Aziz doʻstlar! Yilga bunday nom berganimiz barchamizga juda katta vazifalar va masʼuliyat yuklaydi. Investitsiyalarni qanday qilib koʻpaytiramiz, ijtimoiy muammolarni qanday hal qilamiz, degan savollar oldimizda koʻndalang boʻlib turibdi. “Oynai jahon” orqali bizni kuzatib turgan xalqimiz ana shu savollarga bizdan javob kutishga toʻla haqli. Bu vazifalarni hal qilishga bugundan boshlab kirishmasak, bor kuch va imkoniyatlarimizni shu yoʻlda safarbar etmasak, koʻzlagan maqsadga, marraga erishish qiyin boʻladi. Har bir rahbar – u vazir yoki markaziy idora boshligʻi boʻladimi, deputat yoki senator boʻladimi, kompaniya yoki xoʻjalik birlashmasi raisi, viloyat yoki tuman hokimi boʻladimi – barcha-barchamiz bu ishni eng birinchi vazifamiz, deb bilishimiz zarur. Biz faqat investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz. Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada toʻplanib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |