O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bozor munosabatlari talablariga mos bo‘lgan sug‘urta tizimini barpo etishni taqozo etdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatda yagona — davlat sug‘urta organlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi paytda raqobat muhitida sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatuvchi 25 ta turli mulk shaklidagi sug‘urta tashkiloti va 300 dan ortiq ularning filiallari mavjud. Mavjud sug‘urta tashkilotlarining 5 dan ziyodi xorijiy kapital ishtirokidadir. Hozirgi paytda, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, sug‘urta tashkilotlari va ularning filiallarida 3000 dan ortiq mutaxassislar ishlaydi. Bugungi kunda aholiga munosib turmush tarzini yaratish, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, mamlakat iqtisodiyotining jahon xo‘jalik tizimiga integratsiyalashuvini jadallashtirish — hukumat olib borayotgan siyosatning markaziy o‘rinlaridan birini egallaydi. Milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga erishishda sug‘urta tizimi muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan tabiiy va boshqa hodisalarning ro‘y berishi oqibatida ko‘rilgan zararlarning sug‘urta yo‘li bilan qoplanishi korxona va tashkilotlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi, ikkinchidan, sug‘urta tashkilotlarida zaxira shaklida yirik miqdorda bo‘sh pul mablag‘larining mavjud bo‘lishi investitsion resurslarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Yildan yilga respublikamizda sug‘urta tashkilotlari tomonidan yig‘ib olinadigan sug‘urta mukofotlari miqdori o‘sib bormoqda. Buni quyidagi raqamlardan ham bilib olish mumkin: 2000-y. — 8349,4 mln so‘m; 2001-y. — 16236,8 mln so‘m; 2002-y. — 21606,3 mln so‘m; 2003-y.— 27064,5 mln so‘m; 2004-y. — 32875,4 mln so‘m. Iqtisodiyotning rivojlanishida sug‘urta sohasi strategik ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun ushbu tarmoqni rivojlantirishga mamlakat rahbariyati va hukumati tomonidan katta e’tibor berilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sug‘urta bozorini yanada erkinlashtirish va rivojlantirish choratadbirlari to‘g‘risida» 2002-yil 31-yanvarda qabul qilgan Farmoniga muvofiq, 2002-yilning 1 fevralidan boshlab, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta tashkilotlari 3 yil muddatga daromad (foyda) solig‘i to‘lashdan ozod etildi. Soliq to‘lashdan bo‘shagan mablag‘larning katta qismi respublika mintaqalarida sug‘urta tashkilotlarining bo‘linma va agentlik tarmoqlarini rivojlantirishga sarflandi. Bunday sharoitda sug‘urta sohasining yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji yanada oshadi. Shuni e’tiborga olgan holda mamlakatimizda sug‘urta tizimi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent Moliya institutida «Sug‘urta ishi» bakalavriat yo‘nalishi va mazkur yo‘nalish bazasida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablaridan kelib chiqqan holda va sug‘urta sohasi uchun kadrlar tayyorlash uzluksiz tizimini yaratish maqsadida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bo‘g‘ini darajasida sug‘urta bo‘yicha kadrlar tayyorlash boshlandi. Jumladan, Toshkent Bank kollejida «Sug‘urta ishi» bo‘yicha o‘rta maxsus ta’lim berish tashkil etildi. Bunday kollejlarning safi yanada kengayadi, degan umiddamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |