O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
22.08.2009 y.
N 245
Hujjatning rus tilidagi
matniga qarang
ELEKTR VA ISSIQLIK ENERGIYASIDAN
FOYDALANISH QOIDALARINI
TASDIQLASH TO’G’RISIDA
Mazkur Qarorga quyidagilarga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan
O’zR VM 17.05.2010 y. 92-son Qarori,
O’zR VM 05.04.2011 y. 103-son Qarori,
O’zR VM 01.11.2012 y. 313-son Qarori,
O’zR VM 01.11.2013 y. 295-son Qarori,
O’zR VM 31.12.2014 y. 377-son Qarori
1-ilova. Elektr energiyasidan foydalanish Qoidalari
2-ilova. Issiqlik energiyasidan foydalanish Qoidalari
3-ilova. O’zbekiston Respublikasi Hukumatining
o’z kuchini yo’qotgan qarorlari ro’yxati
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida" 2009 yil 5 iyundagi 150-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. Quyidagilar:
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. "O’zbekenergo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Elektr energetikada nazorat bo’yicha davlat inspeksiyasi:
bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan qoidalarni davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bo’yicha respublikaning barcha elektr va issiqlik energiyasi foydalanuvchilariga yetkazsinlar, shuningdek aholini belgilangan tartibda xabardor qilsinlar;
O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O’zbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari mazmunining ommaviy axborot vositalarida, matbuotda, televideniyeda, internet-nashrlarda doimiy mavzuli ruknlar orqali keng yoritilishini tashkil etsinlar.
3. "O’zbekenergo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, O’zbekiston Respublikasi Elektr energetikada nazorat bo’yicha davlat inspeksiyasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o’zgartirish va qo’shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
4. O’zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari E.R. Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |