Ishdan maqsad. Quritilgan sabzavot mahsulotlarni qadoqlashda qo‘llanilayotgan zamonaviy qadoqlar, qadoqlash materiallari, ularning mahsulotni saqlashdagi afzalliklarini o‘rganish.
Asbob-uskunalar. qadoqlangan quruq sabzavot mahsulotlar namunalari; qadoqlash materiallari (polietilen, kraft qog‘oz, karton, gofr karton va h.q.)
Ishning nazariy asoslari. Sabzavotlarni quritishdan maqsad ularning namini qochirib, mikroorganizmlar rivojlana olmaydigan hamda har xil biologik jarayonlar ro‘y bermaydigan holga keltirishdir. Quritishning shunday bir mehyori borki, namlik miqdori o‘sha darajadan pasaysa mikroorganizmlar rivojlana olmaydi. Bu minimal daraja bakteriyalar uchun 30% ni, achitqi bakteriyalari uchun 15-20% ni tashkil qiladi. SHu sababli quritishdan keyin sabzavotlarning namligi 15-25% bo‘lsa, ularni chiritmay sifatli saqlash mumkin.
Sabzavotlarni quritish ikki - quritishga tayyorlash va quritish bosqichlaridan iborat. Birinchi bosqich quyidagilarni o‘z ichiga oladi o‘lchamiga qarab kalibrovkalash, yuvish, sifatiga qarab tanlash, tozalash, maydalash, blanshirlash yoki qaynatishdan iborat. Ikkinchi bosqich esa sabzavotlarni quritishdan iboratdir.
Sabzavotlarni quritish faqat uning namini qochirish emas, balki murakkab fiziologik va biokimyoviy jarayonlarni tuxtatishni o‘z ichiga oladi. Quritish jarayonining davomiyligi ko‘pgina omillarga, ya’ni quritish obhektining tabiatiga, xom ashyoni maydalash shakli va darajasiga, uning quritish maydonchasidagi qalinligiga, quritishga tayyorlash usuliga, quritish haroratiga, havoning almashish tezligiga, namligiga va boshqa bir qator omillarga bog‘liq.
Asosan quyidagi sabzavotlar quritiladi: sabzi, piyoz, kartoshka, karam, lavlagi, oq ildizlar, yashil no‘xat, shivit va boshqalar.
Quritilgan sabzavotlarning tavsifi: Sifat ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib quritilgan sabzavotlar birinchi va ikkinchi navli, quritilgan yashil no‘xat oliy va birinchi navli, kukunli va maydalangan holda esa navsiz holatda ishlab chiqariladi. Briketlangan holdagi mahsulotlarning navlari (karam, boshpiyoz, sabzi, lavlagi, oq ildizlilar) briketlashda ishlatilgan quritilgan sabzavotlarning navlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Ishlab chiqarish texnologiyasidan kelib chiqib quritilgan sabzavotlar butun (yashil no‘xat), qirqilgan va sochma (kartoshka, karam, boshpiyoz, sarimsoq, sabzi, lavlagi, oq ildizlilar, yashil petrushka, selg‘derey, shivit), briketlangan (kartoshka, karam, boshpiyoz, sarimsoq, sabzi, lavlagi, oq ildizlilar), kukunsimon (boshpiyoz, sarimsoq, yashil petrushka, selg‘derey, shivit) holatda tayyorlanadi. Qayta ishlashning sanoat miqyosida yanchilgan holatdagi quritilgan piyoz ishlab chiqariladi.
Standart talablarida qayd etilgan sifat ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib quritilgan kartoshka oliy, birinchi va ikkinchi navli, karam, boshpiyoz, sabzi, lavlagi, oq ildizlilar, yashil petrushka, selg‘derey, shivit birinchi va ikkinchi navlarda tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |