1-BOB. AGRESSIV BOLALARNING PSIXOLOGIYADA O`RGANILISHI
1.1. PSIXOLOGIYADA –AGRESSIYA TUSHUNCHASI
Shaxslararo munosabatlarda namayon bo`luvchi xulq-atvor tiplaridan biri, bu – agressiyadir. Inson agressiyasini o`rganish serqirra mavzu bo`lib, u ushbu fonemenning asl mohiyatini ochib berishga urinayotgan olimlarning diqqatini o`ziga tortib keladi.
Oddiy kundalik hayotda agressiya – zo`rovonlik yoki raqibni yengish uchun vosita sifatida qo`llaniladi. Agressiya – kishilar o`rtasidagi turli kelishmovchilik oqibatida kelib chiqadigan har qanday xulq-atvor modellaridan biri bo`lib, u shunday atamaki, unga oid mulohazalar nafaqat psixologlarni, balki sotsiolog, huquqshunos, pedagog, faylasuf, qisqasi, ijtimoiy soha xodimlarining barchasini birdek qiziqtiradi. Agressiya tushunchasining o`ziga izoh berish qator qiyinchiliklarni tug`diradi, chunki , bu termin ko`plab xatti-harakat shakllarini o`zida qamrab olgan. Odamlar biron-bir kimsani agressiv shaxs sifatida tavsiflaganlarida, uni boshqalarni haqorat qiluvchi, badfe`l, barcha narsani o`zi istaganidek qilishni istaydigan, o`z g`oyalarini qat`iy himoya qiladigan, yechimi yo`q muammolar girdobiga o`zini girftor qiladigan inson, deb ta`riflashlari mumkin. Agressiyaga nisbatanberilgan bunday ta`rif to`g`ri yo noto`g`riligini bilish uchun bu tushunchaga oydinlik kiritish lozim.
Agressiyaga alaqador eng birinchi va balki eng mashhur nazariy tushunchaga asosan bunday fe`l-atvor o`z tabiatiga ko`ra ko`p jihatdan instinktivdir. Bu yondashuv juda keng tarqalgan bo`lib, unga ko`ra insonga genetik va konstitutsional jihatdan shunday harakatlar “programmalashtirilgan”ligi tufayli uning xulq-atvorida agressiya sodir bo`ladi.
Insonning agressiv xatti-harakatlarga moyilligini turlicha tushuntirishga qaratilgan nuqtayi nazarlar ichida eng mashhuri U.Makdaugoll, Z.Freyd, G.Marrey va boshqa olimlarning “inson va hayvonlarda agressiyaning tug`ma instinkti mavjud bo`ladi” degan qarashlaridir. Agressiv xulq-atvor haqidagi fikr mulohazalar XX asr boshlarida yuzaga keldi. Bu nazariya agressiya haqidagi dastlabki nazariya bo`lib, unda agressiyaning sababi frustratsiya nazariyasi bilan bog`liq ravishda tahlil etilgan. Unga ko`ra agressivlik frustratsiyaning oqibatidir. Bunday qarash birinchi marta D.Dollard tomonidan ilgari surilgan. Ammo ushbu nuqtayi nazar L.Berkovichning ijtimoiy bilish nazariyasida keltiriladi. Unga ko`ra, maqsadga yo`naltirilgan faoliyat davomida vujudga keladigan to`siq shaxsda agressiv xatti-harakatlarni hosil qiladi. Nihoyat, agressiv xulq-atvorning kelib chiqish sabablari haqidagi eng zamanoviy nuqtayi nazar bilishning kognitiv nazariyasi bilan bog`liq holda ifodalanadi. Bu kontseptsiyada agressiv harakatlar quyidagi jarayonlarning natijasi sifatida baholanadi:
1. Subiektning o`z agressiv xulq-atvorini ijobiy deb baholashi.
2. Frustratsiyaning mavjudligi.
3. affect yoki stress tipidagiemotsional qo`zg`alishining kuchliligi.
R.Kratchfild va N.Livson agressiyaning bir-birini inkor etmaydigan ikki xil tavsifini ishlab chiqqanlar. Birinchisi, xulq-atvorning tashqi alomatlariga asoslanadi va unga ko`ra “agressiya kimgadir ziyon yetkazuvchi xulq-atvorning har qanday ko`rinishidir”. Ikkinchisi, odamning ichki niyatlari bilan bog`liq bo`li, insonni harakatga undovchi kuchlarni o`rganish bilan anglash mumkin bo`lgan holatlar bilan mushtarakdir, ya`ni, “Agressiya boshqa bir insonga ziyon yetkazishni maqsad qilib olgan har qanday xatti-harakatdir”. Agressiyaning yuqorida zikr etilgan tavsiflariga monand tushunchalarga tayangan ko`plab psixologlar agressiyani jonli olamning yashash uchun kurash bilan bog`liq uzviy tavsifsi deb hisoblaydilar.
Jozef Bass tomonidan taklif etilgan mulohazalardan biriga asosan, agressiya – boshqalar uchun xavf tug`duruvchi va ularga ziyon yetkazuvchi har qanday fe`l-atvor ko`rinishidir.
Bir qancha taniqli tadqiqotchilar tomonidan taklif etilgan agressiyaning ikkinchi ma`nosi esa quyidagini o`z ichiga oladi: u yoki bu harakatlar agressiya sifatida kvalifikatsiyalanishi uchun ular kimnidir oxir oqibat xafa qilish yoki haqoratlashga olib kelishi shart emas, balki xafa qilish va haqoratlashni maqsad qilib qo`yish ham agressiyadir. Va nihoyat uchinchi nuqtayi nazar N.Zilman tomonidan bildirilib, unga ko`ra agressiya – boshqalarga tan jarohati va jismoniy jarohatlar yetkazish demakdir.
Agressiya tushunchasini talqin qilishdagi kelishmovchiliklarga qaramasdan, ijtimoiy fanlar sohasidagi ko`plab mutaxassislar uning ikkinchi nuqtayi nazarda bayon etilgan ma`nosini ma`qullashga ko`proq moyillik bildiradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |