Atrofimizdagi olam fanidan
o‘quv dasturi
(1-2-sinf)
Uqtirish xati
"Atrofimizdagi olam" fani 1—2-sinflarda o‘qitiladi.
Kursning vazifasi bolalarning fanlar va tabiat hodisalari, ijtimoiy hayot haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, tizimga solish, ularning axloqiy ko‘nikmalarini boyitish, odamlar hayoti va mehnatiga qiziqish uyg‘otish, oila, maktab, jamoat joylarida o‘zini to‘g‘ri tutish ko‘nikmalarini shakllantirishdir.
Kursni o‘rgatishda asosiy e’tibor tabiatga, oila a’zolariga, umuman insonga nisbatan muhabbat va g‘amxo‘rlik, inson mehnati bilan yaratilgan narsalarni ehtiyotlab saqlash, mehnatni qadrlash, jonajon o‘lkani, Vatanni sevish, uyda va maktabda ijtimoiy foydali mehnatga qiziqish hislarini tarbiyalashga qaratilgan.
O‘quvchilarning ilmiy-amaliy dunyoqarashini shakllantirish maqsadida jonli va jonsiz tabiatning sabab-oqibat aloqalarini aniqlashga, tabiatdagi ma’lum qonuniyatlarni o‘rganilayotgan ob’ekt o‘xshashliklari, farqi, predmetlarni guruhlashga, saralash, xulosa chiqarishga o‘rgatish muhim ahamiyat kasb etadi.
“Atrofimizdagi olam” fani bolalarning atrof olam haqidagi tasavvur va tushunchalarini shakllantirish bilan bir qatorda ularning so‘z boyliklarini oshirishga qaratilgan.
"Atrofimizdagi olam" fani boshlang‘ich sinflarning o‘quv rejasidagi boshqa fanlardan farqli o‘laroq bir qator vazifalarga ega:
Atrofimizdagi hayot hodisalari bilan tanishish jarayonida o‘quvchilarning uzluksiz o‘rganish qobiliyatini rivojlantirish uchun zaruriy bo‘lgan ma’lum ma’naviy-axloqiy ko‘nikmalar hosil bo‘ladi.
Maktab sharoitida atrof- muhit bilan tanishtirish o‘quvchilarni samarali ta’lim olishlariga imkon beradi, chunki bu yoshda bolalarning yetakchi faoliyatini hisobga olgan holda ta’lim beriladi.
Fanni o‘rganishda ta’lim jarayonini tashkil qilishning mazmuni, shakli, uslublari integratsiyasi ta’minlanadi. Masalan, Ona tabiatni o‘rganish o‘quvchilarni ekskursiyalar, o‘quv sayrlari hamda amaliy ishlarni tashkil qilishda alohida ob’ekt va hodisalarni bevosita kuzatish jarayonida tabiat bilan tanishtirishni nazarda tutadi.
Kuzatishlar bir necha yo‘nalishda tashkil qilinadi: ob-havo; jonsiz tabiatning har xil komponentlarining yil fasllari bo‘yicha holati (tuproq, suv havzalari, kecha va kunduzning davomiyligi va h.k.); o‘simlik va hayvonlar hayotidagi mavsumiy o‘zgarishlar; odamlarning mavsumiy mehnati va ularning yil fasllari bo‘yicha o‘zgarishi; tabiatdagi alohida o‘simlik va hayvonlarni kuzatish.
Ob-havo har kuni kuzatib boriladi, tabiatning boshqa ob’ektlari va hodisalari uzoq yoki qisqa muddat davomida kuzatiladi.
Tabiatdagi mavsumiy o‘zgarishlarni kuzatish jarayonida o‘quvchilar o‘simliklar va hayvonlarning ba’zi turlari, o‘simliklar hayoti uchun zarur bo‘lgan sharoitlar (masalan, o‘simlik o‘sishining tashqi sharoitga, ya’ni issiqlik, yorug‘lik, namlik, tuproq holatiga bog‘liqligi), turli yil fasllarida o‘simlik va hayvonlar hayotidagi o‘zgarishlar bilan tanishadilar.
O‘simlik va hayvonlarning ba’zi turlarini chuqurroq o‘rganish "O‘simliklar" va "Hayvonlar" mavzularida ko‘zda tutiladi. Bu mavzularni o‘rganishda ba’zi turlarning o‘ziga xos belgilarini ajratib olish maqsadida aniq narsalarni taqqoslashga katta ahamiyat berilgan.
Hayvonlarni tasvirlashda o‘quvchilar ular tanasining faqat asosiy qismlarini aytadilar. Tananing boshqa qismlari, bu qismlarning yaqqol ajratib turgan xarakterli bo‘yog‘i yoki shakli tanish (o‘ziga xos) belgisi bo‘lib, bir hayvonni boshqasidan ajratish uchun xizmat qilgani holda ko‘rsatiladi.
"O‘simliklar va hayvonlar" mavzulari bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash uchun o‘quvchilarning tabiiy material bilan ishlari qo‘llaniladi.
O‘qitish jarayonida o‘quvchilar yigirmadan ortiq tur tushunchalarni egallaydilar: mebel, idish-tovoq, transport, maishiy texnika, ish qurollari, o‘simliklar, hayvonlar, sog‘liqni saqlash, shaxsiy gigiyena va boshqalar.
O‘quvchilarning tur tushunchalarini o‘rganishda o‘zlarining aniq narsalar va ularning tasvirini guruhlarga ajratish bo‘yicha shaxsiy amaliy faoliyatlari katta ahamiyatga ega. O‘quvchilar narsalarning guruhlarga birlashishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan umumiy belgilarni bilishi va ko‘rsata olishi kerak.
Har bir darsda ko‘tariladigan, hal qilinadigan tarbiyaviy masalalar muhim ahamiyatga ega.
Fanni o‘rganish jarayonida dunyoni ekologik idrok etish, maktab yer uchastkasi va tabiat burchagidagi hayvonlar va o‘simliklarni parvarish qilish ko‘nikmalarini, tabiatga muhabbat va tabiat go‘zalligini ko‘ra bilish qobiliyati, tabiiy hodisalarni tushunish kabilar ishlab chiqilishi kerak.
O‘quvchilar aniq misollarda tabiatdagi o‘zaro aloqalarni ko‘rish, jonsiz tabiat jonli tabiat bilan qanday bog‘liqligi, bir xil organizmlar boshqa xillari bilan qanday bog‘liqligi, tabiatdagi oziqlanish zanjirini bilishlari kerak.
Bolalarni jamiyat hayoti bilan tanishtirishning turli xil shakl, uslub va vositalari mavjud: ekskursiyalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi ishchilari bilan uchrashuvlar, muzey, teatr, klublarga borish, suhbat va o‘qishlar, kinofilm, diafilm, tele va radio ko‘rsatuvlarni tomosha qilish, bayramlarga tayyorgarlik ko‘rish va hokazo.
Atrofdagi olam narsa va ob’ektlari haqida shakllangan tasavvurlarini o‘quvchilar o‘quv mashg‘ulotlari, didaktik va ijodiy o‘yinlar, o‘z-o‘ziga xizmat qilish va ijtimoiy foydali mehnat qilish jarayonida amaliy mustahkamlaydilar. Shu tarzda atrofdagi olam bilan tanishish bo‘yicha materiallarni o‘rganishda o‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish va ularning har taraflama yetuk shaxs bo‘lib rivojlanishi maqsadida ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi masalalar hal qilinadi.
Kursning asoslaridan biri sifatida jamiyat hayoti bilan o‘z shahri yoki qishlog‘i misolida tanishish belgilangan. O‘quvchilar iqtisodiy ishlab chiqarish jarayonlari, shunga oid odamlarning kasblari, madaniyat va ta’lim haqida elementar tasavvurga ega bo‘ladilar. Tabiat va xo‘jalik o‘rtasidagi, iqtisodning turli tarmoqlari orasidagi muhim o‘zaro aloqalar ochiladi, turli faoliyatda vijdoni, halol mehnatga hurmat tarbiyalanadi.
Navbatdagi asos o‘quvchilarning sog‘ligi hamda muayyan ko‘nikma va bilimlarni shakllantirishga qaratilgan faoliyatning xavfsizligi bo‘yicha masalalarni o‘z ichiga oladi. gigiyena qoidalarini egallash bilan bog‘liq holda xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda: ko‘chada, yo‘lda, suvda, uyda notanish odamlar bilan muomala yoki aloqada o‘zini tuta bilishni o‘rgatish ko‘zda tutilgan.
O‘quvchilarni boshqa odamlar — bolalar va kattalar bilan muloqotda bo‘lishga o‘rgatish, xushmuomalalik asoslari va odamlar orasida — oilada, mehmonda, maktabda, jamoat joylarida o‘zini tutishning oddiy qoidalarini o‘rgatish kursning muhim asosi hisoblanadi.
Kursning yana bir sermazmun yo‘nalishi — o‘quvchilarni joylarda mo‘ljal olishning eng oddiy usullarini o‘rgatish; o‘z mamlakati, uning poytaxti va boshqa shaharlari, dunyoning turli davlatlari va umuman, sayyoramiz haqidagi ilk geografik tasavvurlarni shakllantirish. Mantiqiy fikrni rivojlantirish maqsadida xayoliy sayohatlar uchun globus va geografik xarita (garchand ular bilan mukammal tanishish keyingi sinflarda ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham)lardan foydalanish mumkin. Ushbu masalalarni o‘rganish metodikasi bolalarning dunyoqarashlari, tasavvurlarining rivojlanishiga olib keladi. Vatanga, barcha odamlarning umumiy uyi bo‘lmish Zaminga muhabbat tuyg‘usini tarbiyalashga yordam beradi.
"Atrofimizdagi olam" fani integratsiyalashgan bo‘lib, unda tabiiy-ilmiy (biologik, geografik, ekologik, fizik) bilim elementlari tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy bilimlar bilan mujassamlashgan va bu fan atrofimizdagi olam haqida bir butun tasavvur hosil qiladi.
Bu o‘quv fanining ikkinchi yilga mo‘ljallangan maqsadi — atrof -olam narsalari haqidagi tushunchalarni kengaytirish va chuqurlashtirish; olamning umumiy ko‘rinishini shakllantirish, insonparvar, ijodiy, ijtimoiy faol ekologik fikrlay oladigan, jamiyat va tabiatga ma’suliyat bilan qaraydigan shaxsni tarbiyalash.
Kursning mazmunini tanlash va tartiblashtirishdagi butkul yangi mezon — bu o‘rganilayotgan materialga o‘lkashunoslik nuqtai nazaridan yondashishning birligi, kursning hayot bilan bog‘liqligi.
Atrof olam bilan tanishish bo‘yicha mashg‘ulotlar nafaqat sinfda, balki tabiat quchog‘ida ham o‘tkazilishi kerak. O‘zbekistonning iqlim sharoitini hisobga olgan holda tabiatshunoslik ob’ektlarini kuzatish mavsumiy taqvim bo‘yicha emas, balki shu joy tabiatining o‘zgarishlari bilan bog‘liq holda tashkil etish kerak.
Kuzatuvlar va tabiatga ekskursiyalar asosida o‘quvchilar yil fasllari almashishining tartibini tushunadilar, yil fasllarini, masalan, kuz bilan bahorni, qish bilan yozni taqqoslash natijasida ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirishni o‘rganadilar.
1-sinf o‘quv dasturi “Kirish”, “Atrofimizdagi tabiat”, “Biz foydalanadigan jihozlar”, “Bizning o‘lka” kabi qiziqarli bo‘limlarni o‘z ichiga olgan.
O‘qitishning ikkinchi yili dasturiga quyidagi mavzular kiritilgan: “Kirish”, “Atrofimizdagi olamni o‘rganamiz”, “O‘lkamizda kuz”, “Ona zaminimiz”, “Qish”, “Sog‘ tanda sog‘lom aql”, “O‘lkamizda bahor”.
"Atrofimizdagi olam" kursini o‘rganishda qo‘llaniladigan shakl, uslub va vositalar turlichadir. O‘quvchilar o‘qituvchi, kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachisi yordamida tabiat va ijtimoiy hayotdagi hodisalarni kuzatadilar.
Mashg‘ulotlar faqatgina sinfda emas, balki ko‘chada, bog‘chada (istirohat bog‘ida), muzeyda, dalada va h.k. o‘tkaziladi. Ekskursiyalar, turli kasb egalari bilan uchrashuv va suhbatlar, didaktik o‘yinlar, rasmlar chizish, diafilm, diapozitivlar, kompyuterda ko‘rish – bular mashg‘ulotlarning bolalar uchun qiziqarli va sermazmun o‘tkazilishga imkon yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |