Munnavvar Qori
“Munavvar” – nur olgan, nurli degani. Turkiyada hozir ham bu so‘zni ziyoli o‘rnida qo‘llaydilar. “Qori” deb Qur’onni maromiga yetkazib o‘qiydiganni aytganlar. U Toshkentning ma’rifatli bir xonadonida tug‘ilib, ismiga munosib bo‘lib o‘sdi. Hujjatlardan uning Shayxontohur daha, Darxon mahallasida tug‘ilib o‘sgani ma’lum bo‘ladi. Otasi Abdurashidxon Sotiboldixon Olimxon o‘g‘li mudarris bo‘lib, o‘zi yashab turgan mahalladagi Eshonquli dodxoh madrasasida va o‘z hovlisida maktab ochib, 40 nafar o‘quvchiga dars bergan. Onasi Xosiyatxon otin ham o‘z hovlisida xotin-qizlarni o‘qitgan.
Abdurashidxon va Xosiyat otin uch o‘g‘il ko‘rishgan. Kattalari A’zamxon, o‘rtanchasi Muslimxon, kichigi Munavvarxon edi. A’zamxon domla mahalla maktabida bolalarni o‘qitardi. Uning 1910 yilda Sirdaryo viloyat o‘quv yurtlari inspektoriga usuli jadid maktabini ochish uchun ruxsat berilishini so‘rab yozgan arizasi va o‘quv dasturi saqlangan. Ariza va dasturga qaraganda, u bolalarga to‘rt sinf darajasida saboq bergan. O‘quv dasturini Munavvarqori tuzgan. Muslimxon domlaning taqdiri o‘zgacharoq kechgan. U sho‘ro hukumatining barcha zulm va tazyiqi “lazzati”ni totdi. U akasi va ukasi kabi dastlab sakkiz yil mobaynida muallimlik bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, keyingi to‘qqiz yil mobaynida mahalladagi Mirza Abdullaboy masjidiga imomlik qiladi, hayoti doimo tahlikada kechadi.
Muslimxon domla 1942 yil 27 yanvarda davlat sirlarini oshkor qilishda ayblanib qamoqqa olinadi. Tergovchilar uni otishga hukm qilishni taklif qilib maxsus majlis (osoboye soveщaniye) hukmiga yuboradi. Lekin uning jinoyatini tasdiqlovchi dalillar bo‘lmagani uchun, qamoqda o‘tirgan kunlari jazoga hisob qilinib, 1942 yil 28 noyabrda ozod qilinadi. Turli joylarda oddiy ishchi bo‘lib yurib, 69 yoshida vafot etadi.
Kichik farzand bo‘lmish Munavvarxon dastlabki ta’lim-tarbiyani onasidan olib, xat-savodi chiqqach, o‘sha davrda dovrug‘i chiqqan Usmon domladan saboq oladi, akalari ta’sirida voyaga yetib boradi. Qur’oni Karimni xatm qilib, “qori” unvonini olgach, hali ilmga yaxshi kirib bora olmaganini fahmladi.
“Yunusxon podsho” madrasasida bir necha yil tahsil ko‘rdi, biroq olgan ilmidan qoniqmadi. 1898 yilda Buxoroga borib hadis, fiqh, ilmi tafsir va boshqa sohalar bo‘yicha tahsilni davom ettirdi.
Munavvar yoshligidan Vatan taqdiri, xalqning ijtimoiy turmushi, “oq poshsho” va uning o‘lkadagi mustamlakachilik, ruslashtirish va dini islomni buzish siyosati haqida o‘ylay boshlaydi. Munavvarqori o‘tgan asrning 90-yillarida Ismoilbek Gaspirali tomonidan Qrimda asos solingan “usuli jadid” – “usuli savtiya” (tovush usuli)dagi yangi maktabni ochishga bel bog‘laydi. 1901 yilda Munavvarqori 23 yoshida Toshkent shahrida ilk usuli savtiya maktabini ochadi. Zikr etilayotgan davrda Turkistonda, xususan, Toshkentda maktab ishiga tatarlar bilan birga qrimlik muallimlar o‘z hissalarini qo‘shganlar.
“Turkestanskiye vedemosti” gazetasining muxbiri G. Andreyev bilan qilgan suhbatida Munavvarqori usuli jadid maktablarining tashkil etilishi haqida to‘xtalib, bunday deydi: “Shaxsan mening o‘zim og‘ir hayot yo‘lini bosib o‘tdim. Biron narsani o‘rganish uchun avval Toshkent, so‘ng uzoq muddat Buxoro madrasalarida tahsil olishimga to‘g‘ri keldi. Har holda, madrasalarda fanlarni uzoq yillar mobaynida o‘qishimga qaramay, men hayot uchun zarur bo‘lgan ko‘p narsani ola olmadim. Ana o‘shanda madrasalarda yillar mobaynida o‘qitiladiganlarni bilimga tez, oson va yengil olib boradigan yaxshi yo‘lni topish haqidagi fikrga keldim. Men yangi qo‘llanmali, fundamental zamonaviy pedagogika asosida kichik maktab-madrasalarni tashkil etishni hohlardim”.
Munavvarqori boshlagan yangi maktab usuli Turkistonga tez yoyiladi. Uning tashabbuskor jonkuyarlari “taraqqiyparvar” deb nom oladi. Munavvarqori esa ularni birlashtiruvchi rahbar va yo‘lboshchiga aylanadi. Ushbu maktablar uchun “Adibi avval”, “Adibi soniy” kabi alifbo va xrestomatiyalar, “Tavjid al-Qur’on” (“Qur’on qiroati”), “Yer yuzi” (“Geografiya”) singari qo‘llanmalar tuzib, nashr etadi. Bu darsliklar 1901-1917 yillar oralig‘ida eng kami 2-3, ko‘pi 9-10 martagacha alohida- alohida holda nashr etilgan.
Munavvarqori va uning maktabi yuksak nufuzga ega edi. Masalan shunday bir dalilni keltirish mumkin: “Oyna” jurnalining 1914 yilgi sonlaridan birida Mahmudxo‘ja Behbudiyning Turkistonda oliy milliy ta’lim istiqboli haqida bergan mushtariylarning savoliga javobi bosilgan.Behbudiy unda Toshkentda Munavvarqorining maktabini mana shunday oliy tahsilga zamin bo‘la olishi mumkinligini aytgan edi.
Munavvarqori millatning yuksalish va uyg‘onishi faqat maktabgagina bog‘liq deb tushunmaydi. U diniy, dunyoviy va ijtimoiy-siyosiy mazmundagi kitoblarni, jurnal va gazetalarni sevib o‘qiydi. Ayniqsa jadidchilikning “otasi” Ismoilbek Gaspirali Qrimda chop etayotgan “Tarjumon” (1881-1914) gazetasi Munavvarning millatparvar va xalqchil bo‘lib yetishishiga katta ta’sir qiladi.
Munavvarqorining shogirdlaridan biri Laziz Azizzodaning yozib qoldirishicha, inqilob arafasida Turkistonga, jumladan, Toshkentga O‘rusiya, Turkiya, Misr, Eron va boshqa sharq mamlakatlaridan yuzlab turli xil ilg‘or ruhdagi jurnal, gazeta va to‘plamlar kelib turgan. Ular ziyoli va yoshlar orasida, madrasalarda qo‘ldan-qo‘lga o‘tib o‘qilgan. Bulardan Munavvarqori ham bahramand bo‘lgani shubhasiz. U turkiy tillardan tashqari, rus, fors tillarini ham yaxshi bilgan. U keng xalq ommasini dunyo voqyealaridan xabardor bo‘lishi zarurligini tushunib, gazeta-jurnal va badiiy-ilmiy to‘plamlar nashr etishga katta e’tibor beradi.
O‘zbek matbuotining maydonga kelishida Munavvarqorining xizmatlari katta bo‘ldi. U o‘zbek matbuotining dastlabki namunasi 1906 yilning 27 iyunida chiqqan “Taraqqiy” gazetasining tashkilotchilaridan va mualliflaridan edi. O‘sha yili Munavvarqorining o‘zi “Xurshid” gazetasini chiqardi. Gazetaning faol mualliflaridan biri Xudoyorxonning o‘g‘li Fansurullobek edi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning Ishtirokiyun (sotsialistik) partiyasini keskin rad etgan mashhur “Xayrul umuri avsotuxo” maqolasi mana shu gazetada (1906, №6) bosilgan edi. “Xurshid” gazetasi o‘z sahifalarida shariatga oid masalalar bilan bir qatorda xalqning ahvoli, iqtisod va siyosat muammolarini yoritgani uchun musodara qilinadi.
Keyinchalik Munavvarqori “Sadoyi Turkiston” (1914-1915) ni maydonga chiqarishda jonbozlik ko‘rsatdi. 1917 yilning martida esa o‘zi muharrirligida “Najot” gazetasini chiqardi. Shu yilning iyunida esa Toshkentda Ahmad Zaki Validiy tomonidan “Kengash” jurnali o‘rtaga chiqdi. Ko‘p o‘tmay, uning muharrirligini Munavvarqori olib bora boshladi.
Umuman o‘zbek matbuotining maydonga kelishini ham, tarixiy taraqqiyotini ham Munavvarqorisiz, uning yuzlab ehtirosli maqolalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Munavvarqori XX asr boshidagi ijtimoiy-siyosiy harakatchilikning, milliy ozodlik ko‘tarilishining eng e’tiborli namoyandalaridandir. Abdulla Avloniyning tarjimai holidan ma’lum bo‘lishicha, 1901 yillardan boshlab Toshkentda mahalliy yoshlardan “Jadidlar to‘dasi” tashkil topgan edi. 1914-1915 yillarda “Sadoiy Turkiston”da muharrirlik qilgan, 1909 yilda Lev Tolstoy bilan xat yozishgan advokat Ubaydulla Asatillaxo‘jayev, shoir Abdulla Avloniy, Nizomiddin Xo‘jayev kabilar bu guruhning faollari bo‘lib tanildilar. Avloniy unga 1904 yilda a’zo bo‘lganini ma’lum qiladi. Munavvarqori shuning asoschilaridan edi. 1909 yilda u boshqa ma’rifatparvar jadidlar bilan birga “Jamiyati xayriya” tuzadi. 1913 yilda “Turon” jamiyatini ta’sis etadi. “Maktab”, “Nashriyot” kabi shirkatlar ochadi. Jamiyatning maqsadi yerli musulmon aholisi orasida maorif-madaniyatga rag‘bat uyg‘otish, ularga moddiy-ma’naviy yordam berish, ular uchun sahna asarlari tayyorlash va ko‘rsatish edi. Munavvarqori yoshlarni rivojlangan mamlakatlarda o‘qitish, shu orqali Millat va Vatanni farzandlarga tanitish, dunyoni anglatish ishlariga alohida e’tibor berdi. 1908 yildan 1923 yilga qadar uning g‘ayrat va tashabbusi bilan yuzdan ortiq turkistonlik chetda o‘qib keldi. 1920-1923 yillarda bu tashabbusni Buxoroda Fitrat va Fayzulla Xo‘jayev qo‘llab-quvvatlab chiqdilar.
Ma’lumotlarga qaraganda birgina 1922 yilda Olmoniyada o‘qiyotganlarning soni 60 ga yetgan. Munavvarqori garchi teatr asari yozmagan bo‘lsa-da, Turkistondagi teatrchilik ishlarining yo‘lga qo‘yilishida Abdulla Avloniy yonida turdi. 1913 yilda tuzilgan “Turon” jamiyati nizomida teatrchilik ishlari alohida ta’kidlangani, uning zaminida “Teatr havaskorlari truppasi” tashkil topgani bejiz emas. 1914 yilning 27 fevralida Toshkentdagi “Kolizey” (hozirgi Savdo birjasi binosi)da mana shu truppa tomonidan “Padarkush” dramasi birinchi marotaba sahnaga qo‘yiladi. Tomosha oldidan nutq so‘zlagan Munavvarqori mazkur tantanali marosimda shunday degan edi: “Turkiston tilida hanuz bir teatr o‘ynalmag‘onlig‘i barchangizga ma’lumdir. Shul sababli ba’zi kishilarimiz teatrg‘a ehtimolki o‘yinbozlik yohud masxarabozlik ko‘zlari ila boqurlar. Holbuki teatrning ma’nosi “ibratxona” yoki “ulug‘lar maktabi” degan so‘zdir. Teatr sahnasi har tarafi oynaband qiling‘on bir uyga o‘xshaydurki, unga har kim kirsa, o‘zining husn va qabihini, ayb va nuqsonini ko‘rib ibrat olur”. Matbuot bu kunni “Tarixiy kun” deb e’lon qiladi. Shoir Tavallo esa shu munosabat bilan she’r yozadi. Unda shunday satrlar bor edi:
Munavvarqori adib sifatida ham ma’lum e’tibor va nufuzga ega edi. Xususan, uning “Adibi avval”, “Adibi soniy” kitoblari darslik-majmua yo‘sinida yozilgan bo‘lib, ko‘plab she’riy va nasriy hikoyalarni o‘z ichiga olgan. Har birining so‘nggida “hissa” – xulosa chiqarilgan. Ular mavzuiga ko‘ra har xil. Ko‘pchiligi tarixiy mavzuda. Yo‘l-yo‘nalishga ko‘ra ibratomuz pandlardan tashkil topgan. Tili sodda, o‘qilishi qiziqarli.
Hikoyalar orasida XX asr boshidagi tarixiy voqyealar, ijtimoiy-maishiy turmush manzaralari haqida yozilganlari ham anchagina. Ma’lum bo‘lganidek, Munavvarqori badiiy adabiyot bilan yaqindan shug‘ullangan ziyolilarimizdan edi.
U 20-yillarda tilshunoslikka oid asarlar yozdi. Uning 1925 yilda e’lon qilgan Qayum Ramazon va Shorasul Zunnun bilan hamkorlikdagi uch bo‘limlik “O‘zbekcha til saboqlari” kitobi shu yo‘ldagi jiddiy ishlardan bo‘ldi. Mualliflar turkcha tilshunoslik atamalari endigina shakllanayotgan bir paytda shunday murakkab ishni amalga oshirgan edilar.
Lekin Munavvarqori millat tarixida birinchi navbatda jamoat va siyosiy arbob sifatida qoldi. U XIX asrning 90-yillari oxiridan umrining so‘nggigacha Millat va Vatan ravnaqi, ozodligi yo‘lida kurash olib bordi. Uning butun ijodi va faoliyati mana shu ikki masala atrofida kechdi. Ayniqsa uning 17-yillardagi faoliyati qizg‘in bo‘ldi. U mashhur 1917 yil fevral voqyealaridan ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning martidayoq “SHo‘royi islomiya” jamiyatini tuzdi. Milliy, diniy zaminga suyangan, shariatga asoslangan mustaqil Turkiston hukumatini tuzish g‘oyasini ilgari surdi. “SHo‘royi islomiya”ning 16-23 aprelda Toshkentda bo‘lib o‘tgan birinchi qurultoyida “Turkiston musulmon deputatlarining markaziy SHo‘rosi” tuzilib, Munavvarqori rais etib saylandi. “Markaziy SHo‘ro”da Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mustafo CHo‘qayev kabi taniqli ma’rifat va siyosat kishilari bor edi.
1917 yilning yoziga kelib bolsheviklar faollashdilar. Ular mahalliy ziyolilarning bir qismini, ayrim kambag‘al toifalarning o‘z izlaridan ergashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Munavvarqori bundan qattiq tashvishga tushdi. Oktyabr to‘ntarishini tashvish va sarosima bilan kutib oldi. Qo‘qon (Turkiston) muxtoriyatining qizg‘in tarafdorlaridan bo‘ldi. Muxtoriyat xoinona bostirilgandan keyin xalqni uyg‘otish, ko‘zini ochish yo‘llarini qidirdi. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Munavvarqori yangi maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tashkilotchilaridan biri sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Munavvarqori hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti poydevorini qo‘ygan kishilardan biri. U Musulmon xalq dorilfununini tashkil etish maqsadida 9 kishidan iborat tashkilot komissiyasini tuzadi. Komissiya Musulmon xalq dorilfununini uch bosqichda tashkil etadi: yuqori bosqich –dorilmuallimin (o‘qituvchilar instituti); o‘rta bosqich – o‘rta hunar maktablari; quyi bosqich – boshlang‘ich maktablardan iborat bo‘ladi. Shu yilning mayidan dekabriga qadar ushbu Musulmon xalq universitetining rektori vazifasini bajardi. Turkistondagi zamonaviy oliy ta’limning maydonga kelishida o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. Ruscha Turkiston xalq dorilfununi va uning bo‘limi Musulmon xalq dorilfunini to‘la ma’nodagi oliy o‘quv yurti bo‘la olmasa-da, bo‘lajak davlat universiteti, hozirgi – O‘zbekiston Milliy universiteti uchun moddiy-texnikaviy va ilmiy-pedagogik asos bo‘ldi.
1919 yilda “Turkiston komissiyasi” tuzilib, Maskov nazoratni qo‘lga ola boshlagach, Munavvarqori ishdan bo‘shatildi. 1920 yilda Buxoroda xalq jumhuriyati ag‘darilganda u Bokuda Sharq xalqlari qurultoyida edi. Bokudan qaytgach, Buxoro xalq maorifiga ishga yuboriladi. Lekin to‘rt oy o‘tar-o‘tmas, 1921 yilning 20 martidan Toshkentga chaqirib olinadi. Ikki oycha ishlagandan so‘ng, qamoqqa olinadi. To‘g‘ri, u 1917 yilning oktyabridan keyin o‘zining sho‘rolarga qarshi kurashini yashirin ravishda davom ettirgan. Jumladan, Oktyabr arafasida “Ittihod va taraqqiy” jamiyatida qatnashgan, jamiyat sovet davrida ham faoliyat ko‘rsatgani ma’lum bo‘ladi. Biroq ko‘p o‘tmay Munavvarqori qamoqdan chiqariladi va yana o‘qituvchilik qila boshlaydi.
1929 yili GPU tomonidan Munavvarqori ikkinchi marotaba qamoqqa olinadi.Unga millatchilik aybi qo‘yiladi Uyida tintuv o‘tkazilib, barcha hujjatlari, kitoblari hovlisida yoqib tashlanadi. Agidullin so‘roq boshlaydi. Dastlabki uch oy mobaynida o‘tkazilgan tergovda Munavvarqori ham, sheriklari ham o‘zlarini aybsiz hisoblab, so‘roq varaqasiga imzo chekmaydilar. Ammo Davlat Siyosiy boshqarmasi(GPU) Sharq bo‘limining boshlig‘i K.Belskiyning shaxsan o‘zi va Agidullin jismoniy tazyiq boshlaydilar. 18-20 raqamli azobxonalarda konveyr usulida olib borilgan so‘roqlar, uzlatxonada saqlashlar, oddiy insoniy zaruratlardan mahrum qilishlar mahbuslarning irodasini sindirib, so‘roq varaqasiga imzo chekishga majbur qiladi. Agar so‘roq varaqalardagi imzolar, harflarning yozilishi ruhiy-grafologik nuqtai nazardan tahlil qilinsa, mahbuslar matnlarni allakimlarning tazyiqi ostida va ular fikrini qo‘shib yozganlari ma’lum bo‘ladi. U 1931 yilda xalq dushmani sifatida otib tashlandi. Munavvarqori bor-yo‘g‘i 53 bahorni ko‘rdi. Shundan 39 yili “inqilob”dan oldingi chorizm mustamlakachiligi azobi ostidagi bolalik, balog‘at va faolllik davri bo‘lsa, qolgan 14 yili imperiya va lenincha qatag‘onlik siyosati tomonidan ma’naviy xo‘rlanish zamoni bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining sobiq DHK – hozirgi Milliy xavfsizlik xizmati arxivida Munavvarqorining “millatchilik” faoliyatiga oid yuzlab to‘qib chiqarilgan guvohliklar, ayblovlar” saqlanib keladi. Munavvarqori uzoq yillar davomida dushman sifatida qoralanib kelindi. Uning tariximiz, madaniyatimiz rivojidagi xizmatlarini o‘rganish va taqdirlash ishlarining hammasi oldinda turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |