Xalqaro standartlarni turkumlash
XX asrning ikkinchi yarmi hamda XXI asrning dastlabki yillari jahon mamlakatlari o’rtasida o’zaro hamkorlik va integratsiya jarayonlarining kuchayishi bilan izohlanadi. Xalqaro maydonda iqtisodiy munosabatlarning tobora chuqurlashib borishi jahonning turli mintaqalarida erkin iqtisodiy zonalarning vujudga kelishiga va transmilliy korporatsiyalar faoliyatining kuchayishiga turtki berdi.
Biznes va aloqalarning jahon mamlakatlari bo’ylab baynalmilallashuvi buxgalteriya hisobi va audit tizimining ham xalqaro ko’rinishga ega bo’lishiga olib keldi. Shunday bir sharoitda transmilliy korporatsiyalar va ularning jahonning boshqa mamlakatlaridagi bo’linmalari o’rtasida hisob va audit tizimini yuritishda yangicha tartib ishlab chiqilishini taqozo qildi. Turli mamlakatlarda auditorlik faoliyatiga turlicha yondoshilishiga qaramasdan, jahon xo’jaligi va moliya bozorlarining baynalmilallashuvi kuchayib borayotganligini aks ettiruvchi unifikatsiyalangan qoidalarni ishlab chiqish zarur.
Ma’lumki, xalqaro audit standartlari jahon mamlakatlarida turlicha qo’llaniladi. Bunga asosiy sabab, ushbu mamlakatlarda buxgalteriya hisobi va auditning turlicha modellari amal qilishidadir.
Jahon mamlakatlarda buxgalteriya hisobi va audit tizimining turlicha yuritilishi hisob va audit sohasida standartlarni muvofiqlashtirish va tatbiq etishni taqozo etdi. Xususan, bu tadbir bilan IAPS shug’ullanadi. IFAC huzuridagi Xalqaro auditorlik amaliyoti qo’mitasi (IAPS) auditorlik faoliyati kam taraqqiy etgan davlatlarda ushbu kasbning mavqeini ko’tarish maqsadida xalqaro auditorlik standartlarini qo’llashni muvofiqlashtirib turadi.
B ugungi kunga kelib xalqaro audit standartlarini jahon mamlakatlari bo’yicha qo’llanilish darajasiga ko’ra quyidagi ko’rinishi mavjud:
AQSh, Kanada va Buyuk Britaniyaning auditorlik faoliyatida milliy standartlar amal qilib, xalqaro auditorlik standartlaridan ma’lumot uchun foydalaniladi.
Avstraliya, Braziliya, Niderlandiya va boshqa davlatlarda xalqaro auditorlik standartlari milliy auditorlik standartlarini ishlab chiqishda asos bo’lib xizmat qiladi. O’zbekistonda ham xalqaro audit standartlari asosida auditning milliy standartlari ishlab chiqilmoqda va amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Malayziya va Nigeriyada milliy standartlar ishlab chiqilmaydi, ularning auditorlik amaliyotida xalqaro standartlar to’lig’icha amal qiladi.
Har bir mamlakatda auditning standartlarini ishlab chiqishda maxsus tashkilotlar faoliyat yuritadi. Masalan, AQShda standartlarni ishlab chiqish bilan moliyaviy hisobot standartlarini ishlab chiquvchi kengash (FASB) shug’ullanadi.
Ushbu standartlarning amalda qo’llanilishini nazorat qilish hukumatning Qimmatli qog’ozlar va birjalar bo’yicha komissiyasi (SEC) zimmasiga yuklatilgan.
FASB va SECning o’zaro hamkorligi tufayli AQShda audit standartlari qo’llanilishining samarali mexanizmi yaratilgan.
Auditning vatani hisoblangan Buyuk Britaniyada esa buxgalteriya hisobi va audit siyosati asosan nohukumat tashkilotlar tomonidan olib boriladi. Shu boisdan
AQSh va Buyuk Britaniyada qabul qilingan audit standartlari bir-biriga mos tushmaydi.
Frantsiyada auditning milliy standartlari Milliy kompaniya qo’mitasi tomonidan ishlab chiqiladi. Ushbu davlatda qabul qilinadigan auditning milliy standartlari xalqaro standartlarga to’lig’icha mos keladi, ayrim mutaxassislarning aytishicha, Frantsiyada qabul qilinadigan milliy standartlar «Xalqaro standartlarning frantsuzcha varianti» deb yuritiladi.
Umuman olganda, xalqaro auditorlik standartlari jahon miqyosida audit tizimini unifikatsiyalashga xizmat qiladi. Respublikamiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish yo’lida auditorlik faoliyatini xalqaro standartlar asosida tashkil qilish hamda milliy auditorlik standartlarini qabul qilish jarayonida yuqorida sanab o’tilgan mamlakatlar tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |