Qism esa shu butunni tashkil qilgan, uning tarkibidagi ma’lum bo‘lak, komponent, elementdir. Masalan, bir butun olamning bir qismi tabiatdir.
Mazmun va shakl.
Mazmun va shakl ham kishilarning borliqni bilishida muhim rol o‘ynaydi.
Mazmun – narsa yoki hodisani aynan shu narsa yoki hodisa sifatida ifodalovchi jarayon, muhim element va o‘zgarishlar majmui.
Shakl – mazmunning mavjudlik usuli, uning strukturasini ifodalovchi, narsa-hodisalarning ichki va tashqi tomonlari birligi. Demak, mazmun va shakl muayyan bir narsa yoki hodisaning bir-biri bilan dialektik aloqador ikki tomonidir. Shakl mazmunni ifodalaydi, mazmun shaklni belgilaydi.
Sabab – bir hodisadan oldin kelib, uni vujudga keltirgan hodisa yoki hodisalar guruhi.
Oqibat – sababning bevosita yoki bilvosita ta’siri bilan yuz beradigan hodisa. Masalan, qo‘llarimizni bir-biriga ishqalaganimizda qo‘llarimiz qiziydi. Bu yerda ishqalanish issiqlikning paydo bo‘lishiga sabab va issiqlik – oqibat.
Sabab-oqibat bog‘lanishlarning kishilar fikridagi ifodasi sababiyat deyiladi. Sababsiz oqibatlar yo‘q, hamma narsaning o‘z sababi bor. Dono xalqimiz «Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi», – deydi. Sababiyat ob’ektivdir.
Sababni oqibatni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlardan farq qilish zarur.
Zaruriyat va tasodif. Borliqdagi sababiy bog‘lanishlarning murakkab zanjirida zaruriyat va tasodif kategoriyalari ifodalagan bog‘lanishlar ham muhim rol o‘ynaydi.
Narsa-hodisalarning mohiyati, ichki muhim bog‘lanishlaridan muayyan sharoitda qat’iy ravishda kelib chiqishi muqarrar voqea yoki hodisa zaruriyat deb ataladi. Narsa-hodisalarning mohiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, tashqi ta’sir va ikkinchi darajali omillar bilan bog‘liq, ayni sharoitda yuz berishi ham, yuz bermasligi ham mumkin bo‘lgan hodisa yoki voqea tasodif deyiladi. Zaruriyat va tasodif bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq va ayni vaqtda bir-biridan farq ham qiladi. Bu farq ularning o‘ziga xos quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi: 1) zaruriyatning sababi o‘zida bo‘ladi, mazkur narsa yoki hodisaning ichki tabiatidan kelib chiqadi, u mohiyat bilan bog‘liq; 2) zaruriyat narsa-hodisaning muhim, takrorlanib turadigan ichki aloqadorliklari natijasi; 3) zaruriyat narsa-hodisaning oldingi o‘zgarish va rivojlanishlari orqali qonuniy tayyorlangan bo‘ladi; 4) zaruriyat muqarrarlik xususiyatga ega, albatta, yuz beradi; 5) zaruriyat umumiy xarakterga ega; 6) zaruriyat doimo qonuniyat bilan bog‘liq.
Tasodif ham o‘ziga xos quyidagi xususiyatlar bilan xarakterlanadi: 1) tasodifning sababi o‘zida emas, balki boshqa narsa-hodisadadir, u tashqi sabablardan kelib chiqadi; 2) tasodif borliqdagi nomuhim bog‘lanishlardan kelib chiqadi; 3) u narsa yoki hodisaning butun rivojlanish davomida emas, balki turli jarayonlarning ta’sirida sodir bo‘ladi; 4) tasodif narsa-hodisalar rivojlanishining yo‘nalishini belgilab bermaydi, muqarrar emas; 5) tasodif individual xarakterga ega; 6) tasodif, qonun bilan bog‘liq emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |