Dunyoning birligi va rang-barangligi. -Dunyo cheksiz yaxlitlik sifatida o’zgarmas va ayni vaqtda o’zining ayrim qismlari va ko’rinishlarida o’zgaruvchan bo’lib, o’zini muttasil shakllanish va o’zgarish jarayonlarida namoyon etadi. U nafaqat shakllanish va o’z tuzilmasini murakkablashtirish yo’lida, balki aksincha – buzilish va tanazzul yo’lida ham harakatlanadi va rivojlanadiki, bu uning sifat va miqdor ko’rsatkichlari muttasil o’zgarishida aks etadi.
Shunday qilib, dunyo, bir tomondan, o’z rang-barangligida bir jinsli emas, boshqa tomondan esa, o’zining barcha tarkibiy qismlarining uzviy birligini tashkil etib, muayyan universal yaxlitlik hisoblanadi.
Biroq, dunyoning birligi masalasi aniq-ravshan emas. Sinchiklab o’rganish jarayonida u ko’p sonli boshqa javobsiz savollarni, balki umuman yechimsiz muammolarni yuzaga keltiradi. Dunyo birmi, agar bir bo’lsa, uning birligi nimadan iborat, degan masala atrofidagi qizg’in falsafiy munozaralar va jiddiy ixtiloflar ayni shu hol bilan izohlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |