Mehnat muhofazasining iqtisodiy masalalari Mehnat muhofazasining umumiy iqtisodiy masalalari
Ishlab chiqarishda mehnat muhofazasi tadbirlarining o‘z vaqtida uzluksiz amalga oshirilib borilishi sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratishga, ishchilarning ish unumdorligining va ish sifatining oshishiga olib keladi. Natijada bitta ishchi hisobiga ishlab chiqariladigan mahsulot miqdori oshadi, mahsulot tannarxi esa pasayadi. Aksincha, ishlab chiqarishda mehnat sharoitiga yetarli e’tibor bermaslik ish unumdorligining pasayib ketishiga, xavfli va zararli omillar ta’sirining kuchayishiga va natijada turli xil jarohatlanishlar va kasb kasalliklarining kelib chiqishiga va oxir oqibat iqtisodiy yo‘qotishlar sodir bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Har bir baxtsiz hodisa, u qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’i nazar, ushbu korxonaga katta iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy zarar yetkazadi.
Mehnatni muhofaza qilish tadbirlarini moliyaviy ta’minlash davlat tomonidan, mulk shaklidan qat’i nazar, jamoat birlashmalari, korxonalarning ixtiyoriy badallari hisobiga amalga oshiriladi. Mehnatni muhofaza qilish uchun tegishli budjetlardan alohida qayd bilan ajratiladigan budjet mablag‘lari mehnatni muhofaza qilishga oid davlatning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini bajarish uchun foydalaniladi [11, 12]. Har bir korxona mehnatni muhofaza qilish uchun zarur mablag‘larni jamoa shartnomasida belgilanadigan miqdorda ajratadi.
Хavfsiz ish sharoitini ishlab chiqarishga joriy etish va sog‘lom mehnat sharoitini yaratish natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy samara hamda baxtsiz hodisalar natijasida ko‘rilgan iqtisodiy zarar aniqlanib tahlil qilingach, mehnat muhofazasi holatini yanada yaxshilash bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqilishi lozim. Ushbu ishlab chiqilgan tadbirlar natijasida mehnat sharoitining yaxshilanishini, xavfli va zararli omillar ta’sirining kamayishini hisobga olgan holda mehnat muhofazasi tadbirlariga sarflangan mablag‘lar samaradorligi aniqlanadi.
Mehnat muhofazasi tadbirlari ishchilarning sog‘liqlarini saqlash, hayotini muhofaza qilish, baxtsiz hodisalarning oldini olish va ish unumdorligini ko‘tarish
maqsadida amalga oshiriladi. Shuning bilan birgalikda bu tadbirlar ish sharoitlarini va maishiy sharoitlarni yaxshilaydi, hamda ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligini ko‘taradi.
Mehnat muhofazasi tadbirlarining iqtisodiy samaradorligini hisoblash, ularning ish unumdorligiga ta’sirini va joriy qilingan tadbirlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun olib boriladi.
Iqtisodiy samaradorlik mavjud me’yorlarni (normativlarni) solishtirish yo‘li bilan olib boriladi. Agarda me’yorlar mavjud bo‘lmasa iqtisodiy samaradorlikni aniqlash tadbirlarni joriy qilishdan oldingi mahsulot (ish) birligiga sarflangan haqiqiy mehnat va material sarf-xarajatlarini me’yorlar bilan, yoki mehnat muhofazasi tadbirlarini joriy qilgandan keyingi haqiqiy sarf-xarajatlar bilan taqqoslash asosida aniqlanadi.
Hisoblash yili qilib tadbirlar joriy qilish muddati tugallangandan keyingi birinchi yil qabul qilinadi. Odatda bu yangi sharoitlarda ishlashning 2 yoki 3 kalendar yiliga to‘g‘ri keladi.
Mehnat muhofazasi tadbirlarining iqtisodiy samaradorligini hisoblashda quyidagi ko‘rsatkichlardan foydalaniladi [35]:
asosiy (yoki umumiy) ko‘rsatkichlar, ya’ni mehnat unumdorligining o‘sishi ( MU ), yillik iqtisodiy samara ( S ), bir vaqtga keltirilgan xarajatlarni qoplash muddati (Тbv );
xususiy ko‘rsatgichlar, ya’ni ishchilar sonining nisbiy iqtisod qilinishi ( O ), ishlab chiqarish hajmining o‘sishi ( А), mahsulot tannarxi elementlarining iqtisodidan keladigan foydaning o‘sishi ( P ), ish yuklamasining pasayishi ( t ) va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |