Bog'liq O‘zbekiston Respublikasi valyuta tizimining rivojlanish
Valyuta kursi milliy va jahon bozorlari qiymat ko’rsatkichlari o’rtasida aloqa instrumenti sifatida maydonga chiqqan holda xalqaro iqtisodiy munosabatlar hamda takror ishlab chiqarishda faol rol o’ynaydi. Tadbirkor valyuta kursidan foydalangan holda o’z ishlab chiqarish xarajatlarini jahon bozoridagi baholar bilan taqqoslaydi. Ushbu tadbir alohida korxona yoxud butun bir mamlakatning tashqi iqtisodiy operatsiyalar natijasini aniqlash imkonini beradi. Jahon bozorida tovar sotilganda milliy mehnat mahsuli bo’lmish tovar qiymat o’lchovining baynalmilallashgan birligi sifatida jamoatchilik tomonidan tan olinadi. Jahon valyuta bozorida esa valyutalarning baynalmilallashgan qiymatining pariteti aniqlanadi. Valyutalar kurslari nisbati asosida ushbu mamlakatning jahon savdosidagi solishtirma og’irligini hisobga olgan holda samarali valyuta kursi hisoblanadi. Valyuta kursi eksport va import baholarining nisbati, firmalarning raqobatdoshligi, korxonalar foydasiga ma'lum bir darajada ta'sir etadi. Valyuta kurslarining keskin tebranishi xalqaro iqtisodiy, shu jumladan valyuta-kredit va moliyaviy munosabatlar muvozanatsizligini kuchaytiradi hamda salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga, ayrim davlatlarni zararlarga, ayrimlarini esa yutuqlarga olib keladi. Boshqa omillarning aks ta'siri bo’lmagan paytda milliy valyuta kursi pasayganda eksportyorlar tushum sifatida olingan va qimmatlashgan xorijiy valyutani nisbatan arzonlashgan milliy valyutaga almashuvi hisobiga eksport mukofotini oladilar hamda tovarlarni o’rtacha jahon baholaridan past darajada sotish imkoniga ega bo’ladilar. Milliy valyuta kursining pasayishi, yuqorida bayon etilgan imtiyozlardan tashqari, bir vaqtning o’zida importning qimmatlashishiga olib keladi. Bu esa mamlakat ichkarisida baholar o’sishiga, tovar olib kirish va iste'mol qilishni qisqarishiga hamda milliy tovar ishlab chiqarishni o’sishiga olib keladi. Valyuta kursining pasayishi milliy valyutada ifodalangan real qarzdorlikni kamayishiga, xorijiy valyutada ifodalangan tashqi qarzlar og’irligining kuchayishiga olib keladi. Xorijiy investorlar tomonidan mamlakat milliy valyutasida olinayotgan foyda, foizlar va dividendlarni chetga olib chiqish manfaatsiz bo’lib qoladi. Ushbu foyda reinvestitsiya qilinadi yoki mamlakat ichki baholari asosida tovarlar sotib olish hamda ularni eksport qilish uchun ishlatiladi. Valyuta kursi ko’tarilsa mamlakat ichkarisidagi baholarning raqobatdoshligi hamda eksportning samaradorligi pasayadi. o’z navbatida ushbu jarayonlar eksport tarmoqlari hamda yalpi milliy ishlab chiqarishning qisqarishiga olib kelishi mumkin. Import esa aksincha kengayadi. Mamlakatga xorijiy hamda milliy kapitallarni oqib kelishi rag’batlantiriladi, xorijiy kapital qo’yilmalariga olingan foydalarni olib chiqilishi o’sadi. Qadrsizlanib borayotgan xorijiy valyutada ifodalangan mamlakat tashqi qarzining real summasi kamayadi. Valyutaning ichki va tashqi qadrsizlanishidagi, ya'ni uning kurs dinamikasi hamda sotib olish qobiliyati orasidagi uzilish xalqaro iqtisodiy munosabatlar uchun katta ahamiyatga ega. Agarda pulning ichki inflyatsion qadrsizlanishi valyuta kursining qadrsizlanishidan sur'ati bo’yicha o’zib ketsa, o’zga shartlarning tengligi sharoitida milliy bozorda yuqori baholarda sotish maqsadida tovarlar importi rag’batlantiriladi. Agarda valyutaning tashqi qadrsizlanishi inflyatsiya hisobiga vujudga keladigan, uning ichki qadrsizlanishidan o’zib ketsa unda valyuta dempingi uchun sharoit etiladi. Boshqacha qilib aytganda, tashqi bozorlarda raqobatchilarni siqib chiqarish maqsadida tovarlarni o’rtacha jahon baholaridan past darajada ommaviy ravishda eksport qilish uchun sharoit tug’iladi.