Mehnat muhofazasining me’yoriy va axborot ta’minoti
Respublikamizda mehnatni muhofaza qilishning me’yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, hozirgi zamon talablariga javob beradigan darajada ishlab chiqish va amalga tatbiq etish borasidagi ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2000 yil 12 iyulda “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi № 267 qaror qabul qilindi. Bu qarorning 2-ilovasi bo‘yicha “Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi” qabul qilindi. Mazkur tartibda “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunni bajarish yuzasidan tayyorlangan va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini ishlab chiqish, kelishish, yangilarini tasdiqlash, shuningdek amal qilayotganlarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilishning yagona tizimi belgilandi.
Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, standartlar, qurilish, sanitariya me’yorlari va qoidalari, gigiyena me’yorlari talablari, ergonomik talablar va boshqa me’yoriy hujjatlarni hisobga olingan holda ishlab chiqilishiga, hamda o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi yoki qayta ko‘rib chiqilishi, ularning kelishilishi, tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar mas’ul qilib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2010 yil 20 iyulda “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi
№153 qaror qabul qilindi. Bu qarorga asosan mehnatning yangi texnik va texnologik shartlariga, ishlab chiqarishdagi tarkibiy o‘zgartirishlarga muvofiq qayta ishlangan “Mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalarini qayta ko‘rib chiqish, ishlab chiqish va joriy etish dasturi” tasdiqlandi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda Dastur doirasida mas’ul bajaruvchilar sifatida jalb etilgan boshqa tashkilotlarga mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalarini qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqishni tashkil etilishini ta’minlash majburiyati yuklandi. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi. Vazirliklar va idoralar belgilangan tartibda qabul qilingan Qoidalarni amalga tatbiq qilish uchun barcha manfaatdor shaxslarga yetkazishlari belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 153-qaroriga muvofiq 2000 yil 12 iyuldagi 267-son qarorga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Buning natijasida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va talabga javob beradiganlarini qayta ko‘rib chiqish borasidagi ishlar yanada jadallashdi.
Vazirliklar, idoralar, shuningdek mulkchilik shakllaridan va ishlab chiqarish usullaridan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga o‘zlarining barcha xodimlariga mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yangi qabul qilingan me’yorlarni va qoidalarni o‘rgatish va ish jarayonida ularga qat’iy rioya etilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasida mehnat muhofazasini me’yoriy ta’minlash tartibi keltirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda mehnatni, atrof-muhitni muhofaza qilishning ilmiy asoslangan standartlari, qoida va me’yorlarini ishlab chiqish va qabul qilish yo‘li bilan ishlab chiqarishda mehnat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan talablar darajasini belgilaydi, shuningdek, kasaba uyushmalari bilan kelishilgan holda mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar, kasb kasalliklarining oldini olishga oid respublikaning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini ishlab chiqadi va moliyaviy ta’minlaydi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Vazirliklar va idoralar tegishli kasaba uyushmasi idoralari bilan kelishilgan holda mehnat sharoitlarini yaxshilashga oid tarmoq dasturlarini ishlab chiqadilar va moliyaviy ta’minlaydilar.
Korxona ma’muriyati, yollovchi, mulkdor yoxud ular vakolat bergan boshqaruv idorasi korxonada mehnatni muhofaza qilish standartlari, qoida va me’yorlarining talablari, shuningdek jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan majburiyatlar bajarilishini ta’minlaydi.
Korxonalarning ishlovchilari respublikaning tegishli qonunlari va me’yoriy hujjatlari, jamoa shartnomalari bilan belgilangan mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me’yorlari talablarga rioya etishlari shart.
Korxonada me’yoriy axborot ta’minoti bilan, ya’ni korxona ma’muriyatini va bo‘limlarni mehnat muhofazasi bo‘yicha standartlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan ta’minlash bilan mehnatni muhofaza qilish xizmati shug‘ullanadi.
Korxonalarni standartlar bilan ta’minlash markazlashgan holda taqsimlash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Korxonalar standartlarni o‘z ixtiyori bilan bir martalik so‘rovlar yoki blank-buyurtma orqali olishi mumkin. Тarmoq standartlarini xo‘jaliklar talabnomasiga yoki bir martalik so‘rovga asosan tarmoq standartlari ko‘rsatkichlariga ko‘ra olishlari mumkin.
Ishlarni bajarishda xavfsizlik talablarini o‘rnatuvchi me’yoriy hujjat mehnat
muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnoma hisoblanadi. Bunday yo‘riqnomalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan 1999 yil 4 dekabrda tasdiqlangan “Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risida”gi nizomga asosan ishlab chiqiladi. Yo‘riqnomalar namunaviylarga (tarmoq uchun) va korxonadagi ishlovchilar uchun tuziladigan xususiy yo‘riqnomalarga bo‘linadi.
Namunaviy yo‘riqnomalarni ishlab chiqishga me’yoriy asos bo‘lib mehnat muhofazasi bo‘yicha respublikamizning qonunlari, standartlar tizimi, me’yorlar, qoidalar va boshqa hujjatlar xizmat qiladi.
Ish turi yoki alohida kasb uchun ishlab chiqiladigan xususiy yo‘riqnomalar talablari ishchilar tomonidan bajarilishi shart hisoblanadi. Ishchilar tomonidan qo‘llanmalardagi ko‘rsatmalarning bajarilishini nazorat qilish xo‘jalik ma’muriyati va kasaba uyushmasi zimmasiga yuklanadi.
Namunaviy yo‘riqnomalar mehnat muhofazasi sohasida tarmog`iy ilmiy tekshirish institutlari (laboratoriyalar), mehnat muhofazasi standartlari sohasidagi tayanch tashkilotlar, texnologik, ilmiy tekshirish va konstruktorlik loyihalash tashkilotlari tomonidan tarmoq vazirliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamda kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan topshiriqqa asosan, zarur vaqtda davlat nazorat organlari bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Har xil kasblar yoki alohida ishlarning turlari uchun yo‘riqnomalar ishlab chiqish, mehnat muhofazasi xizmati tomonidan tuzilgan ro‘yxatga asosan bo‘lim rahbarlari, bosh mutaxassislar, mehnatni tashkil qilish va haq to‘lash bo‘limlari ishtirokida tasdiqlangan shtat jadvaliga asosan ishlab chiqiladi. Ro‘yxat ma’muriyat tomonidan tasdiqlanadi va korxonaning bo‘limlariga tarqatiladi.
Korxona rahbariyatining buyruq yoki farmoyishlari yangi yo‘riqnomalar ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Yo‘riqnomalar bo‘lim rahbarlari tomonidan ishlab chiqiladi, unga rahbarlikni esa tarmoq boshliqlari olib boradi. Ishchilar uchun yo‘riqnomalarning o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, qaytadan ko‘rib va tekshirib chiqilishi holatini nazorat qilish mehnat muhofazasi xizmati tomonidan olib boriladi hamda ularning o‘zlari uslubiy yordam ko‘rsatadilar.
Yo‘riqnomalarning yakuniy loyihalariga mehnat muhofazasi xizmati bilan
kelishilgan holda bosh mutaxassis imzo chekadi, yo‘riqnomalar xo‘jalik rahbari va kasaba uyushmasi tomonidan tasdiqlanadi va shu kundan boshlab kuchga kiradi. Har bir yo‘riqnomaga nom beriladi va raqam qo‘yiladi.
Namunaviy va ishlovchilar yo‘riqnomalari besh yilda, ishchilar uchun yo‘riqnomalar esa uch yilda qayta ko‘rib chiqiladi va tekshiriladi. Bular uchun javobgarlik yo‘riqnomalarni ishlab chiqqan tashkilot va bo‘lim rahbarlari zimmasiga yuklanadi. Agar yuqorida ko‘rsatilgan muddatlar ichida ishchilarning ishlab chiqarishda mehnat xavfsizligi sharoitlari o‘zgarmagan bo‘lsa, u holda korxona buyrug‘i va kasaba uyushmasining qarori bilan yo‘riqnomalarning kuchi keyingi muddatga cho‘ziladi va bu haqida uning birinchi betiga yozib qo‘yiladi.
Yo‘riqnomalar bo‘limlarga yoki ish joylariga osib qo‘yiladi, shuningdek, ishchilarga ma’lum joyda saqlashga yoki ayrim hollarda ishchilarning qo‘liga beriladi, bunda shaxsiy yo‘riqnoma varaqalariga qo‘l qo‘ydirilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |