Aziz doʻstlar! Biz har bir yilga ezgu niyat bilan nom beramiz va oʻz oldimizga ulkan marralarni qoʻyamiz. Buyuk Imom Buxoriy hazratlarining “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari“Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi” degan hadis bilan boshlanishida albatta juda chuqur maʼno bor. Biz 2018 yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” deb nom berib, Davlat dasturi doirasida 21 trillion soʻm va 1 milliard dollarga teng 76 mingta loyihani amalga oshirganimiz oʻtgan yili yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimizning natijasini koʻrsatib turibdi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, kapital qurilish, transport-kommunikatsiya, servis va xizmat koʻrsatish sohalarida salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritildi. Ayniqsa, har qachongidan ham ogʻir boʻlgan bu yilgi mavsumda mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilganlarini alohida taʼkidlashni istardim.
Do'stlaringiz bilan baham: |