93-§. Holning ma’noviy turlari haqida. Hol nutqda gapdan anglashilgan mazmunning, kesim ifodalagan ish-harakat, holat, voqea-hodisaning o‘rni, payti, tarzi, miqdor-darajasi, sababi, maqsadi, natijasi, sharti (qatorni yana davom ettirish mumkin) kabi ma’noni ifodalaydi.
Boshqa gap bo‘laklariga nisbatan holning ma’noviy turlari nisbatan ko‘proq. Lekin, olaylik, aniqlovchining rang-tus aniqlovchilari, xususiyat aniqlovchilari, hajm-shakl aniqlovchilari kabi turlarini ajratish grammatik, sintaktik qurilish nuqtayi nazaridan mantiqsiz bo‘lgani kabi, holning ma’noviy turi ham gap sintaktik qurilishi uchun daxlsiz. Shuningdek, ko‘p hollarda o‘rin-payt (Botir urushda bilinadi), sabab va maqsad (O‘qish uchun Toshkentga keldi), ravish va miqdor holini (Isroil qayta-qayta o‘qidi) farqlash qiyin. Chunki hol va so‘zlararo munosabat nutq sharoiti, voqea-hodisaning tabiatiga va so‘zlovchining maqsadiga mos ravishda turlicha voqelanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |