Fuqarolik huquqlarining amalga oshirilishi va burchlarining bajarilishi. Fuqarolik huquqlarining himoya qilinishi Fuqarolik huquqining subyektlari o‘zlarining huquqiy maqomidan kelib chiqib, xilma xil fuqarolik huquqlarini olish, ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga egadirlar. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish tartibi FKning 9-moddasida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra fuqarolar va yuridik shaxslar fuqarolik huquqlarini o‘z xohishlariga ko‘ra o‘z erki irodasi bilan o‘z manfaatlarini ko‘zlab qo‘lga kiritadilar hamda amalga oshiradilar. Ular o‘zlariga tegishli fuqarolik huquqlarini shu jumladan, bunday fuqarolik huquqlarini himoya qilishni ham o‘z xohishlariga ko‘ra belgilaydilar, tasarruf etadilar. Bunda ular bu huquqlarni amalga oshirish yoki amalga oshirmaslikni o‘z xohishlariga ko‘ra hal etadilar. Ularni o‘z huquqlarini amalga oshirishdan voz kechishi agar qonunda boshqacha holat belgilanmagan bo‘lsa, huquqlarni kelgusida bekor bo‘lishiga olib kelmaydi. Bir subyekt tomonidan o‘z huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarni huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi lozim.
Qonun fuqarolik huquqiy munosabat ishtirokchilarini insofli, oqilona va adolat bilan harakat qilishini nazarda tutadi. Buning ma’nosi shundan iboratki, toki aksi isbotlanmaguncha subyekt insofli, oqilona va adolat bilan harakat qilgan deb hisoblanadi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarishda jamiyatning ma’naviy tamoyillari, ahloqiy normalarni hurmat qilishlari, tadbirkorlar esa ish odobi, ish muomalasi qoidalariga rioya qilishlari shart. Ular o‘z huquqlarini amalga oshirishda boshqalarga zarar yetkazmasliklari, huquqlarni suiiste’mol qilmasliklari, ulardan qonun hujjatlariga huquqni mohiyatiga zid ravishda foydalanmasliklari shart. Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z huquqlarini amalga oshirishda yuqorida ko‘rsatilgan talablarga, shartlarga rioya etmasalar sud ularga tegishli huquqni himoya qilishni rad etishga haqli.
Subyektiv fuqarolik huquqini real amalga oshirishni namoyon bo‘lish holatlaridan biri bo‘lib zimmasiga majburiyat yuklangan shaxsni agarda u majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarmasa, majburiyatni bajarishga majbur qilish hisoblanadi. Fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari FKning 11-moddasi mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib quyidagilardan iboratdir:
huquqni tan olish;
huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tug‘diradigan harakatlarning oldini olish;
bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash;
davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish;
shaxsning o‘z huquqini o‘zi himoya qilishi;
burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish;
zararni to‘lash;
neustoyka undirish;
ma’naviy ziyonni qoplash;
huquqiy munosabatni bekor qilish yoki o‘zgartirish;
davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qo‘llamasligi.
Fuqarolik huquqlari qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham himoya qilinishi mumkin. Masalan, intellektual mulk huquqini himoya qilishning maxsus usullari FKning 1040-moddasida belgilangan bo‘lib, mutlaq huquqlar qaysi moddiy obyektlar yordamida buzilgan bo‘lsa, o‘sha moddiy obyektlarni hamda bunday buzish natijasida yaratilgan moddiy obyektlarni olib qo‘yish orqali yoki yo‘l qo‘yilgan buzish haqidagi ma’lumotni majburiy suratda e’lon qilib, unga buzilgan huquq kimga tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish orqali ham himoya qilish mumkin.
Fuqarolik huquqlarini himoya qilish tartibi ham o‘z mohiyatiga ko‘ra umumiy va maxsus tartibga bo‘linadi. Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning umumiy tartib umumyurisdiksiya sudlari va xo‘jalik sudi orqali himoya qilish asosida shuningdek, fuqaroning o‘z huquqlarini o‘zi himoya qilishdan iborat bo‘ladi. Fuqarolik kodeksining 10-moddasiga asosan fuqarolik huquqlari protsessual qonunlar yoki shartnomada belgilab qo‘yilganidek, ishlar qaysi sudga taalluqli bo‘lishiga qarab, sud, xo‘jalik sudi yoki hakamlik sudi (bundan keyin – sud) tomonidan himoya qilinadi. Qonunda nazarda tutilgan hollardagina fuqarolik huquqlari ma’muriy tartibda himoya qilinadi. Ma’muriy tartibda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Fuqarolik huquqining subyektlari o‘zlari tomonidan ham fuqarolik huquqlarini himoya qilishlari mumkin. Biroq, bunda himoya muayyan shartlar asosida amalga oshirilishi qonunda belgilab qo‘yilgan. FKning 13-moddasiga ko‘ra fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilishiga yo‘l qo‘yiladi. Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilish usullari huquqni buzishga mutanosib bo‘lishi hamda huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak. Masalan, FKning 290-moddasiga ko‘ra qarzdorga yoki qarzdor ko‘rsatgan shaxsga topshirilishi lozim bo‘lgan ashyoni saqlayotgan kreditor ushbu ashyo haqini yoki u bilan bog‘liq chiqimlar va boshqa zararni kreditorga to‘lash majburiyatlari qapzdor tomonidan muddatida bajarilmagan taqdirda uni tegishli majburiyat bajarilgunga qadar ushlab qolishga haqli.
Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning maxsus tartibi faqat qonun yoki boshqa normativ huquqiy hujjatlarda maxsus ko‘rsatma bo‘lgan taqdirdagina qo‘llanilishi mumkin. Masalan, mualliflik huquqlarini jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan huquqlarni amalga oshirilishi va himoya qilinishi. Bojxona kodeksining 382-moddasiga ko‘ra bojxona organlari o‘z vakolatlari doirasida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish choralarini ko‘radi. Bojxona hududiga olib kiriladigan va bojxona nazorati ostida turgan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning himoya qilinishini ta’minlash uchun bojxona organlari:
- intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning buzilganlik belgilari mavjud bo‘lgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turishi;
- intellektual mulk obyektlarini o‘z ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishi mumkin.
Shuningdek, sport musobaqalarida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar aniqlangan holatlarda o‘yin natijalarini bekor qilinishi, g‘irromchi sportchilarga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llanilishi va h.k.