Sis — baholash obyektining yakuniy qiymati;
Sd, Ss, Sz — tegishincha daromad, qiyosiy va xarajat yondashuvlari bilan aniqlangan qiymatlar;
K1, K2, K3 — har bir baholash yondashuvi uchun tanlangan tegishli salmoqlarni belgilovchi koeffitsiyentlar.
Bunda quyidagi shart bajarilishi lozim:
K1 + K2 + K3 = 1
7-bob. Baholash to‘g‘risida hisobot tuzish
87. To‘plangan axborot natijasining tasdig‘ini va tegishli hisob-kitoblarni o‘z ichiga olgan baholash to‘g‘risidagi hisobotda baholovchining baholash obyekti qiymatiga doir xulosasi taqdim etiladi.
88. Baholash to‘g‘risida hisobotni tuzishda quyidagi qoidalarga amal qilish lozim:
baholash to‘g‘risidagi hisobot baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun muhim bo‘lgan barcha axborotni o‘z ichiga olgan bo‘lishi zarur;
baholashni o‘tkazishda foydalanilgan yoki hisob-kitoblar natijasida olingan, baholash to‘g‘risidagi hisobotda keltirilgan axborot tasdiqlangan bo‘lishi zarur;
baholash to‘g‘risidagi hisobotning mazmuni mazkur hisobotdan foydalanuvchilarni chalg‘itmasligi, shuningdek turlicha talqin qilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak;
baholash to‘g‘risidagi hisobotda keltirilgan materiallar tarkibi va ketma-ketligi hamda baholash jarayoni tavsifi qiymat hisoblanishini va xuddi shunday natijalarni olish imkoniyatini berishi lozim;
baholash jarayonida foydalanilmagan axborot, agar bunday axborotni ilova qilish baholash faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining talablariga binoan majburiy bo‘lmasa, baholash to‘g‘risidagi hisobotda keltirilmasligi lozim.
89. Baholash obyektini baholash to‘g‘risidagi hisobot quyidagi bo‘limlar va ularning qismlaridan iborat bo‘lishi lozim:
a) I bo‘lim “Titul varag‘i” — baholash to‘g‘risidagi hisobotning birinchi sahifasi hisoblanadi va hujjatni qidirish uchun zarur bo‘lgan birlamchi axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Titul varag‘ida quyidagi ma’lumotlar keltiriladi:
baholash to‘g‘risidagi hisobotning ro‘yxat raqami;
ishning nomi;
baholash obyektining nomi;
baholashdan maqsad va mo‘ljal;
buyurtmachining nomi;
baholovchi tashkilotning nomi;
baholash sanasi;
baholash to‘g‘risidagi hisobot tuzilgan sana.
Baholash to‘g‘risidagi hisobot ikki va undan ortiq kitobdan iborat bo‘lsa, har bir kitob birinchi kitobning titul varag‘iga muvofiq bo‘lgan va mazkur kitobga daxldor ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan o‘z titul varag‘iga ega bo‘lishi lozim. Kitob raqami titul varag‘iga qo‘yiladi;
b) II bo‘lim “Mundarija” — tegishli sahifalarning raqamlari ko‘rsatilgan barcha bo‘limlar, kichik bo‘limlar, bandlar (agar ular nomlangan bo‘lsa), ilovalar nomini o‘z ichiga oladi.
Ikki va undan ortiq kitobdan iborat bo‘lgan baholash to‘g‘risidagi hisobot tuzilganda ularning har birida o‘z mundarijasi bo‘lishi lozim. Bunda birinchi kitobda butun baholash to‘g‘risidagi hisobotning kitoblar raqamlari ko‘rsatilgan mundarijasi, keyingi kitoblarda — faqat tegishli kitob mundarijasi joylashtiriladi. Birinchi kitobda keyingi kitoblar mundarijasi o‘rniga faqat ularning nomini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yiladi;
v) III bo‘lim “Ilova xat (umumlashtiruvchi qism)” buyurtmachiga baholashni o‘tkazish natijalari haqidagi erkin shaklda (ish uslubida) bayon etilgan xabarni o‘z ichiga oladi. Xatda quyidagilar ko‘rsatiladi:
baholashni o‘tkazish uchun asos;
baholash obyektining nomi va ro‘yxatga olingan manzili;
bajarilgan ishlar mazmunining qisqacha bayoni;
qiymat aniqlangan sanadagi baholash obyektining qiymati haqida xulosa;
baholash to‘g‘risidagi hisobot qaysi qonun hujjatlariga muvofiq tayyorlangan bo‘lsa, shu hujjatlarga havola;
ilova xat baholash to‘g‘risidagi hisobot asosida tayyorlangani va faqat hisobotning to‘liq matniga bog‘liq ravishda, ya’ni hisobotda qabul qilingan barcha farazlar va cheklashlarni hisobga olgan holda talqin qilinishi mumkinligiga ko‘rsatma.
Ilova xat baholovchi tashkilotning firma blankasida rasmiylashtiriladi, uning rahbari tomonidan imzolanadi va muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi;
g) IV bo‘lim “Kirish” asosiy dalillar va xulosalarning qisqacha bayonini o‘z ichiga oladi. Mazkur bo‘limga quyidagi qismlar kiritilishi lozim:
asosiy dalillar va xulosalar, bu yerda quyidagilar ko‘rsatiladi:
baholash obyekti haqida umumiy axborot;
baholash to‘g‘risida shartnoma nomi, uning raqami va tuzatilgan sanasi;
baholash to‘g‘risidagi hisobotga so‘nggi tuzatish kiritilgan va hisobot taqdim etilgan ko‘rinishda rasmiylashtirilgan kalendar sanaga muvofiq bo‘lgan baholash to‘g‘risidagi hisobot tuzilgan sana;
baholash maqsadi va qiymat turi;
baholash buyurtmachisi haqida ma’lumotlar yuridik shaxslar uchun — nomi, rekvizitlari, jismoniy shaxslar uchun — F.I.Sh., pasport ma’lumotlari;
baholovchi tashkilot haqida (to‘liq nomi, yuridik manzili, fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash haqidagi ma’lumotlar, baholash faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan litsenziya raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati) hamda baholovchi tashkilot bilan mehnat shartnomasiga asosan ishlaydigan baholovchi haqida (familiyasi, ismi, otasining ismi, baholashni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjat raqami va berilgan sanasi). Shuningdek, baholashni o‘tkazish va baholash to‘g‘risidagi hisobotni tayyorlashga jalb qilinadigan barcha tashkilotlar va mutaxassislar haqida axborot ularning malakasi va baholash obyektini baholashda ularning ishtirok etish darajasini ko‘rsatgan holda keltirilishi lozim;
baholash natijalariga ta’sir ko‘rsatgan farazlar va cheklovchi shartlar (mavjud bo‘lganda);
d) V bo‘lim “Asosiy qism” quyidagi majburiy qismlarni o‘z ichiga olishi lozim:
baholash jarayoni bosqichlari, bu yerda baholovchi o‘zi bajargan ishlar ketma-ketligini bosqichma-bosqich bayon etadi. Har bir bosqichda baholash obyektini baholash bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida umumiy ma’lumotlar keltiriladi (bajarilgan ishlarning oddiy ro‘yxatini keltirishga yo‘l qo‘yiladi). Amalga oshirilgan tahlil va hisob-kitoblarning yanada batafsil tavsifi baholash obyektining xususiyatlari, baholash topshirig‘i va mavjud axborot hajmiga muvofiq quyidagi qismlarda keltiriladi;
baholash obyektining tavsifi, bu yerda baholash obyektining miqdor va sifat ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlar keltiriladi.
Baholovchi baholash to‘g‘risidagi hisobotda baholashni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan axborotni olish jarayoni ham axborotni olishning aniq manbalarini, hujjatning nomi, raqami, sanasini va uni identifikatsiya qiluvchi boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda aks ettiriladi.
Agar buyurtmachining so‘ralayotgan axborotni taqdim etishdan bosh tortishi baholash natijalarining aniqligi va/yoki haqqoniyligiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatsa, bu holat baholash to‘g‘risidagi hisobotda qayd etiladi.
Baholash obyektining tavsifi baholash to‘g‘risidagi hisobotdan foydalanuvchida baholash obyektining qimmatliligiga ta’sir etadigan barcha jihatlardan baholash obyekti haqida xolis tasavvurni shakllantirishi lozim.
Baholash obyekti bozorining tahlili uning qiymatiga ta’sir etadigan barcha omillar tahlilini o‘z ichiga olishi lozim. Bo‘limda baholash obyekti qiymatini aniqlashda foydalanilgan narxni shakllantiruvchi barcha omillar haqida axborot keltirilishi va ularning qiymatlari asoslanishi lozim.
Baholovchi foydalanilgan barcha qonun hujjatlarini ham baholash to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirishi kerak.
Baholash jarayoni tavsifi baholash to‘g‘risidagi hisobotdan foydalanuvchiga baholash jarayoni mantig‘ini va baholovchi baholash obyekti qiymatini aniqlash yo‘lida tashlagan qadamlarning muhimligini tushunish imkoniyatini beruvchi baholash obyekti qiymatini aniqlash ketma-ketligini o‘z ichiga olishi lozim.
Har bir yondashuv doirasida baholovchi o‘zining barcha tahlillari, hisob-kitoblari, fikr-mulohazalarini keltiradi. Qabul qilingan yondashuvlar doirasida baholash usullarini qo‘llab baholashni amalga oshirishda baholovchining har bir harakati lozim darajada asoslangan bo‘lishi kerak.
Baholash to‘g‘risidagi hisobotda keltirilgan barcha axborotni tekshirish imkoniyati bo‘lishi lozim.
Baholash to‘g‘risidagi hisobotda, shuningdek, baholovchining fikriga ko‘ra u qo‘llagan baholash obyekti qiymatini hisoblash usulini to‘la aks ettirish uchun muhim hisoblangan har qanday ma’lumotlar aks ettirilishi mumkin;
e) VI bo‘lim “Xulosa” quyidagi qismlardan tarkib topishi lozim:
muqofiqlashtirish taomili tavsifini keltirgan holda turli yondashuvlarni qo‘llab olingan baholash obyektini baholash natijalarini muvofiqlashtirish;
baholash yondashuvlarining har biri yordamida olingan natijalar o‘rtasidagi jiddiy tafovut uning ehtimoliy sabablari xususidagi asoslangan sharhlar bilan bayon etilishi kerak.
Baholash to‘g‘risidagi hisobotning xulosa qismida sifat to‘g‘risida bayonot — baholovchining baholash to‘g‘risidagi hisobot qonun hujjatlari va qo‘llanilayotgan baholash standartlari talablariga muvofiqligi haqidagi rasmiy bayonoti ifoda etilishi kerak;
j) VII bo‘lim “Ilovalar” baholashni o‘tkazishda foydalanilgan bosma shakldagi barcha axborotni (shu jumladan internet-sahifalarni), shuningdek hisob-kitoblar va hisob-kitob jadvallarini o‘z ichiga olishi kerak.
Baholash to‘g‘risidagi hisobotga ilova qilingan barcha hujjatlar tegishli tarzda rasmiylashtirilgan bo‘lishi lozim (bunga vakolatli shaxs tomonidan imzolangan hamda hujjatlarni taqdim etuvchi organlar va tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan bo‘lishi kerak, bundan Internet tarmog‘i yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan olingan axborot mustasno).
Baholash to‘g‘risidagi hisobotga ilovalar baholovchi tashkilot litsenziyasi, baholovchining baholashni o‘tkazish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalarini, fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash polisining nusxasini ham o‘z ichiga olishi lozim.
Baholash to‘g‘risidagi hisobotda ilovadagi hujjatlarning to‘liq ro‘yxati keltirilishi lozim.
Baholash to‘g‘risidagi hisobot nusxasini baholovchi tashkilot hisobot tuzilgan sanadan e’tiboran qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida saqlashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (15-son MBMS) “Mashina va uskunalar qiymatini baholash”ni qo‘llash bo‘yicha Uslubiy ko‘rsatmalarga
1-ILOVA