Interiorizasiya tushunchasi. Ong va faoliyatning aloqasi g’oyasining eng mukammal tavsifiga nemis klassik idealizmi namoyandalarining asarlarida duch kelish mumkin. Nafaqat, Fixte, balki Shelling va Gegel ham ma’naviy hodisalar sababini amaliyotda, odamlar faoliyatida izlagan. Xususan, Shelling amaliyotga, inson faoliyatiga odamzotning o’zini o’zi tabiatda gavdalantirishi, ya’ni obyektivlashtirishi sifatida yondashgan. U inson faoliyati natijasida ikki dunyo: tabiat dunyosi va inson dunyosi, ya’ni o’zgartirilgan insoniylashtirilgan tabiat dunyosi mavjud ekanligini qayd etadi. Dunyoga nisbatan harakatda Shelling umuman ong negizini ko’radi. Insonning insonga ta’sirini u ongning ikkinchi manbai deb hisoblaydi: aqlli mavjudotlarning tinimsiz o’zaro ta’siri ongning zaruriy omili hisoblanadi. XX asrda psixologlar aynan faoliyat shaxsning ijtimoiy tajribasini o’zlashtirish, uning qobiliyatlari, irodasi va ongini shakllantirish mexanizmi hisoblanishini tajriba o’tkazish yo’li bilan va ko’p sonli etnografik va tarixiy materialga asoslangan holda ko’rsatib berdilar. Individual va umuminsoniy rivojlanish jarayonida faoliyatning mustaqil sohasi sanalgan faollik ko’rinishlari murakkabroq madaniy tuzilmalarga qo’shilib, asta-sekin ong shakllariga aylangan. Sirtda birlamchi xususiyatga ega bo’lgan faoliyat sof ichki (interiorizasiyalashgan) xususiyat kasb etishi mumkin.
Mehnat va o’yin faoliyat turi sifatida. Odatda mehnat insonning mehnat qurollari yordamida tashqi dunyoga ta’sir ko’rsatish va oldindan mo’ljallangan natijaga erishishdan iborat maqsadga muvofiq faoliyati sifatida tavsiflanadi. Mehnat tushunchasiga nisbatan bunday yondashilgan taqdirda, olim, aktyor, pedagog, haykaltarosh, faylasuf faoliyati mehnat
hisoblanmaydi. Bugungi kunda unumsiz deb nomlash mumkin bo’lgan mehnat turlari mavjud emasligi aniq-ravshandir. Zero mehnat yaxlit jarayon bo’lib, insondan moddiy va ma’naviy kuch- g’ayrat sarflashni taqozo etadi. Inson va jamiyatning rivojlanishi jarayonida yuz bergan mehnat taqsimoti mazkur yaxlit jarayon parchalanishiga, jismoniy va aqliy mehnatning ajralishiga olib keldi. Ammo mazkur ajralish jismoniy mehnat insonning faqat jismoniy kuch sarflashi, uning muskullari harakati bilan bog’liq ekanligini anglatmaydi. Jismoniy mehnat inson ma’naviy, ruhiy va asabiy kuch sarflashini ham nazarda tutadi. Ammo jismoniy va asabiy kuch-g’ayrat ulushi jismoniy mehnatda ko’proq bo’ladi. Aqliy mehnat esa, hyech shubhasiz, insonning ma’naviy kuchlari, uning intellektual imkoniyatlaridan ko’proq foydalanishni nazarda tutadi. Ammo jismoniy mehnat ham, aqliy mehnat ham o’xshash jihatlarga ega. Birinchidan, jismoniy mehnat ham, aqliy mehnat ham muayyan qurollardan foydalanishni nazarda tutadi. Ikkinchidan, mehnat oldindan mo’ljallangan natijaga erishishni nazarda tutadi. Uchinchidan, mehnat tabiat va jamiyat kuchlaridan foydalanmasdan yashay olmaydigan insonning muayyan ehtiyojlari bilan belgilanadi (chunki inson bioijtimoiy mavjudotdir). To’rtinchidan, jismoniy va aqliy mehnatning eng sodda omillari – mehnat predmetlari, mehnat qurollari va inson mehnatining o’zi umumiydir. Ammo mehnatning asosiy o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, u tashqi dunyoning insonga qarshi turuvchi kuchlarini moddiy va ma’naviy jihatdan o’zlashtirishni nazarda tutadi.
Ijod. Aksariyat odamlar ongida ijod tushunchasi faoliyatning hyech qanday rejalari va andozalariga bog’lab bo’lmaydigan sof shaxsiy jarayon bilan bog’lanadi. Ko’pincha u alohida odamlar, daholar anglash mumkin bo’lmagan tarzda ega bo’ladigan qandaydir ilohiy in’om sifatida qaraladi. Ijodda hamma narsa sirli va nomuayyan bo’lib, u kundalik hayotga xuddi to’fon yanglig’ kirib keladi, eskicha qarashlar, qotib qolgan andozalarni ag’dar-to’ntar qiladi. Ijodning mohiyati nimada, degan azaliy falsafiy savolga psixologlar va pedagoglar, sosiologlar va tarixchilar, faylasuflar va san’atshunoslar javob berishga harakat qilganlar, ammo ular ijod ustidagi sirli pardaning bir chekkasinigina ochishga muvaffaq bo’lganlar. Shunga qaramay ijodni ijodiy mehnat mahsullari natijalariga muvofiq ancha aniq tushuntirish mumkin; unga faoliyatning alohida ko’rinishi sifatida prosessual tavsif berish mumkin; ijodning tabiati haqidagi savolga javobni ijodkorlarning ruhiy dunyosi, qobiliyatlari, dunyoqarashi va axloqiy mo’ljallaridan ham izlash lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |