Soliq organlarining mansabdor shaxslari quyidagi majburiyatlarga ega: Soliq tekshiruvi boshlanguniga qadar (nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirishda — tekshiruv jarayonida) soliq to‘lovchini yoki uning vakilini sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish va buyruq nusxasini uni olganligini tasdiqlovchi imzo qo‘ydirgan holda taqdim etish;
soliq to‘lovchini yoki uning vakilini tekshiruv maqsadi bilan tanishtirish, unga o‘z xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasini ko‘rsatish;
tadbirkorlik subyektida “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi” mavjud bo‘lgan hollarda, uning elektron yoki qog‘oz shaklini to‘ldirish;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish vaqtida soliq to‘lovchilarga ularning huquq va majburiyatlarini, shu jumladan, tekshiruv ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi yoki tadbirkorlik subyektlarining boshqa tegishli birlashmalarini jalb qilishga haqli ekanligini tushuntirish;
o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bilan soliq to‘lovchini tanishtirish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritilishini ta’minlash;
o‘z vakolatlari va tekshiruv buyrug‘ida belgilangan tekshiruv maqsadlari doirasidan chiqmaslik.
Soliq organlarining zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Soliq to‘lovchilar quyidagi huquqlarga ega: sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq nusxasini olish, xodimlarning xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasi bilan tanishish;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish jarayonida vakil orqali yoki shaxsan ishtirok etish;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxsdan “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron yoki qog‘oz shaklini to‘ldirishni talab qilish, to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda esa — o‘zining hududi va binolariga kirishga yo‘l qo‘ymaslik;
sayyor soliq tekshiruvi jarayonini foto va videotasvirga olish;
sayyor soliq tekshiruvi materiallari bilan tanishish va nusxa olish;
sayyor soliq tekshiruvini amalga oshirayotgan soliq organlari mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qilish;
sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etish;
o‘z manfaatlarini shaxsan, soliq maslahatchilari tashkiloti yoki boshqa vakillari orqali himoya qilish.
Soliq to‘lovchilar Soliq kodeksi va soliq to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan o‘zga huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.