Sinishlar, lat yeyish, chiqish va bo‘g‘inlarning cho‘zilishi. Inson organizmida suyaklarning sinishi yoki chiqishini shu joyning shishib ketishi, odatiy bo‘lmagan qiyshayish va og‘riq tufayli aniqlash mumkin. Bunday paytda birinchi vazifa shikastlangan bo‘g‘inlarning qo‘zg‘almaydigan tinch holatini saqlash kerak. Bu tadbir og‘riqni qoldirish bilan birgalikda zarar yetmagan joylarga ham putur yetkazmaslikni ta’minlaydi va shu o‘rinda bemorni kasalxonaga olib borishda yordam beradi. Bunday holatni saqlash singan yoki chiqqan joyga faner, karton shinalar qo‘yish yordamida ta’minlash mumkin. Shinalarni qo‘yish va uni
bog‘lash vaqtida imkon qadar lat yegan joyni avvalgi holatini o‘zgartirmaslikka harakat qilish kerak.
Qovurg‘alar singan holatda yo‘talish, nafas olish va harakat natijasida qattiq og‘riqlar seziladi. Og‘riqlarni oldini olish uchun bemorning ko‘krak qismini bint yoki sochiq yordamida nafas chiqargan paytda bog‘lab qo‘yish kerak. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, jarohatlangan joyga yod surtish yoki issiq kompress qo‘yish qat’iyan man etiladi. Chunki,, bu holat og‘riqning yanada kuchayishiga olib keladi.
Qo‘l suyaklari singan hollarda boshqa hollar kabi shinadan foydalaniladi. Agar shina bo‘lmay qolsa qo‘l bo‘yinga osib qo‘yiladi va bint yoki mato bilan gavdaga mahkam bog‘lab qo‘yiladi (3.14 – rasm).
– rasm. Singan qo‘l suyaklarini shinalash va osib qo‘yish variantlari: a – mato yordamida; b – bint yordamida; d – maxsus moslama bilan.
Suyak singan paytda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning eng asosiy sharti shikastlangan odamning hayotini saqlab qolishga doir amal-usullarni tezkorlik bilan bajarish; qon tomirlardan qon oqishini to‘xtatish; travmatik shokning oldini olish; jarohatga sterillangan bog‘lam qo‘yish va nihoyat, tabeldagi yoki qo‘l ostida bo‘lgan barcha vositalardan oqilona foydalanib, singan suyakni taxtakachlash, ya’ni immobilizatsiya qilishdir.
Immobilizatsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – singan joydagi suyaklarni o‘rnidan siljitmaslik, qimirlamaydigan qilishdir. Bunday holatda og‘riqlar kamayadi, travmatik shokning oldi olinadi. Suyak singanda o‘sha joy yaqinidagi ikkita bo‘g‘imni (singan joyning yuqori va pastidagi) maxsus shinalar yoki qo‘l
ostida mavjud bo‘lgan vositalar yordamida taxtakachlab qo‘yish shart. Shundan keyingina shikastlangan odamni bexavotir bir joydan ikkinchi joyga siljitish, ko‘chirish mumkin bo‘ladi.
Boshning lat yeyishi natijasida miya chayqalishi bosh suyagining sinishi kabi baxtsiz hodisalar kuzatiladi. Miya chayqalishi hollarida ko‘pincha bosh og‘rig‘i, nafas siqilishi va ko‘ngil aynashi holatlari ham uchraydi. Bosh suyakning singanini quloqlar va og‘izdan qon ketishi orqali bilish mumkin. Bu hollarda jabrlanuvchi xushsiz holatda bo‘ladi. Vrachning kelishiga qadar lat yegan joyga muz qo‘yib sovuq holatda ushlash kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |