Jamiyat taraqqiyoti to’g’risidagi nazariyalar. Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi Hyegel jamiyatning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbax din bilan bog’lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan. Fransuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma’naviy taraqqiyotining uch bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan. K. Marks jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy kurash va inqilobiy o’zgarishlar bilan bog’lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai nazardan tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun’iy ravishda mutlaqlashtirgan va ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida ijtimoiy inqilobni amalga oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday nazariyaning bir yoqlama va xato ekanini ko’rsatdi.
Jamiyat taraqqiyoti ko’p bosqichli jarayon ekani to’g’risidagi qarashlar AQSh faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko’ra jamiyatlar taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida sivilizasiyali yondashuv g’oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko’ra har bir xalq o’zining betakror, noyob, o’ziga xos va o’ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o’ziga xos modelini yaratadi.
Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham xos. Har bir inson o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish uchun osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo’lgani kabi, jamiyat ham o’z oldiga qo’ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka ehtiyoj sezadi.
Barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining tadrijiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko’rsatish imkoniyatidir. U turg’unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg’unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy tizimning tanazzuli alomatidir.
Jamiyatda barqarorlik beqarorlik bilan, inqiroz gullab-yashnash bilan almashib turishi ham mumkin. Jamiyatning ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalarida muayyan yutuqlarga erishilgach, ijtimoiy imkoniyatlar ruyobga chiqarilib bo’lgach, uning bundan keyingi taraqqiyoti yo’lida yangi muammolar tug’iladi va ularni hal etish vazifasi paydo bo’ladi. Jamiyat a’zolarining ma’naviy salohiyati, milliy psixologiyasi, tabiiy ravishda mavjud siyosiy tuzum kishilarni boshqarishning o’ziga xos usullarini hayotga tadbiq etadi. Insoniyat hayoti tarixida jamiyat barqarorligini ta’minlashning monarxiyaga asoslangan, aristokratik, totalitar va demokratik usullari tajribadan o’tgan.
Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o’tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishi kishilar psixologiyasidagi salbiy o’zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo’qolishida, g’oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo’lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o’z ifodasini topadi.
Jahon tajribasi har bir mamlakat va xalqning o’z taraqqiyot yo’lini tanlash huquqiga ega bo’lishi umumiy xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash garovi ekanini ko’rsatdi. O’zbekiston milliy mustaqillikka erishganidan keyin o’z milliy davlatchilik asoslarini
mustahkamlash, o’ziga xos va mos taraqqiyot yo’lini tanlash, rivojlanishning o’zbek modelini yaratish imkoniga ega bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |