga yordam beradigan mexanizmdir deyilsa, mubolag'a bo'lmaydi.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga birlashgan fuqarolar o'zlarining turli xil manfaatlari va huquqlarini amalga oshirishni ko'zlaydilar. Mazkur holatda nodavlat notijorat tashkilotlari oldiga fuqarolarning davlat ishlarini amalga oshirishda ishtiroklarini ta'minlash, ularning mavjud qonunchilikka nisbatan ijobiy munosabatlarini shakllantirish va shu orqali ularda huquqiy madaniyatni qaror toptirish, ularni qonunlarni hurmat qiluvchi shaxs sifatida tarbiyalash kabi yangi vazifalar qo'yilmoqda.
To’rtinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari mamlakatda har tomonlama sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg'unligi ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyatni amalga oshirmoqda.
Beshinchidan, jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichida insoniyat oldiga muayyan maqsad va vazifalarning qo'yilishi hamda yangidan-yangi muammolarning yuzaga kelishi o'z navbatida, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yo'nalishlarining o'zgarib borishi, o'z-o'zidan uning o'zgacha mohiyat kasb etishiga olib keladi. Binobarin, nodavlat notijorat tashkilotlari bugungi kunda jamiyatni demokratlashtirish va isloh qilish jarayonining ajralmas va zaruriy bo'g'iniga aylandi. Bunday sharoitda ularning vazifalari doirasi kengayib borishi hamda turli xil shakllarda namoyon bo'lishi obyektiv xususiyatga egadir.
Bugungi rivojlanayotgan O’zbekistonda bozor iqtisodiyoti munosabatlarining muhim subyekti bo’lib nodavlat notijorat tashkilotlari xizmat qilmoqda. Ma’lumki, nodavlat notijorat tashkilotlari millionlab insonlarga ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda talaygina hayotiy muhim vazifalarni hal qilishda, ko’plab ishchi o’rinlarini joriy etish hamda turli ijtimoiy-foydali islohotlarni amalga oshirishda beminnat ko’mak beradi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomi O`zbekiston Respublikasining 1999-yil 14-aprelda qabul qilingan “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi qonuniga binoan tartibga solinadi. Ushbu Qonun nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining, xalqaro hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallarining O`zbekiston Respublikasi hududidagi faoliyati bilan bog`liq munosabatlarni tartibga soladi.
Nodavlat notijorat tashkiloti - jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o`z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o`z qatnashchilari (a'zolari) o`rtasida taqsimlamaydigan o`zini o`zi boshqarish tashkilotidir.
Yuqorida keltirilgan ta'rifdan ko`rinib turibdiki, nodavlat notijorat tashkilotlari boshqa jamoat birlashmalaridan farq qilgan holda, quyidagi o`ziga xos xususiyatlarga egadir:
a) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy tashkil etiladi;
b) o`zini o`zi boshqaradi;
c) daromad (foyda) olish faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanmaydi.
“Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi qonunning 2-moddasiga binoan, nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagi maqsadlarda tashkil etilishi mumkin:
• jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
• demokratik qadriyatlarni himoya qilish;
• ijtimoiy, madaniy va ma'rifiy maqsadlarga erishish;
• ma'naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish;
• xayriya faoliyatini amalga oshirish.
Amaldagi fuqarolik qonunchiligi yuridik shaxslarni ikki asosiy turga: tijorat va tijoratchi bo’lmagan (notijorat) tashkilotlarga ajratgan holda tasniflaydi. Bunda ular faoliyatining asosiy maqsadi ularni farqlashning bosh huquqiy va iqtisodiy me’zoni hisoblanadi. Muhim omil etib foyda olish yoki olmaslik asos qilib belgilangan. Aytish mumkinki, qonun chiqaruvchi tomonidan yuridik shaxslarni tijoratchi bo’lgan va tijoratchi bo’lmagan tashkilotlarga bo’linishi tarixiy jihatdan quyidagi sabablardan kelib chiqqan:
- Fuqarolik Kodeksiga tijoratchi bo’lgan tashkilotlarning mutlaq ro’yxatini kiritish amaliy jihatdan zarur bo’lgan, chunki bu bozor iqtisodiyotining o’tish davrida muhim sharti bo’lib hisoblanar edi. Tijoratchi bo’lgan tashkilotlarning tashkiliy-huquqiy shakllarini belgilash qonun chiqaruvchi uchun ularni ommaviy-huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati bilan izohlanadi;
- bu turdagi tashkilotlar uchun keyingi soliq tartibotini o’rnatish, ularning davlat byudjetiga majburiy to’lovlari belgilab qo’yish zarurati bunday farqlashni shart qilib qo’yadi;
- yuridik shaxslar o’z ishtirokchilari o’rtasida foydani bo’lish masalasini hal etishi zarurati hamda mavjudligini esdan chiqarmaslik lozim. Ma’lumki, tijoratchi bo’lmagan tashkilotlarning ijtimoiy-huquqiy mohiyati bunday xususiyatlardan mahrum.
Ammo, qonun chiqaruvchi ularning jamiyat va davlat o’rtasidagi demokratik aloqalarni ta’minlab turuvchi muhim bo’g’in sifatida yondashib, ularga nisbatan aholi oldidagi o’z ijtimoiy vazifalarini ado etishlari uchun bir muncha yengillik yaratib bergan, ularning tashkiliy-huquqiy maqomini ommaviy darajada ham, fuqarolik huquqiy qonun hujjatlari darajasida ham belgilab qo’ygan.
Foyda olishni o’z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi bo’lmagan tashkilot) yuridik shaxs bo’lishi mumkin. Ushbu qayd O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 40-moddasida, shuningdek, ,,O’zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risida”gi qonunning 2-moddasida o’z ifodasini topgan.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi 40-moddasi 2-qismida: tijoratchi tashkilot bo’lmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkinligi qayd etilgan. Ko’rinib turibdiki, Fuqarolik Kodeksi notijorat tashkilotlar tashkiliy huquqiy shakllarini o’zida ifodalagan, shuningdek, bu jumlani “O’zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risida”gi qonuni 10-modda 2-bandi to’ldiradi: nodavlat notijorat tashkilotlari o’zlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish, shuningdek, umumiy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishi mumkin.
Yevropa huquq tizimida esa nodavlat notijorat tashkilotlari jamg’armalar va uyushmalar (ham yuridik shaxslar, ham noyuridik shaxslar bo’lishi mumkin) notijorat tashkilotlarining klassik tashkiliy-huquqiy shakllari bo’lib hisoblanadi. Bu shakllardan tashqari ham tijorat, ham notijorat yuridik shaxslar uchun umumiy bo’lgan shakllarni-kooperativlar va kompaniyalarni (korporatsiyalarni) ajratib ko’rsatish mumkin”.
Notijorat tashkilotlarning tashkil etilish maqsadlari turli xil bo’lib, ayrimlari “uchinchi shaxslar” manfaatlarini namoyon etish uchun tuzilsa (masalan muassasalar, fondlar, avtonom notijorat tashkilotlar va davlat korporatsiyalari), boshqalari o’zining muassislari, qatnashchilari manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuziladi (masalan, assosiasiyalar, ittifoqlar, notijorat sherikchilik va hokazolar) .
Uzoq o’tmishga nazar soladigan bo’lsak, notijorat tashkilotlar ildizi ancha olis tarixga borib taqaladi. Biroq, aytish joizki, ushbu tashkilotlarning tarixiy ko’rinishi va shakli anchagina farqli bo’lgan.
Bundan bir necha asrlar oldin ham jamiyatning butun qatlami, shaxslarni nafaqat iqtisodiy, balki noxo’jalik asoslarda birlashtiradigan ijtimoiy guruhlar mavjud bo’lgan. Masalan, Attika tekisliklari aholisi o’rtasida mahalliy zodagonlar rivojlanishi markazini ifoda etuvchi siyosiy uyushma, V asrda Afinada esa demokratik tizimga qarshi bo’lgan aholining yuqori qatlamidan chiqqan zodagonlarning maxfiy tashkiloti-geteriylar, Qadimgi Rimda respublikachilar davrida esa aristokratlar-zodagonlar tarafdorlari-optimatlar hamda otliqlar va aholi oddiy qatlami manfaatlarini ifoda etuvchi populyarlar misolida ko’rishimiz mumkin. Miloddan avvalgi V asr Rim XII ustun qonunlarida diniy va kasbiy yo’nalishidagi: kasb-hunar sexlari, tijorat uyushmalari, umumiy qiziqishlar asosida uyushgan birlashmalar, xayriya jamiyatlari va shu kabi boshqa tashkilotlar faoliyat ko’rsatgani haqida ma’lumot berilgan. Dastavval, Rim huquqi bunday tashkilotlarning mustaqilligi va umumiy qonun, qoidalarni istisno qilmagan hamda bunday tashkilot a’zolari, ishtirokchilarining har qanday harakati, ta’sisini belgilashini tan olgan. Bunday tusdagi tashkilot, birlashmalarning mustaqil faoliyati va shakllanganligi to’g’risida rimlik yurist Gayning qaydlarida ham aytib o’tilgan va ular respublikachilar davrining yakuniga qadar mavjud bo’lgan. Bir necha ruxsat va ta’qiqlardan so’ng, III-IV asrlarda mahsulot ishlab chiqarishga yo’naltirilgan kasbiy uyushmalar aynan bir turdagi kasb bilan shug’ullanish va otadan o’g’il, kuyovga me’ros bo’lib o’tishi majburiy etib belgilangan. Bunday majburiy chora davlat tomonidan oldingi iqtisodiy va siyosiy tizimni yemirish uchun qo’llanilgan.
O’rta asrlarda Yevropada turli diniy va siyosiy uyushmalar, o’zaro hamkorlikdagi ittifoqlar, kasbiy tashkilot va gildiyalar mavjud bo’lgan.
XI asrning oxirgi o’n yilligida shaharlarning paydo bo’lishi bilan ijtimoiy xarakterdagi tijoriy, xayriya, kasb-hunar va shular bilan bir qatorda diniy tusdagi tashkilotlar keng quloch yoydi. Bunday tashkilotlar ixtiyoriy ravishda tuzilib, o’z a’zolari hayotlarining moddiy va diniy qarashlarini himoya qilishgan. Har qanday tashkilot o’z qonun-qoidalariga ega bo’lib, tashkilot a’zolarining manfaati va qiziqishlari bilan bevosita bog’liq: savdogarlar, hunarmandlar, bankirlar, dengizchilar va hokazolar. Ko’pgina Yevropa shaharlarida bunday tashkilotlarning rahbar, yetakchilari keyinchalik shahar kommuna magistratlariga aylanishgan.
O’zbekistonda 1988-1991 yillar oralig’ida faoliyat olib borgan tashkilotlar asosan siyosiy o’zgarishlar natijasida ozodlikni tuygan insonlarning mustaqil, norasmiy tashkilotlari bo’lib gavdalangan. Ular orasida ekologik, ilmiy-ma’daniy, vatanparvar va boshqa yo’nalishlar ajralib turgan. Yana shuni ham qayd etish lozimki, o’z faoliyatining boshlang’ich davrlarida hududiy notijorat tashkilotlari asosan, o’z faoliyat sharoitlarini yaxshilash maqsadida tuzilgan bo’lsa, 1996-yildan boshlab notijorat tashkilotlari umuman o’zgacha ahamiyat kasb eta boshladi. Notijorat tashkilotlar sonining salmoqli va ko’zga ko’rinarli vujudga kelishi 1995-1996 yillar orasida kuzatildi. Bu davrda ko’pgina yoshlar tashkilotlari, kasaba uyushmalari ittifoqlari, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, istemolchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar ro’yxatdan o’ta boshlagan.
Xorijiy mamlakatlar huquq tizimida notijorat tashkilotlar tushunchasi mavjud. Chet el ingliz adabiyotlarida notijorat tashkilotlar “nonprofit organization” deb atalib, foydasiz, ya’ni foyda olishni ko’zlamaydigan faoliyat bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarni nazarda tutadi.
Amerika qonunchiligida esa notijorat tashkiloti bu-foyda olishdan tashqari, har qanday boshqa maqsad uchun tashkil etilgan va tashkilotning foyda hech qanday qismi o’z a’zolari, direktori yoki xizmatchilari o’rtasida taqsimlanmaydigan gruppa deb ta’riflanadi. A.A.Klishin e’tirofi bo’yicha, bunday gruppalarni “ korporasiyalar” yoki “mol-mulksiz korporasiyalar” deb atashadi.
Notijorat tashkilotlari foyda olmaslik xususiyati uni boshqa tashkilotlardan farqlovchi jihati bo’lib, nodavlat notijorat tashkilotlari mohiyati - foyda olmaslik asosida ijtimoiy, umumbashariy, xayrli ishlarni amalga oshirishdan iboratdir.
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Bugungi kunda yurtimizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini kengaytirish va ularni qo’llab-quvvatlash va ular faoliyatini tartibga solish borasida normativ huquqiy hujjatlarning to’liq kompleksi ishlab chiqilgan. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O’zbekiston Respublikasi jamoat birlashmalari to’g’risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risida”gi, “O’zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to’g’risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi jamoat fondlari to’grisida”gi qonunlari shular jumlasidandir.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida ijtimoiy foydali dasturlariga davlat ko`mak ko`rsatishi mumkin.
Davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo`l qo`yilmaydi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari bilan o`zaro munosabatlari quyidagilarda namoyon bo`ladi:
1) nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarni qabul qilish;
2) nodavlat notijorat tashkilotlarini ro`yxatga olish (qayta ro`yxatga olish), ularning faoliyat ko`rsatishi va faoliyatini tugatish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratib berish;
3) nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy foydali dasturlarini ro`yobga chiqarishga ko`maklashish;
4) nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o`zaro ijtimoiy hamkorlik;
5) nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlariga kirishi, ular bilan to`g`ridan to`g`ri xalqaro aloqalar o`rnatishi, hamkorlik to`g`risida tegishli bitimlar tuzishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkiloti yuridik shaxs hisoblanadi.
Nodavlat notijorat tashkiloti, agar uning ta'sis hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo`lmasa, faoliyat muddati cheklanmagan holda tashkil etiladi.
“Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi qonunga binoan nodavlat notijorat tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
1) o`z a'zolari va qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
2) ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga takliflar kiritish;
3) davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlarini ishlab chiqishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ishtirok etish;
4) o`z faoliyati to`g`risida axborot tarqatish;
5) ommaviy axborot vositalarini ta'sis etish hamda belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
6) ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etish;
7) o`z ramziy belgilarini ta'sis etish;
8) o`z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yig`ilishlar, konferensiyalar o`tkazish;
9) qonun hujjatlariga muvofiq vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
Nodavlat notijorat tashkiloti:
1) qonun hujjatlariga rioya etishi;
2) o`z mol-mulki va pul mablag`laridan foydalanish to`g`risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta'minlashi;
3) nodavlat notijorat tashkilotini ro`yxatdan o`tkazuvchi organga o`zi o`tkazayotgan tadbirlarga erkin kirish imkonini berishi;
4) ro`yxatdan o`tkazuvchi soliq va statistika organlariga o`z faoliyati to`g`risida hisobotlar taqdim etishi shart.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega bo`ladi.
Nodavlat notijorat tashkilotining vakolatxonasi - u turgan yerdan tashqarida joylashgan alohida bo`linma bo`lib, nodavlat notijorat tashkilotining manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotining filiali - u turgan yerdan tashqarida joylashgan alohida bo`linma bo`lib, uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini amalga oshiradi.
Nodavlat notijorat tashkilotining vakolatxonalari va filiallari davlat ro`yxatidan o`tkazilgan paytdan e'tiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo`lishi mumkin.
Xalqaro hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari yuridik shaxslardir.
“O’zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risida”gi Qonuni 10-moddasi o’zida nodavlat notijorat tashkilotlarining tashkiliy huquqiy shakllarini namoyon etgan. Ushbu moddaga muvofiq, bular+ga iste’molchilar (matlubotchilar) kooperativi, jamoat birlashmasi, jamoat fondi (jamg’armasi) va muassasa kiradi. Ushbu tashkilotlar nodavlat notijorat tashkilotlarning tashkiliy huquqiy shakllari bo’lish bilan birga turlari hamdir. Nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagi shakllarda tashkil etilishi mumkin:
a) jamoat birlashmasi
Jamoat birlashmasi - ma'naviy yoki boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish uchun o`z manfaatlarining mushtarakligi asosida qonunda belgilangan tartibda birlashgan fuqarolarning ixtiyoriy birlashmasi.
Jamoat birlashmasi qatnashchilari mazkur birlashmaga mulk qilib bergan mol-mulklariga, shu jumladan, a'zolik badallariga bo`lgan huquqlarini saqlab qolmaydilar. Ular a'zo sifatida qatnashayotgan jamoat birlashmasining majburiyatlari bo`yicha javob bermaydilar, mazkur birlashma esa o`z a'zolarining majburiyatlari bo`yicha javob bermaydi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 56-moddasiga asosan kasaba uyushmalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmasi sifatida e'tirof etilgan.
O'zbekiston Respublikasining 1991-yil 15-fevralda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to'g'risida"gi Qonunida jamoat birlashmasi tushunchasi, maqsadi, shakllari, faoliyat doirasi va huquqlari, maqomi va ro'yxatga olinishi kabi normalar o'z ifodasini topgan.
Jamoat birlashmasi deganda uning mohiyatiga e'tibor berish kerak bo'ladi. Jamoat birlashmasi biron-bir shaxsni yoki oilani yoxud ayrim guruhlarning shaxsiy foyda olish istagini ifodalamaydi.
Jamoat birlashmalari odatda g'oya, iroda bilan harakatga keladi, ularning yagona maqsadi-jamiyatni takomillashtirish. Ular o'z oldiga nazorat qilish yoki foyda olish vazifasini qo'ymaydi, balki ular jamiyatni mukammallashtirish yo'nalishi va istagida faoliyat yuritadi. Demak, jamoat birlashmalari fuqarolarga o'zlariga o'zlari yordam berishlari, o'z hayotlarini jamiyatni takomillashtirish orqali yaxshilashlari imkonini beradi. Jamoat birlashmalarining faoliyat ko'rsatishi quyidagi holatlarda yo'l qo'yilmaydi: axloq-odob qoidalarini buzilishiga olib kelsa, noqonuniy maqsadi bilan konstitusiyaviy tuzumni o'zgartirishga; respublika hududi va birligini bo'lib tashlashga; Qoraqalpog'iston Respublikasi va O'zbekiston Respublikasi o'rtasidagi aloqalarni buzish uchun tashviqot olib borsa; zo'rlik, vaxshiylik, ijtimoiy kelishmovchilikni tashkillashtirish uchun tashviqotlar olib borishsa; turli millatlar o'rtasida bir millatni yuqori qo'yish evaziga kelishmovchilik keltirib chiqarsa va jamiyatni bo'lib tashlash uchun dinga qarshi tashviqot olib borsa; harbiylashtirilgan birlashmalarni tashkil qilish hamda, diniy partiya xarakterida bo'lgan boshqa davlat tuzilmasidagi diniy partiya filiallarini tuzish qonunchilikda qat'iyan man qilinadi.
Jamoat birlashmalari tizimiga quyidagilar kiradi:
1) siyosiy partiyalar;
2) ommaviy harakatlar;
3) kasaba uyushmalari;
4) xotin-qizlar jamiyatlari;
5) yoshlar va bolalar tashkilotlari;
6) fahriylar va nogironlar tashkilotlari;
7) ilmiy-texnikaviy;
8) madaniy-ma'rifiy;
9) fizkultura-sport;
10) ko'ngilli jamiyatlar, ijodiy uyushmalari;
11) yurtdoshlar uyushmalari;
12) jamg'armalar, assosiasiyalar va fuqarolarning boshqa birlashmalari, jamoat birlashmalari.
Nodavlat notijorat tashkilotlari o`zlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish, shuningdek, umumiy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro`yxatidan o`tkazish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O`zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro`yxatdan o`tkaziladi.
Viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududlarida faoliyat olib boradigan nodavlat notijorat tashkiloti Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida ro`yxatdan o`tkaziladi.
Nodavlat notijorat tashkilotining mulki qonun bilan muhofaza qilinadi.
Nodavlat notijorat tashkiloti o`z majburiyatlari yuzasidan qonunlarga muvofiq, mol-mulki bilan javob beradi.
Nodavlat notijorat tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
• kirish va a'zolik badallari, agar ular ustavda nazarda tutilgan bo`lsa;
• muassislardan, qatnashchilardan (a'zolardan) bir marotaba va muntazam ravishda keladigan tushumlar;
• ixtiyoriy mulkiy badallar va ehsonlar;
• tadbirkorlik faoliyatidan olingan, faqat ustav maqsadlari uchun ishlatiladigan daromadlar (foyda);
• qonunlarda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun bilan taqiqlanmagan hamda o`zining ta'sis hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq bo`lgan faoliyatning har qanday turini amalga oshirishi mumkin.
Xalqaro hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari hamda bunday vakolatxonalarning (filiallarning) xodimlari O`zbekiston Respublikasi hududida biron bir siyosiy faoliyatda va vakolatxona yoki filialning ustavda belgilangan maqsadlariga to`g`ri kelmaydigan boshqa faoliyatda ishtirok etishga haqli emas. Ularning siyosiy partiyalar hamda ommaviy harakatlar tomonidan o`tkaziladigan amaliy harakatlar va tadbirlarni moliyalashtirishiga, shuningdek, bunday tashkilotlarni tuzish tashabbusi bilan chiqishiga hamda shunday tashkilotlar tuzishni qo`llab-quvvatlashiga yo`l qo`yilmaydi.
Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ayrim faoliyat turlari faqat litsenziyalar asosidagina amalga oshirilishi mumkin. Bunday faoliyat turlarining ro`yxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq o`z ustav maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliqlar, yig`imlar hamda budjetga va budjetdan tashqari fondlarga boshqa to`lovlar to`laydi, shuningdek, imtiyozlardan foydalanadi.
Nodavlat notijorat tashkiloti o`z faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda ro`yxatdan o`tkazuvchi, soliq va statistika organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.
Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati u O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonun hujjatlarini buzgan taqdirda sud tomonidan to`xtatib qo`yilishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilgan, shuningdek, ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda prokuratura organlari yoki adliya organlari ko`rsatilgan qoidabuzarliklar to`g`risida mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar organlariga taqdimnoma kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar, bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati prokuratura va adliya organlarining taqdimnomasi asosida sudning qarori bilan olti oygacha bo`lgan muddatga to`xtatib qo`yiladi.
O`zbekiston Respublikasida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yaratilgan. Shuningdek, ular faoliyatini takomillashtirish uchun ijtimoiy, iqtisodiy shart-sharoitlar yaratilgan.
Nodavlat notijorat tashkilotlar, dastlab, jamiyatni o'zini o'zi boshqarishi va uni mustaqil ijtimoiy birlik sifatida yashashini ta`minlash ehtiyojlari va manfaatlari asosida paydo bo'ldi. XX asrning o'rtalariga kelib esa nodavlat va notijorat tashkilotlar demokratik jamiyatning muhim va asosiy institutlaridan biriga aylandi. Shunga ko'ra, nodavlat notijorat tashkilotlar mazmun va mohiyatini chuqur anglash, ularning demokratik fuqarolik jamiyatining muhim va asosiy institutlaridan biri ekanligi to'g'risidagi tushunchalarni o'rganishga ehtiyoj sezilmoqda. Shuningdek, demokratik jamiyat tushunchasi to'g'risidagi tasavvurlar nodavlat notijorat tashkilotlarni chuqur idrok etishga imkoniyatlar beradi.
Mamlakatda XX asr boshlarida "Kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari" kontseptual siyosiy dasturni amalga oshirish maqsadlaridan kelib chiqib, markaziy davlat organlarining ayrim vakolatlarini mahalliy davlat hokimiyati, o'zini o'zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlariga bosqichma-bosqich berib borish asosida jamiyat qurilishini erkinlashtirish jarayonlari boshlandi. Bu sohada quyidagi yo'nalishlarda islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda:
- birinchidan, jamiyat a`zolarining ongi, irodasi, madaniyati, ma`naviyati va bilimi yuksak darajada bo'lishiga erishish, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatiga alohida e`tibor berish;
- ikkinchidan, jamiyat a`zolarining manfaatlari uyg'unlashuvi jarayonlarini shakllantirish, jamiyat manfaatlarini shaxsiy manfaatlar bilan mushtarakligiga erishish;
- uchinchidan, jamiyatning takomillashuvi va yangilanishi uchun kuchli va real siyosiy, iqtisodiy, madaniy imkoniyatlarni shakllantirish;
- to'rtinchidan, jamiyat a`zolari va tuzilmalari o'rtasidagi hamkorlik asosida jamiyatning umumiy manfaatlarini uyg'unlashtirish;
- beshinchidan, jamiyatdagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy qoidalar ta`sirini kuchaytirish, ularga ongli ravishda bo'ysunish amaliyotini vujudga keltirish;
- oltinchidan, siyosiy hokimiyatning o'z vazifalarini to'liq bajarishiga kengroq va qulayroq imkoniyatlar yaratish, siyosiy hokimiyatga nisbatan jamiyat a`zolari ishonchini kuchaytirish, uning aholi tomonidan keng va faol qo'llab-quvatlanishiga erishish kabi yo'nalishlarni o'z ichiga oladi.
Strategik ahamiyatga molik masalalar, muhim iqtisodiy va xo'jalik masalalari, pul va valyuta muomalasi bo'yicha qarorlar qabul qilish, xo'jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining huquqiy shart-sharoitlarini yaratish, ekologiya masalalari, umumrespublika transport va muhandislik kommunikatsiyalarini rivojlantirish, yangi tarmoqlarni vujudga keltiradigan ishlab chiqarishni barpo etish masalalari davlat miqyosida hal etilishi, davlatning boshqa barcha vazifalarni bajarishga doir vakolatlari esa mahalliy davlat hokimiyati, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlariga berib borish jarayonlari boshlandi. Shuningdek, davlat organlari faoliyatini nazorat qilish vakolatlari ham asosan, o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat va jamoat tashkilotlariga berish belgilandi.
1999-yil 14-apreldagi Oliy Majlisning 14-sessiyasida jamiyat hayotida nodavlat tizimlarning mavqei o'sib borayotganligini alohida ta`kidlab ko'rsatadi. So'ngi yillarda jamoat birlashmalari va nodavlat tashkilotlari soni ko'payib, bugun ular faqat aholi fikrining turli ko'rinishlarini ifoda etib qolmasdan, odamlarning ijtimoiy fikrini shakllantirishga ham faol ta`sir ko'rsatmoqda. Shu sessiyada "Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida"gi qonun qabul qilindi. Bu tashkilotlar xayriya va muruvvat muassasiga aylanib qolmasligini aytgan edi. Ularning bosh vazifasi, eng avvalo, demokratik qadriyatlarni, kishilarning qonuniy - haq huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir. Nodavlat va jamoat birlashmalarini rivojlantirishdan maqsad jamiyat a`zolarining manfaatlari muvozanatini ta`minlash va himoya qilish. Siyosiy va ijtimoiy sohada esa davlat tizmlariga muqobil kuch sifatida ular adolat tarozisini hayotda hukmron qilishga hissa qo'shishlari lozim.
Respublikada 5 siyosiy partiya, shuningdek, kasaba uyushmalari va xotin-qizlar tashkilotlari, respublika va xalqaro nohukumat tashkilotlari, jamg'armalar va fuqarolarning boshqa birlashmalarini o'zida mujassamlashtirgan 10000ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud.
O`zbekiston Respublikasida jamoat tashkilotlari hamda fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda "siyosiy partiyalar, birlashmalar, kasaba uyushmalari, yoshlar tashkilotlari, turli xil xayriya va ijodiy jamg`armalar hamda uyushmalarda" ishtirokini yanada kuchaytirish, ularning davlat oldidagi mavqeyini mustahkamlash vazifasi qo`yilmoqda.
O'zbekistondagi barcha nodavlat va jamoat tashkilot va birlashmalarini 8 guruhga bo'lish mumkin:
1) Aholi muayyan yirik toifalarining ijtimoiy manfaatlarini ko'zlab ishlashga ixtisoslashgan hukumatga qarashli bo'lmagan umumiy milliy tashkilotlar ("Mahalla" jamg'armasi, O'zR xotin qizlar qo'mitasi, Nogironlar uyushmasi, Nuroniy jamg'armasi).
2) Iqtisoslashgan milliy va halqaro jamg'armalar ("Ekosan", "Sog'lom avlod uchun", "Umid" jamg'armasi, "Oltin me`ros" jamg'armasi va h. k.).
3) Hukmatga qarashli bo'lmagan huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar (Inson huquqlarini himoya qiluvchi qo'mita, Huquqiy himoya ko'rsatish jamiyati va h.k.).
4) Ijodkor ziyolilarning milliy jamoat tashkilotlari (yozuvchilar, rassomlar, advokatlar, va h.k.).
5) Milliy madaniyat markazlari (qozoq milliy madaniyati va h.k.).
6) Umummilliy xayriya jamiyatlari, jamg'armalari (Bolalar jamg'armasi, Respublika talabalar jamg'armasi, yoshlarni qo'llash fondi va h.k.).
7) Ijtimoiy ahamiyatga va ijodiy izlanishlar bilan bog'liq mahaliy birlashmalar (Sayyoxlik va badiiy havoskorlik klublari, Nogiron bolalar ota-onalar birlashmalari).
8) Jamoat muassasalari (Xalqaro qizil yarim oy tashkiloti, "El" xalqaro uyushmasi va hokazo).
Umuman, mamlakatimizda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning tashabbusi bilan tuzilgan bu ko'ngilli o'zini-o'zi boshqaruvchi tashkilotlar xilma-xilligi bilan farqlanadi. Bular orasida mamlakatimizdagi jamoat tashkilotlari alohida ahamiyatga ega. "O'zbekiston kasaba uyushmalari", Xotin qizlar qo'mitasi, "Nuroniy" jamg'armasi katta ishlarni olib bormoqda.
Nohukumat xotin-qizlar tashkilotlari fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda xotin-qizlarning o'rnini mustahkamlash, ularning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi faolligini oshirishda nohukumat tashkilotlar katta ro’l o'ynamoqda. "Mehr" xotin-qizlar nodavlat notijorat tashkilotlari birlashmasi 2001-yilda tashkil topgan bo'lib, asosiy maqsadi birlashma a`zolari va respublikamiz xotin-qizlar tashkilotlari hamda ayollar muammolari bilan shug'ullanuvchi nodavlat tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirishda yordam berish, umumiy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish, jamiyat hayotida ayollar nodavlat tashkilotlarining ishtirokiga ko'maklashishdir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 25-maydagi "O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasi faoliyatini qo'llab-quvvatlash barasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasinining mazkur farmon ijrosini ta`minlash chora-tadbirlari to'g'risidagi qarori qabul qilindi. Bunda O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasining, respublika xotin-qizlar jamoat tashkilotlarini ayollar huquqlarini himoya qilish, ularnina mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy hayotida to'laqonli ishtirok etishini ta`minlash, xotin-qizlar hamda yoshlarning ma`naviy va intellektual saviyasini yuksaltirish borasida olib borayotgan ishlarning samaradorligini oshirish ko'zda tutildi.
Mustaqillikning dastlabki davrlarida O'zbekiston "Mahalla" xayriya jamg'armasi tashkil topdi. O'tgan davr ichida "Sog'lom avlod uchun" xalqaro nohukumat xayriya jamg'armasi, "Ekosan" xalqaro ekologiya va salomatlik jamg'armasi, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi, Xalqaro Amir Temur jamg'armasi, Xalqaro Imom Buxoriy jamg'armasi, "Oltin meros" jamg'armasi, respublika "Ma`naviyat va ma`rifat" jamoatchilik markazi, O'zbekiston faxriylarini qo'llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg'armasi, O'zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo'llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg'armasi (hozirda O'zbekiston jurnalistika ijodiy uyushmasi), jamoatchilik fikrini o'rganish "Ijtimoiy fikr" markazi, tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar Palatasi, Milliy matbuot markazi, Baynalmilal madaniy markaz, Respublika "Ustoz" jamg'armasi (hozirda "Iste`dod") kabi nodavlat tashkilotlari tuzildi. O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasi demokratik printsiplar asosida butunlay qaytadan tashkil etildi. Shu bilan birga, "O'zbekiston tadbirkor ayollar uyushmasi", "Ayol va salomatlik", ayollarning "Mehri" tashkiloti, "Ayollar resurs markazi", "Ayol va jamiyat" instituti kabi xotin-qizlar muammolarini yechish va ular manfaatlarini ifodalaydigan nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.
O'zbekistonda BMT Rivojlanish Dasturlari asosida o'nlab xorijiy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. "Britaniya Kengashi", Konrad Adenauer jamg'armasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha vakolatxonasi, Fridrix Ýbert jamg'armasi vakolatxonasi, Ta`lim va tillar o'rganishda hamkorlik qilish bo'yicha Amerika Kengashi (AKSELS), YuNESKO vakolatxonasi, Geramaniyaning "Gyote instituti", Fransiyaning "Al'yans Franse" kabi yana o'nlab xorijiy mamlakatlar nodavlat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallari O'zbekstonning turli sohalarida keng faoliyat yuritmoqda.
Demokratik jamiyat qurishga doir islohotlarni chuqurlashtirishning yana bir yo'nalishi, bu siyosiy partiyalarning mustaqil tashkilot sifatidagi maqomini yuqori ko'tarishdir. 2016-yil dekabrda bo'lgan saylovlarda siyosiy partiyalarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko'rsatishning to'la huquqlari berilishi, xalq deputatlari kengashlari - vakillik organlaridan esa bu kabi huquqning olib qo'yilishi partiyalarning jamiyatda tutgan o'rnini yanada yuksak ko'tarishga qaratilgandir.
O'zbekistonda mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyatining muhim instituti bo'lgan siyosiy partiyalarninã demokratik tamoyillar asosida faoliyat ko'rsatishi uchun zarur bo'lgan barcha huquqiy asoslar Konstitutsiya va qonunlarda o'z ifodasini topdi. Jumladan, "Siyosiy partiyalar to'g'risida"gi qonunda siyosiy partiyalarni tuzish, ularning faoliyat ko'rsatish printsiplari, partiyaga a`zolik, siyosiy partiya faoliyatining kafolatlari, ustavi, ro'yxatga olish, partiyalarning mulkiy munosabatlariga doir barcha huquqiy maqomlarning mujassamlashgani O'zbekistonda ko'p partiyaviylik tizimini qaror toptirishning kafolatlaridan biriga aylandi. Mazkur qonunlarga binoan siyosiy partiyalar fuqarolarning huquq irodalari shaklanishini ta`minlash uchun erkinlik huquqiga ega bo'ldilar, partiyalarning o'zaro huquqiy tengligi, Shuningdek, ularning jamiyat oldidagi mas`uliyati qonunlashtirildi.
Jamiyatda ko'ppartiyaviylik tizimi fuqorolarga turli partiyalardan nomzodlarni tanlab olish va jamiyatni davlatlashtirishda u yoki bu dasturga afzallik berishga imkon yaratadi. Ko'p partiyaviylik tizimi rivojlangan mamlakatlarda mavjud bo'lib, O'zbekiston ham o'z mustaqilligiga erishgach ko'ppartiyaviylik yo'lini tanladi. Dunyoda bundan boshqa bir va ikki partiyalik tizimi ham mavjud bo'lib kelgan. Ko'ppartiyaviylikning qaror topishi, jamiyatni demokratlashtirib borishning muhim belgisi hisoblanadi hamda ko'ppartiyaviylik turlicha yondashuviga, muqobillikka sog'lom raqobatga va samarali tanqidga olib boruvchi asosiy omildir.
"Siyosiy partiya O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokmiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismini siyosiy irdasini ro'yobga chiqarishga intiluvchi hamda o'z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko'ngilli birlashmadir" ("Siyosiy partiyalar to'g'risida"gi Qonunning 1-moddasi).
Demak, siyosiy partiyalarning mavjud bo'lishi va real munosabatlarni aks ettirgan holda faoliyat ko'rsatishi - demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish asosidir. Real ijtimoiy munosabatlar sharoitida siyosiy partiyalar haqiqiy demokratiya hamda fuqarolik jamiyati uchun bevosita va bilvosita omil bo'lib xizmat qiladi. Partiyalarning demokratiyani shakllantirishdagi bevosita ta'siri ularning jamoat tashkiloti ekanligidan kelib chiqadi, ya'ni siyosiy partiya xalq hokimiyatchiligini amalga oshirish maqsadida aholining ijtimoiy fikrini ifodalovchi yirik xalq tashkiloti sifatida namoyon bo'ladi. Turli xil partiyalarning mavjud bo'lishi natijasida esa jamiyatda siyosiy fikr, qarashlarning xilma-xilligi (plyuralizm) vujudga keladi. "Plyuralizm, ya'ni fikrlar xilma-xilligi va qarashlarning rangbarangligi ma'rifiy jamiyatga xos bo'lib, muayyan haqiqatni turlicha izohlash, tushunish va talqin etish tamoyiliga asoslanadi".
Konstitutsiyamizning 12-moddasida belgilanganidek, mamlakatda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Bu esa o'z-o'zidan jamiyatda siyosiy plyuralizmninng vujudga kelishini kafolatlaydi. Konstitutsiyamizning 60-moddasidagi "Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o'zlarining demokratik yo'l bilan saylab qo'yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tashkil etishda ishtirok etadilar".
Hozirgi kunda respublikamizda Xalq Demokratik partiyasi, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi, "Milliy tiklanish" demkratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyalari faoliyat yuritib kelmoqdalar. Barcha siyosiy partiyalar o'z faoliyatlarini Konstitutsiya va Qonun asosida amalga oshiradilar.
O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi. O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) mustaqillik yillarida O'zbekiston Respublikasida shakllangan dastlabki partiyalardan hisoblanadi. Partiya 1991-yil 1-noyabrda Toshkentda bo'lib o'tgan ta'sis Qurultoyida tuzilgan. XDPning bosh maqsadi har bir oila va mehnat kishisining ularning millati, dini, e'tiqodi, ijtimoiy ahvoli va kelib chiqishidan qat'iy nazar, moddiy va farovon hayot kechirishi uchun teng imkoniyatlar yaratish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularning sha'ni va qadr-qimmatini, tinch hayot kechirishini himoya qilishni ta'minlashdan iboratdir.
Partiya o'zining asosiy ijtimoiy tayanchi ishchilar, qishloq mehnatkashlari, muhandis, texnik va ijodiy hodimlar, o'qituvchi va shifokorlar, xizmatchilar, o'quvchi yoshlar va pensionerlarning manfatlaridan kelib chiqib, O'zbekistonda huquqiy demokratik davlat, insonparvar, adolatli jamiyat qurishni izchil tarafdori sifatida harakat qiladi. Xalq Demokratik Partiyasining oliy rahbar organi bu Qurultoydir. Navbatdagi Qurultoylar partiya Markaziy Kengashi tomonidan 5 yilda kamida bir marta chaqiriladi. Qoida tariqasida Qurultoy Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va O'zbeksiton Respublikasi Prezidentligiga o'tkaziladigan saylovlarda Prezidentlikka va Deputatlikka nomzodlar ko'rsatish davrida chaqiriladi.
"O'zbekiston ovozi", “ГолосУзбекистана” gazetalari XDPning rasmiy nashri bo'lsa, www.uzbekistonovozi.uz hamda www.xdp.uz esa uning internetdagi rasmiy sayti hisoblanadi.
O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi. Mazkur partiya mustaqillikning dastlabki yillarida tashkil topgan partiyalardan biridir. U 1995-yil 18-fevralda Toshkentda bo’lib o’tgan birinchi ta’sis Qurultoyida tuzilgan. Ushbu Qurultoyda uning dasturi va Ustavi qabul qilingan. O’zbekiston Adliya vazirligi tomonidan 1995-yil 18-fevralida ro’yxatdan o’tgan.
Partiyaning maqsadi inson manfaatlari eng oliy qadriyat ekanligi va O’zbekiston Respublikasida barcah millat va elatlarning umumiy manfaatiga mos keladigan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yetuk demokratik tamoyillarga asoslangan adolatli fuqarolik jamiyatinini qurishda faol ishtirok etishdir. Ijtimoiy adolat, erkinlik, birdamlik g’oyalarini ilgari suradi. O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining g’oyaviy negizini sotsial demokratiyaning 3 asosiy tamoyili tashkil etadi. Bular siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy adolat tamoyillaridir.
O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o’rtahol va ehtiyojmand aholi tabaqasiga tayanadi, ularning siyosiy va ijtimoiy irodalarini namoyon etishga intiladi. Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy muhofaza etishga ko’maklashadi, ijtimoiy adolat tamoyillariga qat’iy amal qilib, ularning manfaatlarini, haq-huquqlarini himoya qiladi. Oliy organi bu Qurultoydir. Markaziy Kengash – Qurultoylar oralig’i davrida O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining markaziy rahbar organi hisoblanadi, partiya manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan ish ko’radi.Partiyaning 1995-yil 22-fevraldan boshlab nashr etilayotgan “Adolat” nomli ijtimoiy-siyosiy haftalik gazetasi va internetda www.adolat.uz rasmiy web sahifasi mavjud.
O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi. Mustaqillik yillarida tashkil topgan yosh partiyalardan yana biri bu O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidir. U 1995-yil 3-iyunda Toshkentda bo’lib o’tgan ta’sis Qurultoyida tuzilgan. Ushbu qurultoyda uning dasturi va ustavi qabul qilingan. Partiyaning asosiy maqsadi milliy yakdillikni ta’minlash va huquqiy davlat barpo etishdir. Partiyaning yana quyidagi maqsadlari mavjud:
- milliy an’analarimiz va xususiyatlarimizni inobatga olib fuqarolik jamiyati barpo etish;
- fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish;
- iqtisodiy sohada jahon bozoriga integratsiyalashuvni kuchaytirish uchun fermerlar, ishbilarmonlar, tadbirkorlarga erkin iqtisodiy makon yaratish, barqaror pul va valyuta tizimini yaratish;
- ma’naviy sohada o’zbek xalqining ma’naviy, madaniy, badiiy, ahloqiy merosini qaytadan tiklash;
- ta’lim sohasida keng islohotlarni amalga oshirish.
O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining rahbar organlari MTDP Markaziy Kengashi, MTDPning Markaziy Kengash Rayosati, MTDPning Nazorat-taftish komissiyasi hisoblanadi. O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 1995-yil 10-iyundan boshlab chop etilayotgan “Milliy tiklanish” haftalik gazetasi faoliyat ko’rsatadi. www.milliytiklanish.uz web manzili partiyaning rasmiy sayti.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi. O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O’zLiDeP) mamlakatimiz siyosiy sahnasiga kirib kelgan yangi siyosiy kuch hisoblanadi. 2003-yil 15-noyabrda bo’lib o’tgan ta’sis Qurultoyida uning Nizomi va dasturi tasdiqlangan. 2003-yil 3-dekabrda Adliya Vazirligidan ro’yxatdan o’tgan. O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi umummilliy siyosiy tashkilot sifatida mulkdor qatlami, kichik va o’rta biznes vakillari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermer va dehqon xo’jaliklari vakillari, ijodkorlar, ilm ahli va ishlab chiqarishning yuqori malakali mutaxassislari va boshqaruv hodimlari manfaatlarini ifodalaydi hamda himoya qiladi. O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining asosiy maqsadlari quyidagilardan iboratdir:
- siyosiy kuch sifatida birlashgan holda tadbirkorlar va ishbilarmonlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyat yaratish, ularning istiqbolini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslab berish, jamiyatning mazkur qatlami manfaatlarini himoya qilish va ertangi kunini ta’minlash;
- mamlakatning milliy manfaatlari taraqqiyotining strategik istiqbollariga javob beradigan dasturini Konstitutsiya tamoyillariga suyanib boshqa siyosiy partiya va harakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqish va amalga oshirish uchun partiyaning kuch imkoniyatlarini safarbar etish;
- davlatni boshqarish, jamiyatda shakllanayotgan qarashlarga ta’sir o’tkazish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
- Partiyaning siyosiy platformasi – Liberal-demokratik g’oya va qadryatlarni keng omma ongiga singdirish, bu borada har tomonlama chuqur o’ylangan tashviqot va targ’ibot ishlarini olib borish, o’z safini kengaytirish. Shu g’oyalarni hayotga tadbiq qilishda fidoiylik ko’rsatgan faollarni deputatlikka nomzod qilib ko’rsatish va saylovchilar ishonchini qozongan o’z deputatlari zimmasiga davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlarida vakillik vazifasini yuklash hamda ularning faoliyatini boshqarish.
Tadbirlorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o’zining davriy nashri – “XXI asr” gazetasiga ega. Internetdan www.uzlidep.uz manzili orqali partiyaning rasmiy saytiga kirish mumkin.
2019-yil 24-yanvarda Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Yangi partiyaning asosiy maqsadi barqaror rivojlanishga, ekologik xavfsizlikka erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni saqlash va qulay atrof muhitni yaratishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta'minlash, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakat har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashishga qaratilgan. Aytish joizki, dunyoda ekologiya yo‘nalishidagi qariyb 100 ta siyosiy partiya faoliyat yuritadi. Odatda “yashillar” nomi bilan yuritiluvchi bu partiyalar, parlament orqali ekologiya sohasidagi davlat siyosati g‘oyalarini ilgari suradi.Mazkur partiyalarning yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri global ekologik muammolarning dolzarblashuvi va sonining oshishidir.
Jamiyatimizning turli sohalarida islohotlar natijasida erishilgan marralar va yutuqlarni e’tirof etgan holda, jamiyatni yanada demokratlashtirish, boshqaruvni takomillashtirish masalalarida ba’zi muhim masalalarning ahvoli va rivojlanish sur’atlarini mamlakatimiz oldida turgan ulug’vor vazifalardan kelib chiqadigan talablar darajasiga ko’tarish masalasi dolzarb bo’lmoqda. Bu, avvalo, jamiyat rivojida va uni boshqarishda siyosiy partiyalarning rolini jiddiy ko’tarish masalasidir. Bu yo’nalishda qo’yilgan yana bir muhim qadam O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan parlamentimiz tomonidan qabul qilingan “Davlat boshqaruvini yangilash va demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonunidir. Bu qonunni qabul qilishdan asosiy maqsad siyosiy partiyalar fraksiyalarining davlat va jamiyat qurilishi tizimidagi roli va ahamiyatini kuchaytirish, ularning funksiyalarini bajarishda samaradorlikni oshirish, jamiyat siyosiy hayotida fraksiyalar faoliyatini ta’minlash, aholi manfaatlarini bevosita fraksiyalar orqali qonunchilik darajasiga ko’tarish va hal qilish, partiya yo’nalishi va dasturini parlament va mahalliy kengashlarda mustahkamlash va barqarorlashtirish imkoniyatini shakllantirishdan iborat.
Tayanch so’z va iboralar: madaniy faoliyat, nodavlat notijorat tashkiloti, Amerika qonunchiligida esa notijorat tashkiloti, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakati, siyosiy partiya.
Do'stlaringiz bilan baham: |