4-bob. Davyergeodezkadastr faoliyatini tashkil etish
16. Davyergeodezkadastrga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davyergeodezkadastr raisining O‘zbekiston Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari bo‘ladi.
Davyergeodezkadastr raisi maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport ta’minoti shart-sharoitlari hamda moddiy va ijtimoiy ta’minoti bo‘yicha vazirga, raisning birinchi o‘rinbosari vazirning birinchi o‘rinbosariga, rais o‘rinbosarlari esa vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Davyergeodezkadastr raisi ayni bir vaqtda yerlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishini nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining bosh davlat inspektori hisoblanadi.
17. Davyergeodezkadastr raisi:
Davyergeodezkadastr faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Davyergeodezkadastr nomidan vakillik qiladi yoxud qo‘mita nomidan ishonchnoma va (yoki) vakolatlar beradi;
belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida Davyergeodezkadastrning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarning shtat jadvalini, shuningdek Davyergeodezkadastrning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va tizimiga kiruvchi tashkilotlar xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Davyergeodezkadastrga ajratilgan moliyaviy va moddiy mablag‘larni belgilangan tartibda tasarruf etadi;
belgilangan tartibda markaziy apparat va hududiy boshqarmalar tuzilmasi va nizomlarini, shuningdek tizimga kiruvchi tashkilotlar ustavlarini va tuzilmasini tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda Davyergeodezkadastr markaziy apparati xodimlarini, hududiy boshqarmalar, tizimga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Davyergeodezkadastr vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, rais o‘rinbosarlarining, qo‘mitaning, uning hududiy boshqarmalari va tizimga kiruvchi tashkilotlarining boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
zarur bo‘lganda markaziy apparatning, hududiy boshqarmalar va tizimga kiruvchi tashkilotlarning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy shtatlar soniga muvofiq o‘zgartirishlar kiritadi;
Davyergeodezkadastr, hududiy boshqarmalar va tizimga kiruvchi tashkilotlar xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
Davyergeodezkadastr tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etadi, shuningdek soha tarmoqlarini rivojlantirishda alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarga Davyergeodezkadastrning ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlari hamda boshqa rag‘batlantirishlar bilan taqdirlaydi;
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘ladi.
18. Davyergeodezkadastr raisining o‘rinbosarlari:
Davyergeodezkadastr nazoratidagi bo‘linmalarga bevosita rahbarlik qiladilar va qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
Davyergeodezkadastr raisi tomonidan o‘zlariga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Quyidagilarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlarini — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda Davyergeodezkadastr raisi tomonidan;
Tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari boshliqlarini — Davyergeodezkadastr bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari tomonidan;
Davyergeodezkadastr tizimiga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlarini — qo‘mita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Hududiy boshqarmalar Davyergeodezkadastrga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot beradi.
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari ayni bir vaqtda tegishli hududlarda yerlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspektorlari hisoblanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Davyergeodezkadastrda, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradigan, qo‘mita raisi (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari, shuningdek qo‘mita markaziy apparati bo‘linmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i, hududiy boshqarmalari, tizimga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’at a’zolarining soni va shaxsiy tarkibi Davyergeodezkadastr raisining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
22. Hay’at tomonidan quyidagilar bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqiladi:
Davyergeodezkadastrning mazkur Nizomda nazarda tutilgan faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
kadrlarni Davyergeodezkadastr nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga tanlash, joy-joyiga qo‘yish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Davyergeodezkadastrning hududiy boshqarmalari va qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarining har chorak yakunlari bo‘yicha hisobotlarini eshitish;
Davyergeodezkadastr rahbarlari va xodimlarining qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ta’minlanishi uchun shaxsiy mas’uliyatini oshirish.
Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini Davyergeodezkadastr hududiy boshqarmalari va qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
Hay’at Davyergeodezkadastr vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishi mumkin.
23. Hay’at majlislariga boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Davyergeodezkadastr vakolatlariga kiruvchi masalalarga aloqador boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif qilinishi mumkin.
Majlisda Hay’at tarkibining yarmidan ko‘pi hozir bo‘lganda Hay’at majlisi vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
24. Hay’at tomonidan qabul qilingan qarorlar Davyergeodezkadastr qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Davyergeodezkadastr raisi va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda rais mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, bunda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga xabar qilinadi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikrlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga ma’lum qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi hay’at tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
Hay’at majlislari, qoida tariqasida har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
25. Davyergeodezkadastr huzurida ilmiy-texnik Kengash tuziladi. Ilmiy-texnik Kengash to‘g‘risida nizom va uning shaxsiy tarkibi qo‘mita Hay’ati tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |