Mustaqil ta’lim topshirig‘i
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Baxtiyor oila” asariga
Esse
Men Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Baxtiyor oila” kitobini zo‘r qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Ushbu kitobning asosiy g‘oyasi, dinimiz va milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda oilani avvalo to‘g‘ri tashkil etish, keyin undagi sog‘lom muhitni bardavom ushlab turishga qaratilgan. Kitob bejizga “Baxtiyor oila” deb nomlanmagan, chunki qaysiki oilada muhit sog‘lom bo‘lsa, er-xotin, ota-ona va farzand, quda-andachilik munosabatlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘zaro hurmat, ishonch va mehr-oqibat asosiga qurilgan bo‘lsa o‘sha oila shubhasiz baxtiyor oiladir.
Kitobni inson uchun bir umrlik qo‘llanma desak mubolag‘a bo‘lmaydi, chunki unda insonning tug‘ilishidan boshlab dafn etilishigacha o‘tkaziladigan tantana va marosimlar haqida, batafsil ma’lumot berilgan. Bu marosimlarni dinimiz, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib to‘g‘ri tashkil qilish va kamxarj o‘tkazish batafsil yoritilgan.
Kitobda farzand tarbiyasiga alohida e’tibor berilgan. Farzand tarbiyasi kechiktirib bo‘lmaydigan, alohida mas’uliyat bilan yondashilishi lozim bo‘ladigan vazifa ekanligi ta’kidlanadi.
Kitob Islom dinining oilaviy munosabatlarga oid ahkomlarining keng va batafsil sharhi bo‘lib, musulmon kishi oilaviy hayotga oid bilishi lozim bo‘lgan barcha masalalarni o‘z ichiga oladi. Kitobda insonga ikki dunyo saodati yo‘lini ko‘rsatib bergan Islom dinining baxtli, saodatli oila qurish, er-xotinning huquqlari, burch va majburiyatlari, ota-onaga, qaynota-qaynonaga munosabat, kelin va kuyov tanlash, aqiyqa, farzand tarbiyasi, silai rahm, taloq, idda va shu kabi ko‘plab dolzarb mavzulardagi ta’limotlari orqali bugungi kunda qator muammolar muhokama qilinadi, oyatlar, hadislar hamda Salaf Solihlarning hayoti misolida musulmonning baxtli oilaviy hayot dasturi ko‘rsatib beriladi.
Kitobni o‘qib chiqar ekanman hayotda yo‘l qo‘ygan ko‘plab xatolarimni anglab yetdim, kelgusi hayotimda duch kelishim mumkin bo‘lgan qiyin hayotiy vaziyatlar haqida tushunchaga ega bo‘ldim, bunday qiyinchiliklarning oldini olish, mabodo duch kelganda ham qanday to‘g‘ri yo‘l tutishni o‘rgandim.
Fikrimni kitobdan olingan parcha bilan yakunlamoqchiman: “Ushbu kitob oilaviy hayotning yaxshilanishi, oilaviy baxtning mukammalroq bo‘lishiga hissa bo‘lsa ajab emas degan niyat bilan yozildi. Bu kitobdagi kamtarona satrlarda bir yaxshilik topsangiz, boshqalar bilan baham ko‘rarsiz, degan umiddamiz. Zotan har bir jamiyat a’zolari bir-birlariga o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashish asosida foyda beradilar…” .
Lug‘at
Do'stlaringiz bilan baham: |