Fuqarolik huquqi tamoyillari
Fuqarolik kodeksining 1-moddasida fuqarolik qonun hujjatlarining asosiy negizlari belgilab qo‘yilgan. Asosiy negizlar yoki boshqacha aytganda fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari bu barcha fuqarolik qonun hujjatlari mazmuniga singdirilgan rahbariy, asosiy qoidalar hisoblanadi. Ushbu asosiy tamoyillar fuqarolik qonun hujjatlarini ishlab chiqilishida, huquqni qo‘llash amaliyotida xususan, sud amaliyotida o‘ziga xos yo‘naltiruvchi ta’sir kuchiga ega. Odatda, umumiy qoida bo‘yicha fuqarolik-huquqiy normalar uning asosiy tamoyillari mazmuniga zid bo‘lmasligi lozim. Muayyan ijtimoiy munosabatlar bo‘yicha fuqarolik qonun hujjatlari sohasida bo‘shliqlar bo‘lgan taqdirda masalalar fuqarolik huquqi tamoyillari asosida hal qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Fuqarolik huquqi tamoyillari tizimiga quyidagilar kiradi:
1) Fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarini tengligi tamoyili. Ushbu tamoyil nafaqat FKning 1-moddasida, balki muayyan ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida ham o‘z mujassamini topgan. Fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilari kimligidan qat’i nazar, qanday ijtimoiy-siyosiy maqomga ega bo‘lishidan qat’i nazar o‘zlari ishtirok etayotgan fuqarolik huquqiy munosabatlarda bir birlariga nisbatan teng huquqqa egadirlar. Albatta fuqarolarning huquq layoqati mazmuni, huquq va muomala layoqatini cheklanish asoslari, yuridik shaxslar huquq layoqati mazmuni, davlatning fuqarolik huquqiy maqomi, qonunlarda belgilab qo‘yilgan o‘ziga xosliklarga ega. Biroq, bu o‘ziga xosliklar ularni fuqarolik huquqiy munosabatlardagi ishtiroki tengligini istisno etmaydi.
2) Mulk dahlsizligi tamoyili. Ushbu tamoyil mazmuni Konstitutsiyamizning 53-moddasi, FKning 166-moddasida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra mulk dahlsizdir va u qonun bilan qo‘riqlanadi. Mulkdor bo‘lmagan barcha shaxslar mulkdorni huquqini hurmat qilishlari va unga rioya qilishlari lozim. Mulkdorni mol-mulkini olib qo‘yishga, shuningdek, uning huquqlarini cheklashga faqat qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
3) Shartnomalar erkinligi tamoyili. Ushbu tamoyilni mazmuni FKning 354-moddasida belgilab qo‘yilgan. Fuqarolik huquqi subyektlari o‘z manfaatlarini turli shartnomalar orqali ro‘yobga chiqaradilar. Masalan, oldi-sotdi, haq evaziga xizmat ko‘rsatish, hadya va h.k. Qonunda fuqarolik huquqi subyektlarini shartnoma tuzishda erkinligi belgilab qo‘yilgan. Shartnoma tuzishga majbur tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shartnoma tuzish burchi Fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda yoki ushbu subyektning o‘zi tomonidan olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Taraflar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan shartnomalarni ham tuzishlari mumkin.
4) Xususiy ishlarga biron bir kishini o‘zboshimchalik bilan aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyili. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda har bir subyekt o‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xususiy masalalarni shaxsan o‘zi o‘z erki irodasi bilan hal etishga haqli. Bir subyekt boshqa bir subyektning ishlariga o‘zboshimchalik bilan aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan o‘zboshimchalik bilan shartnoma tuzishga majbur qilish, o‘zboshimchalik bilan shartnomani bekor qilishga majbur qilish, o‘zboshimchalik bilan biron faoliyat bilan shug‘ullanishga majbur qilish, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ta’qiqlash va h.k. O‘zboshimchalik bilan xususiy ishlarga aralashgan taqdirda qonunda belgilangan oqibatlar vujudga keladi. Masalan, aldash, qo‘rqitish ta’sirida tuzilgan bitim haqiqiy emasligi. Ayni paytda shuni unutmaslik lozimki, qonunda xususiy ishlarga qonuniy aralashish ham belgilab qo‘yilgan. Masalan, muomalaga layoqatsiz shaxs nomidan uning vasiyi vakillik qilishi, voyaga yetmagan bolalarga ularning ota-onalarining qonuniy vakillik qilishi, tadbirkorlik faoliyati subyektlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi idoralarning vakolatlari va h.k.
Xususiy ishlarga o‘zboshimchalik bilan aralashishga yo’l quyilmasligi tamoyili fuqarolik huquqining xususiy huquq sifatidagi mohiyatidan kelib chiqadi. Bu tamoyil eng avvalo ommaviy xokimiyat va uning organlariga qaratilgan bo’lib, bozor munosabatlari tizimida mulkiy munosabatlar qatnashchilari, tovar egalari mulkdorlari xususiy ishlariga, shu jumladan xo‘jalik ishlariga aralashish faqat qonunda nazarda tutilgan xollardagina yo’l qo’yiladi. O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrdagi “Xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 19 noyabrdagi “Xo’jalik yurituvchi subyektlarini tekshirishini tashkil qilishini tartibga solish to’g’risida”gi Farmonida ushbu tamoyilni amalga oshirish kafolatlari belgilab qo’yilgan. Shaxsiy nomulkiy munosabatlar sohasida ushbu tamoyil erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, shaxsiy hayotdagi aralashishdan himoyalanish va turar joy daxlsizligi to’g’risidagi normalarda (Konstitutsiyaning 25, 27-modda) yanada konkretlashgan holda o‘z ifodasini topgan.
FKning qator normalarida ommaviy xokimiyat organlarining xususiy ishlarga o‘zboshimchalik bilan aralashmasligi uchun preventiv normalar belgilab qo’yilgan. Masalan, sud davlat organining hujjatini xaqiqiy emas deb topish, davlat organining qonunga zid hujjatini sudning qullamasligi, davlat organlari tomonidan yetkazilgan zararni undirilishi bo’yicha normalar (FKning 11, 15-modda) shular jumlasidandir.
5) Fuqarolik huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirilishi tamoyili. Uning mohiyati shundaki, hech kim boshqa subyektlarni fuqarolik huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishga haqli emas. Bordiyu shunday bo‘lgan taqdirda huquq sohibi bunday to‘sqinliklarni bartaraf etilishini so‘rab sudga murojaat qilishi mumkin. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish jamiyatdagi mavjud shart sharoitlar bilan belgilanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarni barcha mulkiy, shaxsiy huquqlarini amalga oshirish uchun real imkoniyatlar mavjud. Bunday imkoniyatlar yuridik jihatdan kafolatlanibgina qolmasdan mamlakatimizdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tizim tomonidan ham to‘liq ta’minlangan. Masalan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi. Bu boradagi har qanday byurokratik to‘sqinliklar va qonunda belgilangan tartibning buzilishi tegishli mansabdor shaxslar uchun muayyan javobgarlik choralarini belgilanishiga asos bo‘ladi.
6) Buzilgan fuqarolik huquqlarini tiklanishi tamoyili. Ko‘p hollarda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarni muayyan mulkiy yoki shaxsiy huquqlarni buzilishi bu huquqlarni mutlaqo bekor bo‘lishiga, tugatilishiga olib kelmaydi. Bunday huquqlar huquq sohibining sa’y-harakatlari tegishli vakolatli davlat, jamoat organlarini ko‘magi yoxud sud qarori asosida qaytadan avvalgi holatiga tiklanishi mumkin. Masalan, g‘ayriqonuniy ravishda mulkdordan olingan mol-mulkni asl holida qaytarib berilishi. Ushbu tamoyil g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lib fuqarolik muomalasini normal, uzluksiz, barqaror davom etishiga va huquq egalari uchun huquqbuzarlik natijasida vujudga kelgan barcha oqibatlarni to‘liq bartaraf etilishiga asos va sabab bo‘ladi. 7) Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilinishini ta’minlash tamoyili. Mamlakatimizda buzilgan fuqarolik huquqlarini ishonchli himoya qilishni mustahkam tizimi yaratilgan. Bu tizimning markazida odil sudlov orqali huquqlarni va qonuniy manfaatlarni himoya qilish tartibi yotadi. Konstitutsiyaning 44-moddasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deb belgilangan. Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish tartibi muayyan taomillar asosida ishlarni har tomonlama puxta ko‘rib chiqib, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan sud’yalar tomonidan adolatli, qonuniy qaror chiqarilishini nazarda tutadi. Mamlakatimizda odil sudlov tizimi tadbirkorlarni huquqlarini himoya qiluvchi xo‘jalik sudlari, oilaviy, fuqarolik, mehnat nizolari bo‘yicha fuqarolik sudlari, shuningdek, jinoyat sudlari faoliyat yuritmoqda. Odil sudlov tizimi mustaqil hokimiyat tarmog‘i bo‘lib u qonun va adolatga asoslanadi. Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilinishini ta’minlash fuqarolik huquqi subyektlarida ishonch, barqarorlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi. 8) Fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar o‘z fuqarolik huquqlariga o‘z erklariga muvofiq ega bo‘ladilar va bu huquqlarni o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiradilar. Ushbu tamoyilni mohiyati erk muhtoriyatida namoyon bo‘ladi. Bu fuqarolik huquqini o‘ziga xos maxsus tamoyili bo‘lib hisoblanadi. Fuqarolik huquqini subyektlari erk irodasining har qanday tajovuzlardan himoya qilinishi, ularni o‘z xohishlari, o‘z maqsadlari, manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik huquqiy munosabatlarga kirishishlari o‘zlari uchun maqbul shartnoma va bitimlar tuzishlari, ularni oqibatlaridan bahramand bo‘lishlari qonun bilan kafolatlangan. Nafaqat ularning erk irodasiga tazyiq o‘tkazishdan himoyalanish, shuningdek, bunday erk-irodani har xil yanglishishlar ta’siri ostida bo‘lishi holatlari, ularni oqibatlarini bartaraf etish ham fuqarolik qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan.
9) Tovar, xizmatlar va moliyaviy mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi butun hududida erkin harakatlanish tamoyili. Mamlakatimiz hududi yaxlit iqtisodiy-huquqiy maydon hisoblanadi. Ushbu hududda fuqarolik huquqi subyektlari turli tovarlar, ishlar, xizmatlar, moliyaviy mablag‘larni erkin muomalasidan bahramand bo‘lish huquqiga egadirlar. Xavfsizlikni ta’minlash, insonlarni hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishni ta’minlash, tabiiy va madaniy boyliklarni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan hollarda tovarlar va xizmatlar harakatda bo‘lishini cheklash qonun hujjatlarida joriy etilishi mumkin.
Bundan tashqari mamlakatimizda barcha mulk shakllarining tengligi va huquqiy jihatdan bab baravar muhofaza qilinishi, mulkiy munosabatlarning mafkuraviy munosabatlardan ajratilganligi, qonunda nimaiki ta’qiqlanmagan bo‘lsa ruxsat berilishi, fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining ijtimoiy adolat va qonuniylik tamoyili asosida harakat qilishi kabi tamoyillar ham mavjudligi to‘g‘risida adabiyotlarda fikr-mulohazalar mavjud. Fuqarolik huquqining ayrim kichik sohalari va institutlari jumladan, majburiyat huquqi, mulk huquqi, intellektual mulk huquqi, mualliflik huquqi, vorislik huquqi ham o‘zining alohida tamoyillariga ega.
Fuqarolik huquqi tamoyillaridan yana biri bu dispozitivlik tamoyili hisoblanadi. Uning mohiyati shundaki, fuqarolik huquqiy munosabatlar ishtirokchilari bu munosabatlarda mustaqil, o‘z xoxishiga ko‘ra qatnashadilar va manfaatlariga muvofiq tegishli xatti harakat qoidalarini tanlab oladilar. Masalan, ular aksariyat hollarda u yoki bu fuqarolik huquqiy munosabatlarga kirishish yoki kirishmaslik, o‘z kontragentlaridan majburiyatlar ijrosini talab qilishi yoki qilmaslik, o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab sudga murojaat qilish yoki qilmaslikni masalalarini o‘zlari mustaqil hal qiladilar.
Fuqarolik huquqining funksiyalari
Fuqarolik huquqi yagona huquq tizimining tarkibiy qismi sifatida o‘ziga xos funksiyalarni, vazifalarni amalga oshiradi. Huquq tarmog‘ining funksiyalari uning huquq tizimidagi joyini, o‘rnini belgilab beradi, chunki aslini olganda aloxida tarmoqlar o‘z funksiyalari va o‘z mazmuni bo‘yicha bir biridan farqlanadilar.
Fuqarolik huquqining asosiy funksiyalarini bo‘lib tartibga solish va muhofaza qilish hisoblanadi. Fuqarolik huquqining o‘ziga xos funksiyasi shundaki unda tartibga solish vazifalari ustuvor ahamiyatga ega, jinoyat huquqida esa qo‘riqlash, muhofaza qilish vazifalari ustuvor ahamiyatga ega.
Fuqarolik huquqining asosiy vazifasi eng avvalo jamiyatdagi normal iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Boshqacha aytganda fuqarolik huquqi huquqbuzarliklarni jazolashdan ko‘ra ko‘proq odatdagi o‘zaro mulkiy munosabatlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Xuddi shu sababli ham fuqarolik huquqida ta’qiqlar nihoyatda kam va yo‘l qo‘yilgan harakatlar benihoyat ko‘pdir. Fuqarolik-huquqiy qurilmalar va ta’sir vositalari orqali mulkiy munosabatlar ishtirokchilari o‘zlari mustaqil tashkil etadilar. Shunday qilib, fuqarolik huquqining tartibga soluvchi (regulyativ) funksiyasi tartibga solinayotgan munosabatlar ishtirokchilariga o‘z o‘zini tashkil etish, o‘z o‘zini tartibga solish imkoniyatlarini berishda ifodalanadi. Bunga fuqarolik munosabatlari ishtirokchilari turli tijorat va notijorat yuridik shaxslari tuzish, o‘zaro shartnomaviy munosabatlarga kirishish imkoniyatlari fuqarolik huquqiy normalar orqali belgilab qo’yilganini misol keltirish mumkin.
O‘z o‘zidan yoki ushbu funksiyani mazmuni va yo’naltirilganligi fuqarolik huquqi tarkibiga kiruvchi munosabatlarning xususiy harakteridan kelib chiqadi. Bu esa ommaviy huquq oldida turgan regulyativ (tartibga solish) munosabatlaridan tubdan farq qiladi. Ommaviy huquqda tegishli munosabatlarni tartibga solish qat’i belgilangan harakterga ega bo’lib, ishtirokchilarning erkin ravishda o‘z xohish irodasi bilan ish ko’rishlariga imkon qolmaydi.
Fuqarolik huquqining muhofaza, qo‘riqlash funksiyasi birinchi navbatda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarning mulkiy manfaatlarini himoya qilish maqsadini ko’zlaydi. U fuqarolik muomalasining insofli ishtirokchilari mulkiy holatini ularning huquq va manfaatlarini buzilishidan ilgarigi, avvalgi holatiga qaytarishga yo’naltiriladi. Shu sababli xam u umumiy qoidaga ko’ra buzilgan huquqlarni tiklash yoki jabrlanuvchiga yetkazilgan zararlarni qoplanishi, tovon to’lashining yo’llari bilan amalga oshiriladi. Aniqki uning qayta tiklash, tovon to’lashiga yo’naltirilganligi tovar-pul mulkiy munosabatlarni ekvivalentli to’lov, qiymatga asoslangan tabiyatidan kelib chiqadi. Qo’riqlash, muhofaza qilish funksiyasining eng muhim yo’nalishlaridan biri bo’lib huquqbuzarlikni oldini olish, huquqbuzarlarga tarbiyaviy ta’sir etish (preventiv) vazifalari hisoblanadi. Buning uchun fuqarolik huquqiy munosabatlar ishtirokchilarning muayyan xulq-atvori rag‘batlantiriladi, xuddi shunday xulq-atvorga ular yo’naltiriladilar. Bu esa o‘zgalarni manfaatini asossiz kamsitish yoxud buzilgan istisno etadi. Ushbu funksiya delikt (zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlarda) va boshqa huquqni qo’riqlovchi majburiyatlarda, shuningdek, shaxsiy nomulkiy huquqlarni tartibga solishda yaqqol namoyon bo’ladi. Mulkiy munosabatlar bilan bog‘lanmagan shaxsiy nomulkiy munosabatlarni rasmiylashtirishda esa fuqarolik huquqi umuman olganda mutlaqo himoya vazifalari bilan cheklanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |