Umrini ablah kechurib g‘aflat ila,
Nukta o‘rnig‘akim tortar xarros.
Bir eshakdurki, tag‘ofil yuzidin
Qilg‘ay izhor payopay arros .
Bu qit’ada odamlar xarakterida uchraydigan badlafzlik, qo‘rslik keskin qoralanmoqda. Ifodalanayotgan ma’noning ta’sir darajasini oshirish, fikrni lo‘nda va obrazli bayon etish uchun shoir hayotiy bir detalni she’rga olib kirgan. Ya’ni, g‘ofil kimsani arros eshakka qiyoslagan. Bu tashbeh yordamida fikr yanada teranlashgan. Masalan, she’rni o‘qigan kishida so‘zlar sharqona nazm jilosidan (qasida, g‘azal va boshqa janrlardagiga o‘xshab) mahrumdek taassurot tug‘dirishi mumkin. Go‘yo unda tashbih she’rga soya solgandek, go‘yo shoir go‘zallik tuyg‘usiga to‘la rioya etmagandek. Aslida, bu aldamchi bir taassurotdir. Chunki shoir uchun eng muhimi fikr butunligi va aniqligidir.
Xullas, qit’a g‘azal, ruboiy kabi mustaqil bir lirik janr hisoblanadi. Uning o‘ziga xos poetik tabiati bor. Qit’a o‘zining kompozitsion ko‘rinishlari, obrazlar tizimi, til xususiyati va ifoda usullariga ega janr. U g‘azalning bir parchasi yoki ba’zi olimlar aytganidek, g‘azaldan yulib olingan “ma’lum bir bo‘lak” sifatida yuzaga kelmagan. Bunday bo‘lishi mumkin ham emas. Qit’a Sharq adabiyotida g‘azaldan ancha oldin paydo bo‘lgan janr.
Ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ma’rifiy va boshqa mavzularda yozilgan, o‘ziga xos qofiya tarziga ega, ikki baytdan kam bo‘lmagan, o‘zida ma’lum bir poetik xususiyatlarni mujassamlashtirgan she’riy parchalar qit’a deyiladi. Qit’ada shoirlar, asosan, turmush va real voqelik bilan aloqalangan taassurotlar, ijtimoiy hayot, axloq masalalariga doir g‘oyalarni lo‘nda, sodda yo‘llarda ifoda etganlar. Shu ma’noda qit’a – ma’no va mohiyat oynasi, shoir ehtiroslari quyulib, fikrda teranlik kuchaygan holati. Yoki shu holatlar hosilasi erur.
4. TUYUQ VA TAJNIS
TUYUQ – lirik janr. U arabiy va forsiy dabiyotda o‘q. Bu anr namunalarini faqat turkiy she’riyatdagina uchratamiz. Tuyuqlar aslan turkiy xalqlar og‘zaki adabiyoti ta’sirida shakllangan, takomil topgan. Keyinchalik yozma adabiyotga o‘tib, muayyan qoidalarga bo‘ysungan, talablari qat’iylashgan.
Bir necha adabiy-badiiy talab tuyuq janrining asosiy qoidasiga aylangan: Tuyuq, albatta, to‘rt misradan iborat bo‘lishi kerak.
Tuyuq misralari, xuddi ruboiydagi kabi, a-a-a-a yoki a-a-b-a tarzida qofiyalanishi zarur.
Tuyuq, albatta, ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur) vaznida, ya’ni “foilotun–foilotun–foilun (yoki foilon)” tarzida bo‘lishi shart.
Taqte’si: – V – – / – V – – / – V – (yoki V – ~).
Tuyuqda qoyaga olingan so‘zlar, albatta, tajnisli bo‘lishi, ya’ni omonim so‘zlardan yoki shakldosh so‘zlar turkumidan tashkil topishi darkor.
Ilgari tuyuqlar janrning ana shu talablaridan dastlabki uchtasiga javob bergan, xolos. Lekin keyinchalik janrning to‘rtinchi sharti yuzaga kelgan. Shu tariqa tuyuqlarni tajnissiz tasavvur qilib bo‘lmay qolgan.
TAJNIS – badiiy san’atlardan biri. Lug‘aviy jihatdan jinsdosh, ya’ni shakldosh degan ma’noni anglatadi. Bu nutqda shakli bir xil, ammo ma’nosi har xil so‘zlar yoki so‘zlar turkumini qo‘llash, degani. Ammo bu san’atni oddiygina qilib, omonimlar ishlatish ekan-da, deb hisoblamaslik kerak.
Chunki omonimlar – tilde qat’iylashgan shakldosh so‘zlar. Tajnisni yuzaga keltirish uchun esa muallif bir necha so‘zlar ishtirokida ohoriy (original, ya’ni birmartalik) shakldoshliklar yaratishi mumkin. Masalan, ul Oy, u loy, uloy (ulay) so‘z birikmalari tilda o‘zaro omonim emas.
Shoir she’rda bularni shunday qo‘llaydiki, natijada bir gal ul Oy (u Oy), boshqa safar u loy, uchinchi ko‘rinishda esa uloy (ulay) ma’nolarini anglatadi. Shundan ifoda go‘zalligi kelib chiqadi. O‘quvchi yo tinglovchi shuurida ajib bir badiiy zavq paydo bo‘ladi.
Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili– tajnis yaratish uchun juda katta imkoniyatlarga ega. Hatto, tilimizdagi shu qulaylik adabiyotimizda tajnis ishlatish shart qilib qo‘yilgan alohida, maxsus bir janrning paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Tuyuq – shunday janr. Unda qoyaga olingan so‘z yoki so‘zlar turkumi o‘zaro shakldoshlik paydo qilishi shart. Lutfiyning mana bu tuyug‘i qofiyasida tajnis bo‘lib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |