O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 14.12.2020 yildagi 781-son
Кучга кириш санаси
14.12.2020
Қўшимча ахборот
Улашиш
РУС
ЎЗБ
O’ZB
O‘ZB|РУС
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
2020 — 2025-YILLARDA KITOBXONLIK MADANIYATINI RIVOJLANTIRISH VA QO‘LLAB-QUVVATLASH MILLIY DASTURINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2020 — 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
2020 — 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini 2020-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash;
milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, respublikaning olis hududlarida va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
kitob savdosini tashkil etish tartiblarini soddalashtirish, yangi nashr etilgan kitoblarni yetkazish va axborot manbalarini tarqatish tizimini takomillashtirish;
kitob yetkazib beruvchilarni zamonaviy ijtimoiy ehtiyojlarga moslashtirish, infratuzilmani yaxshilash, axborot-kutubxona markazlarini chop etiladigan bosma nashrlar va ularning elektron nusxalari bilan to‘ldirib borish, elektron kitoblar yaratish, kitoblarni raqamlashtirish va elektron kataloglarni tuzish hamda tizimli ravishda yangilab borish;
aholining kitobxonlik darajasi va kitobga qiziqishini tizimli o‘rganib borish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish, kutubxonachi kadrlar salohiyatini oshirish;
xorijiy asarlarga onlayn buyurtma berish, ularni respublika hududiga olib kelish va tarqatish tizimini hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
3. Belgilansinki, Dastur quyidagilarni nazarda tutuvchi uch bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — 2020-2021-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
ikkinchi bosqich — 2022-2023-yillarda kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash;
uchinchi bosqich — 2024-2025-yillarda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini jadal rivojlantirish, ularning intellektual salohiyati o‘sishi hisobiga inson kapitali sifatini yaxshilash.
4. Quyidagilar Dastur ijrosini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
mas’ul ijrochilarning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlari), grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish bo‘yicha keyingi yillarga (har ikki yilda) mo‘ljallangan “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining O‘zbekiston Respublikasida 2021-yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasini “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Manfaatdor vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili xarajatlar smetasini shakllantirishda ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida Dasturni amalga oshirish uchun mablag‘lar nazarda tutilishini ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 14-dekabr,
781-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 781-son qaroriga
1-ILOVA
2020 — 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash
MILLIY DASTURI
O‘zbekiston “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Yangi davr shiddati jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Yoshlarda kitob o‘qish ko‘nikmasi shakllansa, kamoloti yo‘lida qolgan barcha amallarni kitobning o‘zi o‘rgatadi.
2020 — 2025-yillarga mo‘ljallangan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va Hukumat qarorlari hamda boshqa qonun hujjatlari hamda xalqaro huquqning umume’trof etilgan normalariga muvofiq tayyorlangan.
Dasturda kitobxonlik sohasidagi milliy va ilg‘or xorijiy tajriba tahlili asosida O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, kitob mahsulotini yaratish, chop etish, yetkazib berish, kitobxonlikni ommalashtirish, ilmiy-metodik ta’minlash, kadrlar tayyorlash, kitobxonlik infratuzilmasini boshqarish bilan bog‘liq masalalar qamrab olingan.
Dasturning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi, aholi, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, dunyoqarashi, kitobxonlik madaniyati shakllanishida katta ahamiyat kasb etib, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim omili sifatida xizmat qiladi.
1-bob. Dasturning maqsadlari, vazifalari va asosiy tamoyillari
Dasturning maqsadi — kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ijodkorlar, noshirlar va kitob tarqatuvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini izchil va samarali tashkil etish orqali faol kitobxonlar safini kengaytirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishdan iborat.
Dasturni amalga oshirishda quyidagi asosiy vazifalar belgilab olindi:
kitobxonlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashning tarmoqlararo ilmiy-metodik asoslarini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlar bazasini takomillashtirish;
kitobxonlik sohasidagi infratuzilmani (kutubxonalar, axborot-resurs markazlari, kitob do‘konlarini) rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, yangi asarlarni yaratish, tarjima qilish va mualliflarni rag‘batlantirishning kompleks chora-tadbirlarini amalga oshirish;
noshirlik, matbaa, axborot-kutubxona va kitob savdosi tashkilotlarining samarali faoliyati uchun qulay sharoitlarni ta’minlash hamda ularga imtiyoz, preferensiyalar berishning iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va tatbiq etish;
ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalar adabiyoti, brayl alifbosiga asoslangan adabiyotlar chop etilishi, elektron va audio kitoblar yaratilishini qo‘llab-quvvatlash;
respublika bo‘ylab kitoblarni tarqatish va xorijiy mamlakatlar bilan kitob almashish uchun shart-sharoitlar yaratish, turli mulkchilik shakllaridagi kitoblarni sotish tarmoqlarini rivojlantirish;
yosh avlodning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, kitobxonlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, faol kitobxonlar safini kengaytirish;
kitobxonlikni rivojlantirish infratuzilmasiga kadrlar tayyorlash va ularning malakasini izchil oshirib borish;
kitobxonlik madaniyatini qo‘llab-quvvatlashda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
2-bob. Dasturning dolzarbligi, kitobxonlik madaniyati shakllanishi va rivojlanishidagi muammolar
Respublikada kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 2017 — 2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning 5 ta qarori qabul qilindi, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 19-mart kuni yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan beshta muhim tashabbus ilgari surildi. Ushbu beshta tashabbusning to‘rtinchisi, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Mamlakatda 11 092 ta kutubxona va axborot resurs markazlari mavjud, shundan, 9911 tasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablarida, 981 ta oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida, 14 tasi hududlarda, 186 tasi tuman (shahar)larda faoliyat ko‘rsatadi.
2018-2019-yillarda nashriyotlarda darsliklardan tashqari 1 587 nomda 21 640 mingdan ortiq nusxada kitob chop etilgan.
2017 — 2019-yillarda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan nashriyotlarga 16 018 ta (2017-yilda 4911 ta, 2018-yilda 5334 ta, 2019-yilda 5773 ta) ISBN (International Standard Book number) kitobning xalqaro standart tartib raqami taqdim etilgan.
Respublikadagi jami maktablarda badiiy adabiyotlar soni har bir o‘quvchiga o‘rtacha 3 tadan, ta’lim qardosh tilda olib borilayotgan maktablarda esa 1,7 tadan to‘g‘ri keladi. Ta’lim qardosh tillarda olib borilayotgan maktablar kutubxonalarining jami adabiyotlar fondi 1,6 mln. nusxadan iborat bo‘lib, shundan qardosh tillardagi badiiy adabiyotlar soni 320 mingtani (jami adabiyotlar fondining 20 foizini) tashkil etadi va har bir o‘quvchiga 0,4 ta kitobdan to‘g‘ri keladi.
Birinchi marta 2019-yil 2 — 4-oktabr kunlari mamlakatimizda ixtisoslashgan “Tashkent book fest — 2019” I Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etilib, unda Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining 20 ga yaqin va 30 dan ortiq mahalliy nashriyotlar, 15 ming nafardan ortiq soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
“Ma’rifat karvoni” tadbirlari doirasida 3 milliondan ortiq kitob yoshlarga yetkazib berildi, “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 59 ta nomda 590 ming ta badiiy adabiyot chop etilib, respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari kutubxonalariga tarqatildi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi bilan 2017 — 2019-yillar davomida 2 mln 170 mingdan ortiq yoshlar qamrab olinib, 9 nafar tanlov g‘oliblari bo‘lgan yosh kitobxonlar Prezident sovg‘asi “Spark” avtomashinasi sovrindori bo‘ldi.
Bugungi kunda kitobxonlik madaniyatining shakllanishi va rivojlanishida quyidagi muammolar mavjud:
kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash tizimi mavjud emas;
badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagan;
chop etiladigan kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va manzilga yetkazish tizimi sust rivojlangan, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan;
ta’lim va madaniyat muassasalari uchun kitob xarid qilishga mablag‘lar yetarli darajada mavjud bo‘lgan manbalar hisobidan jalb etilmayapti, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotini o‘tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar yetarli emas;
aholi, ayniqsa, yoshlar orasida badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo‘lgan talab chuqur tahlillar asosida o‘rganilmagan;
kitoblarni chop etish hamda aholiga yetkazib berishni o‘z ichiga olgan boshqaruv tizimining, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini chet tillariga tarjima qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagan;
kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va aholining keng qatlamini qamrab olish, kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqilmagan;
mavjud axborot-kutubxona muassasalari aholining keng qatlamlariga xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan;
chop etilayotgan kitoblarni aholi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish, ta’lim muassasalari, kutubxonalar, mahallalarda kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlarni tashkil etish hamda ta’lim muassasalari, ayniqsa, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda o‘qish madaniyati va mutolaa ko‘nikmalarini shakllantirish tizimli yo‘lga qo‘yilmagan;
yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta’lim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, yoshlarda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish, jamiyatda mutolaa madaniyatini yuksaltirishning kompleks chora-tadbirlari ishlab chiqilmagan.
3-bob. Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari
Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni belgilash;
noshirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, sog‘lom raqobatga asoslangan bosma va elektron kitoblar bozorini rivojlantirish;
joylarga, ta’lim muassasalariga maqbul narxlarda yangi nashr etilgan kitoblarni yetkazish tizimini tubdan takomillashtirish choralarini ko‘rish;
milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishning huquqiy asoslarini yaratish;
kitob savdosini tashkil etish chora-tadbirlarini belgilovchi mezonlarni soddalashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar bazasini yaratish;
axborot manbalarini (kitoblar, gazetalar, jurnallar, qog‘oz va elektron hujjatlar ommaviy axborot vositalarini) tarqatish tizimini takomillashtirish;
yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni belgilash, maktabgacha ta’lim, maktab, professional ta’lim, oliy ta’lim va korxonalar, tashkilotlar, muassasalarda kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan manzilli dasturlarni ishlab chiqish;
kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha moddiy-texnik bazani (kutubxonalar holati, kitoblar bilan ta’minlash, sohalar bo‘yicha kitoblarni ko‘paytirish) takomillashtirish;
viloyat, tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari fondlarini hududda chop etiladigan barcha bosma nashrlarning (kitob, jurnal, gazeta va boshqa nashrlarning) majburiy bosma va elektron nusxalari bilan to‘ldirib borish tizimini yo‘lga qo‘yish;
o‘quvchilarning kitobxonlik darajasi va kitobga qiziqishini turli sotsiologik so‘rovlar orqali o‘rganish, natijalarni e’lon qilish orqali ijodkorlar va nashriyotlar faoliyatiga ko‘maklashish;
kutubxonachi kadrlar salohiyatini oshirish;
kitob ishlab chiqaruvchi infratuzilmani rivojlantirish va ularning zamonaviy ijtimoiy ehtiyojlarga muvofiqligini ta’minlash;
aholining kitob mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda qulaylik yaratish maqsadida mualliflik huquqlarini buzmagan holda elektron kitoblar yaratish tizimini takomillashtirish;
mamlakatimiz nashriyotlarida mavjud kitoblarning elektron katalogini yaratish va tizimli ravishda yangilab borish;
xorijiy asarlarga onlayn buyurtma berish, ularni respublika hududiga olib kelish va tarqatish tizimini joriy qilish;
bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
respublikaning chekka hududlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda chop etilgan kitoblarni raqamlashtirish;
kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish;
kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
4-bob. Dasturni amalga oshirish
Dastur quyidagi chora-tadbirlardan iborat 3 ta bosqichda amalga oshiriladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |