Moddiy va ma’naviy faoliyat. Moddiy faoliyatni soddalashtirib predmetlar bilan ish ko’rish sifatida, ma’naviy faoliyatni esa – predmetlarning obrazlari bilan ish ko’rish sifatida tasavvur qilish mumkin. Abstrakt mulohaza yuritish orqali moddiy va ma’naviy faoliyatni «sof ko’rinish»da, muayyan qarama-qarshilik sifatida tasavvur qilish mumkin. Ammo ma’naviyatdan xoli bo’lgan moddiy faoliyat behudadir. Ma’naviy faoliyat «sof ko’rinishda» mavjudmi? Obyektiv idealizm tizimida muayyan mutlaq va o’z-o’zidan rivojlanuvchi g’oya uning moddiy manbasidan tashqarida mavjud bo’lishi tan olinadi. Ammo insonning real hayotidagi ma’naviy faoliyati moddiy faoliyatdan tashqarida mavjud bo’lmaydi, amalda moddiy va ma’naviy faoliyat unsurlari turli darajada aks etgan faoliyat rang-barang shakllarining kontinuumi (lot. continuum – uzluksiz to’plam)gina mavjuddir.
Moddiy va ma’naviy faoliyatning birligi faoliyat jarayoni ham, uning natijasi ham moddiy-ashyoviy substrat va ma’naviy mazmunning muayyan sintezidan iborat ekanligini anglatadiki, bu uning natijalarini obyektiv tarzda, inson xohish-irodasidan qat’iy nazar, ramzlar, ya’ni insonning ma’naviy dunyosi haqidagi axborot manbalari tizimiga aylantiradi. O’z xususiyatiga ko’ra faoliyat muayyan ideal yuzaga kelishiga sabab bo’ladi, chunki u moddiy ko’rinishda predmetni yaratadi, ramziy ko’rinishda esa ma’naviy mazmunni – shaxsning bilimlari, qobiliyatlari, axloqiy mo’ljallarini, uning mahorati va o’z kasbiga munosabatini, shuningdek o’z- o’ziga va boshqa odamlarga bo’lgan munosabatini vujudga keltiradi. Shu sababli tabiiy obyekt insonning o’zgartiruvchi faoliyati natijasida o’zlashtirgan xossalar ramziy tarzda amal qiladi. Shu ma’noda, inson nafaqat moddiy, balki ramziy olamda ham yashaydi.
Muloqot faoliyat sifatida. Mehnat qurollaridan foydalanish usullari, ularning vazifasi haqida axborot berish vositasi sanalgan o’ziga xos «til»ga qarab mo’ljal olish inson faoliyatining zaruriy sharti hisoblanadi. Insonni bu mehnat qurollari bilan ishlashga tayyorlash, chunonchi: tegishli ko’nikmalarni shakllantirish va eng muhimi – faoliyat tajribasi va usullarini o’rgatish ham zarur. Bu ish yo namoyish etish, o’rnak ko’rsatish yoki faoliyatda ishtirokchilik orqali bevosita, yo til yordamida amalga oshiriladi. Shu sababli muloqot insoniy munosabatlar, umuman jamiyat hayotining muhim tomoni hisoblanadi. Bu odamlar o’z hayotida yo’l-yo’lakay shug’ullanadigan alohida faoliyat turi, inson hayotining ovloq burchagi emas, balki uning ijtimoiy munosabatlarga kirishish jarayoni yuz beradigan markazidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |