Muhammad Solih
XIX asrda Toshkentda yashab ijod etgan tarixnavis olimlardan biri Muhammad Solihdir.Muhammad Solih Raximxoja (Qoraxoja) o‘g‘li 1830 yili Toshkentning «Qoryog‘di» mahallasida dunyoga keladi. Yoshlik vaqtidayoq ilm olishga qiziqadi, Toshkent va Buxoroda ta’lim oladi. Ayniqsa tarixga qiziqqanligi uchun Toshkent tarixi haqida asar yozish niyatida bo‘ladi. U o‘zigacha bo‘lgan tarixchilarning «Ravzat us-safo», «Boburnoma», «Tarixi Muqimxoniy», «Tarixi Abulfayzxon», «Tuhfai xoniy» kabi tarixiy asarlarini mutolaa qiladi va o‘zining Toshkent tarixiga bag‘ishlangan maxsus «Tarixi jadidai Toshkand» («Toshkentning yangi tarixi») nomli asarini yozadi. Hozirda bu asarning uch qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda. Ulardan biri Muhammad Solihning o‘z qo‘li bilan kitobat qilingan nusxa bo‘lib, 1040 varaqdan iborat. Undan ikki nusxa ko‘chirilgan. Ular qisqartirilgan nusxalar bo‘lib, birinchi nusxa Nabiraxoja Sayidxoja o‘g‘li, ikkinchi nusxa Muhammad Xasan va Nosirov Abdullalar tarafidan ko‘chirilgan. Mazkur asarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, bu asarni Muhammad Solih qariyb yigirma yil davomida yozgan va undan keyingi davrda ham ba’zi tuzatish va ma’lumotlar kiritib borgan. U o‘z asarining oxirida 1887 yilgi voqyealardan ham bayon etgan.
Muhammad Solih o‘rta asr tarixchilari an’analariga ko‘ra, voqyealarni bayon etishni qadim zamonlardan boshlaydi va Qo‘qon xonligining tashkil topishiga kelgandan keyin bevosita Toshkent tarixini yozishga o‘tadi. Muhammad Solih asarning ikkinchi yarmida asosan Toshkent tarixi haqida gapirsa-da, Toshkent shahriga bog‘liq masalalarni O‘rta Osiyoda sodir bo‘layotgan boshqa voqyealar bilan bog‘liq holda bayon etadi. Masalan, Buxoro va Qo‘qon xonliklari o‘rtasidagi kurashlar, Qo‘qon xonligining Toshkent aholisiga nisbatan tutgan siyosati, xalqqa ko‘rsatilayotgan jabr-zulm va unga qarshi Toshkent aholisining ko‘zgolonlari va noroziliklari o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, mazkur asarda Toshkent shahrining geografiyasi va topografiyasiga oid qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Shaharning o‘n ikki darvozasi, uni o‘ragan devor, shaharning to‘rt dahasi, mahallalar, shahardagi madrasa, masjid, hammomlar, shaharni suv bilan ta’minlab turuvchi ariqlar, anhorlar, ko‘priklar, dehkonchilik mahsulotlari va boshqa qator masalalar yuzasidan qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.
Muhammad Solihning «Tarixi jadidai Toshkand» asarida keltirilgan ma’lumotlar shuning uchun ham qimmatlidirki, muallif bu bayon etilgan voqyealarning ko‘pini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ularning ichida bevosita qatnashgan va ularning shohidi bo‘lgan.
1941 yili akademik Ya.G‘. G‘ulomovning bu asar haqidagi bir maqolasi bosilgan edi. Shuningdek, ba’zi asarlarda ham bu asarning borligi qayd qilib o‘tilgan.Toshkent tarixini o‘rganishda katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan bu tarixiy asar jiddiy o‘rganilgan emas.Bu qo‘lyozma asarning qisqacha ilmiy ta’rifi «O‘zbekiston Respublikasi FA Sharq qo‘lyozmalari to‘plami» nomli katalogda berilgan.Umuman aytganda, Muhammad Solihning «Tarixi jadidai Toshkand» nomli tarixiy asari XIX asr Toshkentning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi
Do'stlaringiz bilan baham: |