[WPmWPm] tipik ko‘rinishli qo‘shma gaplarning kesimlarini shakllantiruvchi vositalar kam miqdorni tashkil etadi:
I. a) birinchi qismda -sa, ikkinchi gap kesimida -(a)rdi shakli keladi: 1. Oyi, havo ochilib ketsa, birga daryo bo‘yiga borar edik. (M.Saf.) 2. Yoz kelsa, bitta asbobni olib, boshqa yurtlarga ish qidirib ketardi. (P.Turs.);
b) birinchi gap kesimida -sa ekan, ikkinchi gap kesimida -sa shakli keladi: 1.Otam bo‘lsa ekan, men endi yursam. (F.Yo‘ld.) 2. Yoz bo‘lsa ekan, daryoda cho‘milsang. (S.Nur.);
d) birinchi gap kesimida -sa+mi, ikkinchi gap kesimida -ardi shakli keladi: 1. Bo‘z o‘tlarning ming-ming yillardan buyon chirib yotgan ildizlari bu yerlarni o‘g‘itlab, semirtirib yuborgan, agar suv bo‘lsami, tog‘-tog‘ hosil bitardi. (Sh.Rash.). Ba’zan -mi yuklamasi -sa shakliga bevosita qo‘shiladi: 1. Mabodo uning qo‘lidan yetaklasa bormi, mushkuli osonlashib, ahvoli yengillashardi. (A.Qah.). 2. G‘ing desa bormi, jonini sug‘urib olardi. (S.Nur.).
e) birinchi gap kesimida -sa edi, ikkinchi gap kesimida -(a)rdi shakllari keladi: 1.Onam bo‘lsa edi, qishlog‘imga ketardim. (Oyb.) 2. Agar Bozorning aqli bo‘lsa edi, menga, senga o‘xshash kambag‘allar bilan maslahat qilar edi. (S.Ayn.)
f) birinchi qismi -sa va ikkinchi qismi -ma+sin ekan shakli bilan keladi: 1. Yetim qoladigan bo‘lsa, onadan tug‘ilmasin ekan. (P.Tolib.) Bu shakllar bilan qo‘llangan gap, asosan, shart, istak, ishonchsizlik, shart-istak kabi ma’nolarni ifodalaydi.
Yuklamalar gap tarkibiga kirib qo‘shma ma’no berish bilan birga, kesimlarning nomustaqilligini yanada kuchaytiradi:
a) -u/yu yuklamasi: Кo‘zim tezroq ochilsa-yu, bog‘larni maysalarni ko‘rsam. (Sh. Rash.)
b) -da yuklamasi: Quvonchi ko‘ksiga sig‘masa-da, odob yuzasidan o‘zini hazin tutishga tirishar edi. (Oyb.)
d) axir, nahotki yuklamalari: 1. Axir xotinim deb, bola-chaqam deb olov ichidan kelsa-yu, bu tantiq undan yuz o‘girsa. (S. Ahm.). 2. O‘g‘li qahramon bo‘lsa-yu, nahotki, undan shunday ish kelib chiqsa. (S.Ahm.)
Yuklamalar qo‘shma gapdan anglashilgan yuqoridagi shakllar ma’nosida taajjub, ta’kid kabi bo‘yoqlarini orttiradi.
II. a) birinchi gap kesimida -sin edi, ikkinchi gap kesimi tarkibida –(a)rdi birliklari qo‘llanadi: 1.O‘zi kelsin edi, aytardi. (N.Til.) 2.Кeksa ovora bo‘lmasin edi, o‘zi berib kelardi. (N.Til.)
b) birinchi qism kesimi tarkibida -sin edi, ikkinchi gap kesimi tarkibida -sa shakli keladi: 1. Oltin-kumush qurib ketsin edi, hammaning oyog‘iga to‘kilaversa. (Oyb.) 2. O‘zi borsin edi, ko‘ngli to‘lmasa. (S.Nur.)
III. Birinchi gap kesimida boshqa shakllar, ikkinchi gap kesimida -(a)rdi/-(a)r edi shakli keladi: 1. Men bo‘lmasam, qo‘yning yarmi yo‘qolar edi. (G‘.G‘ul.) 2. Lekin hozir Gulnorning gavdasini parchalab tashlasalar ham, og‘riq sezmagan bo‘lur edi. (Oyb.)
IV. Birinchi gap kesimi -gan edi birligi bilan, keyingisi boshqa birliklar bilan keladi: 1. Agar bu ikki batalon bu yerdan ketmaganda edi, to‘plar himoyasiz qolgan bo‘lur edi. (L. Tols.)
Qo‘shma gap tarkibida nisbiy so‘z ishtirok etganda, sodda gaplar nomustaqillik kasb etgandek tasavvur uyg‘otadi: 1. Кim devorning narigi tomonida bo‘lsa, u omon qoldi. (R.Fay.) 2. Qayer obod bo‘lsa, o‘sha yer mehrni tortadi. 3.Qushning tilini nechog‘lik yaxshi bilsang, uni tutish shunchalik oson bo‘ladi. (Hamz.) Biroq bunda mazmuniy va shakliy nomustaqillik-mustaqillikni farqlash lozim bo‘ladi. Halim kelsa, u voqeani aytib beradi qo‘shma gapi shakliy jihatdan [WPmWPm] tipik ko‘rinishi hosilasi. Chunki birinchi gapni ikkinchisisiz qo‘llab bo‘lmaydi. Кim kelsa, u voqeani aytib beradi gapining har ikkala qismi mazmunan bir-birini taqozo etadi, shaklan esa [WPmWPm] qolipi mahsulida ham, [WPmWPm] mahsulida ham nisbiy so‘zlar ishtirok etadi. Ammo [WPmWPm] qolipli gaplarda u mutanosiblikni kuchaytiradi, ammo uni hosil qilmaydi.
Demak, [WPm-WPm] umumiy qolipining ko‘rinishidan bo‘lgan [WPmWPm] qolipi har ikkala uzvi kesimlarining ham nomustaqilligi bilan xarakterlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |