Asosiy qism
1. Chet tillarni o‘rgatishda ChAF (chaqiriq, anglash, fikrlash) usulidan foydalanish yo‘llari
O‘quvchilarga chet tillarini o‘rgatishda qo‘shimcha manbalardan samarali foydalanish (interaktiv doska, audio va video materiallar, multimedia ilovalar) til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshiradi, buning uchun har bir mashg‘ulotni innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda olib borish lozim.
Chet tili o‘rgatishda yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanib darsni har tomonlama puxta tashkil etish, darsning sifati va samaradorligini ta’minlovchi vositalarni qo‘llash, har bir o‘quvchiga individual yondashish talab etiladi. O‘quvchilarda chet tilida nutq faoliyati turlarini shakllantirishda yangi innovatsion texnologiyalar juda qo‘l keladi.
Bunday innovatsion texnologiyalardan biri, ya’ni biz ko‘p qo‘llaydigan “ChAF” (chaqiriq, anglash, fikrlash) usuli to‘g‘risida so‘z yuritsak. Bu usulda eng birinchi dars maqsadini aniqlashdan boshlanadi. Chaqiriq bosqichida tayanch bilimlarni faollashtirish maqsad qilib qo‘yiladi. Bunda oldindan egallangan bilimlar faollashtiriladi, o‘qituvchining mahorati rejalashtirilgan mavzuning o‘quvchilar nutqiy faoliyati uchun zarurligini tushuntirib, bu mavzuni egallashni o‘quvchilar maqsadiga aylantirishdan iborat. Bu davrda oldingi bilimlar 8-10 daqiqa davomida og‘zaki savol- javob tarzida olib boriladi. Shunda, o‘quvchilar mavjud bilimlar yetarli emasligi, ularga qo‘shimcha qilib yangi mavzuni o‘rganish kerakligini tushunadilar. Natijada o‘quvchilarda nutqiy muloqotga kirishish rivojlanib, ularda chet tilida nutq madaniyatini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Anglash bosqichida bilishga, o‘rganishga qiziqish uyg‘otish maqsad qilib qo‘yilgan. Mavzu mazmunini anglash, yangi axborotlarni egallash zarurligini tushunish, o‘quvchi tasavvuri va dunyoqarashini kengaytiradi. Bu esa o‘quvchiga mavjud bilimlarni yangi bilimlar bilan bog‘lash, ularni faollashtirish imkonini beradi. Bu davrda o‘quvchilardan yangi mavzu (United Knigdom) haqida nima bilishi “tipratikon” usulida so‘raladi.
Fikrlash bosqichida mavzuni to‘liq o‘zlashtirish, o‘ylash faoliyatini faollashtirish maqsad qilib qo‘yiladi. Bunda yangi o‘rganilgan mavzu yuzasidan 10-12 daqiqa o‘quvchilarni guruhlarga bo‘lib mavzu yuzasidan fikrlar tinglanadi va har bir guruh o‘z fikrini himoya qiladi. Masalan, birinchi guruh Buyuk Britaniya madaniyati haqida gapirsa, boshqasi ta’lim tizimi to‘g‘risida hikoya qiladi, yana bir guruh mamlakatning siyosiy boshqaruvi to‘g‘risida ma’lumot beradi. Fikrlar bildirilgach, umumiy matn tuziladi. Bu usul o‘quvchilar bilimini tekshirish, natijani baholashda va yangi bilimlarni mustahkamlashda eng foydali usul hisoblanadi.
Xulosa qilib shuni aytish joizki, pedagogik texnologiyalarni darslarda samarali qo‘llash o‘qituvchilarning pedagogik mahoratiga bog‘liq. Barchaga ma’lumki, o‘qituvchilardagi pedagogik mahorat tug‘ma yoki yillar davomidagi tajribalar asosida orttiriladi. Bu mahorat qaysidir o‘qituvchida yetarli, qaysidir o‘qituvchida kamroq bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun darslarda pedagogik texnologiyalarni samarali va o‘rinli qo‘llash uchun avvalo, o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirishga erishish darkor.
Do'stlaringiz bilan baham: |