Internet resurslari. Veb-sahifa tushunchasi va shakli. Internet manzili (URL) bilan bir xil ma’noda belgilanuvchi mantiqiy birlik. U veb-saytning tarkibiy qismidir. Veb sahifa biror voqyelik, hodisa yoki obyekt toʻgʻrisida ma’lumotlarni oʻzida jamlagan ma’lumotlar faylidir. Veb serverlar bazasi veb saytlardan iborat boʻlsa, veb saytlar esa oʻz navbatida sahifalardan iborat boʻladi. Fizik nuqtai nazardan u HTML turidagi fayldir. Veb sahifalar matn, tasvirlar, animasiya va dastur kodlari va boshqa elementlardan iborat boʻlishi mumkin. Sahifa statik va dinamik shakllantirilgan boʻlishi mumkin. Freymlardan (qismlar) iborat sahifalarda har bir freymga alohida sahifa mos keladi.
Veb-sayt tushunchasi va shakli. Inglizcha “site” (tarjimasi joy, joylashish) soʻzining oʻzbekcha talaffuzi. Umumjaxon oʻrgimchak toʻri ma’lum axborotni topish mumkin boʻlgan va noyob URL manzillar bilan belgilangan virtual joy. Mazkur manzil veb-saytning bosh sahifasi manzilini koʻrsatadi. Oʻz navbatida, bosh sahifada veb-saytning boshqa sahifalari yoki boshqa saytlarga murojaatlari mavjud boʻladi. Veb-sayt sahifalari HTML, ASP, PHP, JSP, texnologiyalari yordamida yaratilib, matn, grafik, dastur kodi va boshqa ma’lumotlardan tashkil topgan boʻlishi mumkin. Veb-saytni ochish uchun brauzer dasturidan foydalanib uning manzil maydoniga kerakli veb saytning manzili kiritiladi. Veb-sayt shaxsiy, tijorat, axborot va boshqa koʻrinishlarda boʻlishi mumkin.
Veb portal tushunchasi. Veb portal (inglizcha “portal” – darvoza soʻzidan olingan) - bu Internet foydalanuvchisiga turli interaktiv xizmatlarni (pochta, izlash, yangiliklar, forumlar va x.k) koʻrsatuvchi yirik veb-sayt. Portallar gorizontal (koʻp mavzularni qamrovchi) va vertikal (ma’lum mavzuga bagʻishlangan, masalan avtomobil portali, yangiliklar portali), xalqaro va mintaqaviy (masalan uznet yoki runetga tegishli boʻlgan), shuningdek ommaviy va korporativ boʻlishi mumkin.
Veb saytlarning toifalari va vazifalari. Veb saytlarning asosiy vazifasi shundan iboratki, ular biror faoliyat, voqyea va xodisa yoki biror shaxsning Internetdagi imidjini yaratadi. Internet tarmogʻida mavjud boʻlgan saytlarni bir necha xil toifalarga ajratish mumkin:
Ta’lim saytlari. Bu turdagi saytlarga ta’lim muassasalari, ilmiytadqiqot muassasalari va masofaviy ta’lim saytlari kiradi, masalan: yedu.uz, yeduportal.uz
Reklama saytlari. Bu turdagi saytlarga asosan reklama agentliklari va reklamalarni joriy qilish saytlari kiradi.
Tijorat saytlari. Bu turdagi saytlarga internet doʻkonlar, internet toʻlov tizimlari va internet konvertasiya tizimlari saytlari kiradi, masalan: websum.uz, webmoney.ru, yegold.com
Koʻngilochar saytlar. Bu turdagi saytlarga kompyuter oʻyinlariga, fotogalereyalarga, sayohat va turizmga, musiqa va kinonamoyishlarga bagʻishlangan saytlarni kiritish mumkin, masalan: mp3.uz, melody.uz, cinema.uz
Ijtimoiy tarmoqlar saytlari. Bu turdagi saytlarga tanishish, doʻstlarni qidirish, anketalarni joylashtirish va oʻzaro muloqot oʻrnatishga bagʻishlangan saytlarni kiritish mumkin, masalan: sinfdosh.uz, id.uz,
odnoklassniki.ru
Korxona va tashkilotlar saytlari. Bu turdagi saytlarga davlat korxonalari, xoʻjalik va boshqaruv organlari saytlari kiritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |