Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunlarni, me’yor va qoidalar talablarini buzganlik
uchun javobgarliklar
Respublikamizda mehnat muhofazasiga oid qonunlar, me’yoriy hujjatlar korxona ishchi-xizmatchilarining mehnat vazifalarini bajarishlarida huquq va majburiyatlarini belgilagan holda ularning sog‘lig‘iga, hayotiga ziyon yetmasligini ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Mehnat kodeksi” (ХI, XII bob) va “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun (V bo‘lim) talablariga binoan korxonalar rahbar va ma’muriy texnik xodimlari, ishchi-xizmatchilari mehnat muhofazasiga doir qonunlarni buzganlarida turli javobgarlikka tortiladilar. Javobgarlik korxonada ish beruvchining va ishchi xodimlarning qanaqa mehnat intizomi, mehnat shartnomalari, mehnat muhofazasi bo‘yicha qonun-qoidalarni buzganliklariga qarab belgilanadi. Хavfsizlik qoidalari buzilganda tortiladigan javobgarliklarning quyidagicha turlari mavjud: intizomiy; ma’muriy; jinoiy; moddiy.
Intizomiy javobgarlik. Intizomiy javobgarlik ishlab chiqarish korxonalari xodimlariga ichki mehnat tartibi qoidalarida ko‘rsatilgan talablarni bajarmaganliklari uchun ma’muriyat oldida javob berish mas’uliyatini yuklaydi.
Korxonada, ishlab chiqarishda ishchi-xodimlarga mehnat intizomini buzganligi uchun ish bilan ta’minlovchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli (181-modda):
hayfsan berish;
o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida jarima solish.
Korxonada mehnat tartibi ichki qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida jarima solish hollari ham nazarda tutiladi. Хodimning ish haqidan jarima ushlab qolish Mehnat kodeksining 164- moddasiga binoan ish bilan ta’minlovchi tomonidan amalga oshiriladi.
Intizomiy jazo choralarining qo‘llanishi Mehnat kodeksining 182-moddasida keltirilgan. Intizomiy jazolar ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qo‘llaniladi. Хodimga intizomiy jazo berilgani to‘g‘risida ma’lum qilinadi va tilxat olinadi. Intizomiy jazoni qo‘llashdan oldin xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati olinadi. Хodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi jazoni qo‘llashga to‘siq bo‘la olmaydi. Intizomiy jazoni qo‘llashda xodimning oldingi ishi va hulq-atvori hisobga olinadi. Bundan tashqari sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning oqibati qay darajada og‘ir ekanligi, shu xatti- harakat sodir etilgan vaziyat aniqlanadi. Bitta nojo‘ya xatti-harakat uchun faqat birgina intizomiy jazo qo‘llanishi mumkin. Intizomiy jazo aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda bo‘lgan vaqtini hisobga olmagan holda, uzog‘i bilan bir oy ichida qo‘llaniladi. Nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oy, moliya-xo‘jalik tekshirish natijasida aniqlanganda, ikki yil o‘tganidan keyin jazoni qo‘llab bo‘lmaydi.
Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qo‘llanilgan kundan boshlab bir yildan oshmasligi lozim. Хodimga jazo berilgandan so‘ng bir yil muddat ichida yana intizomiy jazoga tortilmasa, u intizomiy jazo olmagan deb hisoblanadi.
Korxona ma’muriyati intizomiy jazoni o‘z tashabbusi bilan, xodimning iltimosiga binoan, mehnat jamoasi yoki xodimning bevosita rahbari iltimosiga ko‘ra jazoni bir yil o‘tmasdan oldin ham olib tashlashi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |