O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining



Download 63,49 Kb.
Sana02.04.2022
Hajmi63,49 Kb.
#525411
Bog'liq
306 23.12.2016 (1)




O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda iqtisodiy sudlar (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi), “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va boshqa qonun hujjatlari, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalarini qo‘llashi lozim.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlarning e’tibori qaratilsinki, buyurtmachining maqomidan yoki moliyalashtirish shartlaridan kelib chiqib (masalan, markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablag‘lari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarning qurilishida), qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda alohida normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalari ham qo‘llaniladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi 2003-yil 6-maydagi PF-3240-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kapital qurilishda tanlov savdolari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2003-yil 3-iyuldagi 302-sonli, “Kapital qurilishda xo‘jalik munosabatlari mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2003-yil 12-sentabrdagi 395-sonli qarorlari va boshqalar shunday hujjatlar sirasiga kiradi.
2. Qurilish pudrati shartnomasi buyurtmachi va pudratchi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi.
2.1. Qurilish pudrati shartnomasining shartlarini baholashda sudlar FK 364-moddasining birinchi qismiga muvofiq, agar taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan deb hisoblanishini inobatga olishlari lozim. Shu munosabat bilan, agar qurilish pudrati shartnomasida muhim shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa hamda ushbu shartlarni belgilash imkoniyati bo‘lmasa, bunday shartnoma tuzilmagan deb hisoblanadi. Bu holatda sudlar nizoni hal etishda shartnomadan tashqari majburiyatlarni tartibga soluvchi qoidalarni qo‘llashlari lozim.
Sudlarning e’tibori tuzilmagan shartnomaning haqiqiy bo‘lmagan bitimdan farqlanishiga va tuzilmagan shartnoma haqiqiy bo‘lmagan bitimning oqibatlarini keltirib chiqarmasligiga qaratilsin.
2.2. Shartnomada muhim shartlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi sud tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda aniqlanadi. Bunda, shartnomada muhim shartlar mavjud emasligi haqidagi o‘zining vajlarini nizoning tarafi da’vo arizasida yoki da’vo arizasi yuzasidan bildirilgan yozma fikrida keltirishi mumkin.
Agar ishni ko‘rish jarayonida shartnomada bunday shartlarning mavjud emasligi aniqlansa, sud nizo yuzasidan qurilish ishlarini bajarishda rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida qaror qabul qiladi va uning asoslantiruvchi qismida qurilish pudrati shartnomasi tuzilmaganligini ko‘rsatib o‘tadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni e’tiborga olishi kerakki, shartnoma tuzilmaganligi to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilinmaydi, faqat bu haqda hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ko‘rsatiladi. Shunga ko‘ra, shartnomani tuzilmagan deb topish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilinsa, bunday da’vo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
(2.2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2.3. Sudlarning e’tibori, qurilish pudrati shartnomasida muhim shartlarning mavjud bo‘lmaganligi va shunga ko‘ra shartnoma tuzilmagan deb hisoblanishi, agar bunday ishlarning bajarilganligi holati taqdim etilgan dalillar bilan isbotlansa, bajarilgan ishlar qiymatini undirish to‘g‘risidagi talabni rad etishga asos bo‘lmasligiga qaratilsin. Biroq, bunday qurilish pudrati shartnomasi shartlari va (yoki) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik chorasini (neustoyka, foizlar undirish, zararni qoplash) qo‘llash to‘g‘risidagi talabni qanoatlantirish rad etiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksi 122-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ular g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Shunga ko‘ra, agar g‘aznachilik bo‘linmasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqqan nizoni hal etishda, shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi aniqlansa, sudlar mazkur qarorning 2.3-bandida belgilangan qoidalarni qo‘llashlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Agar qonun hujjatlarida qurilish pudrati shartnomasi faqat elektron do‘kon, tanlov, tender, yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari natijalari asosida tuzilishi nazarda tutilgan bo‘lib, shartnoma savdolar o‘tkazilmasdan tuzilgan bo‘lsa, bunday bitim FKning 116-moddasiga asosan o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir.
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, agar qonun hujjatlarida qurilish pudrati shartnomasini tuzishning majburiy sharti sifatida tanlov (tender) savdolari o‘tkazilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday shartnoma shartlarini o‘zgartirish yuzasidan qo‘shimcha kelishuv tuzish uchun pudrat tashkilotini g‘olib deb topgan tanlov (tender) komissiyasining belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan va rasmiylashtirilgan bayonnomasi asos bo‘ladi.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tanlov (tender) savdolari natijalari bo‘yicha tuzilgan shartnoma shartlarini taraflarning kelishuvi bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tanlov (tender) savdolari natijalari yuzasidan tuzilgan shartnomaga taraflarning kelishuviga asosan kiritilgan o‘zgartirishlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
5. FKning 108 va 109-moddalari mazmuniga ko‘ra, qurilish pudrati shartnomasi oddiy yozma shaklda tuziladi va ushbu shaklga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi. Bunda, agar qurilish pudrati shartnomasi yozma shaklda tuzilmagan bo‘lsa, taraflar bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini yozma yoxud boshqa dalillar bilan tasdiqlashlari mumkin.
Shunga ko‘ra, qurilish ishlarini bajarish bilan bog‘liq nizoni hal etishda taraflar qurilish pudrati shartnomasini oddiy yozma shaklda tuzmagan holda huquqiy munosabatga kirishganligi aniqlansa, sudlar mazkur qarorning 2.3-bandida belgilangan qoidalarni qo‘llashlari lozim.
6. FK 670-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq, pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlarni va shu munosabat bilan qo‘shimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligini aniqlasa, bu to‘g‘rida buyurtmachiga xabar berishi shart.
6.1. Agar texnik hujjatlarga o‘zgartishlar kiritish tufayli bajarilishi kerak bo‘ladigan qo‘shimcha ishlar qiymati smetada ko‘rsatilgan qurilish umumiy qiymatining o‘n foizidan oshib ketmasa va qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan ishlarning xususiyatini o‘zgartirmasa, pudratchining qo‘shimcha ishlar bajarilishi lozimligi to‘g‘risidagi xabarini olgan va unga rozilik bergan buyurtmachi FK 671-moddasining birinchi qismiga muvofiq mustaqil ravishda loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishga haqli. Bunday holatda pudratchining xabarnomasi va buyurtmachining loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha harakatlari taraflarning qo‘shimcha ishlar bajarilishi zarurligi bo‘yicha kelishuvini anglatadi hamda bu masala bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv tuzilishi majburiy emas.
6.2. Agar qo‘shimcha ishlar qiymati smetada ko‘rsatilgan qurilish umumiy qiymatining o‘n foizidan oshsa va buyurtmachi bunday ishlarni bajarishga rozi bo‘lsa, loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish kelishuvga ko‘ra amalga oshiriladi va bu haqda taraflar tomonidan kelishuv rasmiylashtiriladi.
6.3. Agar pudratchi buyurtmachidan o‘n kun ichida (agar qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida buning uchun boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa) qo‘shimcha ishlar bajarish va qurilish smeta qiymatini oshirish zarurligi to‘g‘risidagi o‘z xabariga javob olmagan taqdirda, u tegishli ishlarni to‘xtatishi shart. Mazkur holda, agar buyurtmachi qo‘shimcha ish bajarish zarurati yo‘qligini isbotlamasa, bekor turib qolish natijasida ko‘rilgan zarar buyurtmachining zimmasiga yuklanadi.
Sudlar e’tiborga olishlari lozimki, agar qo‘shimcha ishlar qiymati smetada ko‘rsatilgan qurilish umumiy qiymatining o‘n foizidan oshmasa va buyurtmachi loyiha-smeta hujjatlariga tegishli o‘zgartish kiritishga qarshi bo‘lsa, pudratchi shartnomadan bosh tortishga va bajargan ishlariga mutanosib ravishda shartnoma bahosini to‘lashni talab qilishga haqli.
Agar qo‘shimcha ishlar qiymati smetada ko‘rsatilgan qurilish umumiy qiymatining o‘n foizidan oshsa va buyurtmachi loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartish kiritishga qarshi bo‘lsa, pudratchi shartnomadan bosh tortishga va bajargan ishlariga mutanosib ravishda shartnoma bahosini to‘lashni yoxud FK 382-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shartnoma bahosini qayta ko‘rib chiqishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda, qurilish pudrati shartnomasi tender savdosi natijasi bo‘yicha tuzilgan bo‘lsa va tender komissiyasi shartnomaga o‘zgartishlar kiritishni rad etsa, pudratchi shartnomadan voz kechish va buyurtmachidan yetkazilgan zararni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bu qoida buyurtmachi tomonidan tender komissiyasiga tegishli hujjatlar taqdim etilmagan hollarda ham qo‘llaniladi.
6.4. FK 670-moddasining oltinchi qismiga ko‘ra, agar pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan aniqlangan ishlar to‘g‘risida buyurtmachini xabardor qilmasa yoki tegishli ishlar bajarilishini to‘xtatmasa, u bajargan qo‘shimcha ishlar uchun buyurtmachidan haq to‘lashni va shu tufayli ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, agar sud tomonidan nizoni hal etishda pudratchi tomonidan FK 670-moddasining oltinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilinmaganligi aniqlansa, pudratchining bajargan qo‘shimcha ishlar uchun haq to‘lash va shu tufayli ko‘rilgan zararni qoplash haqidagi talablarini qanoatlantirish rad etiladi.
Sudlar e’tiborga olishlari kerakki, agar pudratchi buyurtmachining manfaatini ko‘zlab, xususan ishning to‘xtatilishi qurilish obyektining nobud bo‘lishiga yoki shikastlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lganligi munosabati bilan darhol harakatlar qilish zarur bo‘lganligini isbotlasa, pudratchining bajargan qo‘shimcha ishlar uchun haq to‘lash va shu tufayli ko‘rilgan zararni qoplash haqidagi talablari qanoatlantiriladi. Bunda, buyurtmachining manfaatini ko‘zlab darhol harakatlar qilish zarur bo‘lganligini isbotlash majburiyati pudratchi zimmasida bo‘ladi.
Sudlarning e’tibori qaratilsinki, agar pudratchi buyurtmachini qo‘shimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligi to‘g‘risida oldindan ogohlantirmagan, ammo buyurtmachi pudratchi tomonidan qo‘shimcha bajarilgan ishlarni qabul qilgan bo‘lsa, bu holat buyurtmachining bunday ishlar haqini to‘lashga roziligini anglatmaydi.
6.5. Sudlar inobatga olishlari kerakki, FK 671-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan pudratchining loyiha-smeta hujjatlaridagi kamchiliklarni aniqlash va yo‘qotish bilan bog‘liq oqilona xarajatlarni qoplashni talab qilish huquqi loyiha-smeta hujjatlari faqat buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgandagina vujudga keladi.
7. Fuqarolik qonun hujjatlariga ko‘ra, pudratchi tomonidan shartnomaviy majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda (FK 642-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari, 650-moddasining uchinchi qismi) yoxud bunday holatdan qat’i nazar (FK 642-moddasining to‘rtinchi qismi), buyurtmachi shartnomadan voz kechishga haqli.
Buyurtmachi shartnomadan voz kechganda u bu haqda pudratchini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Sudlarning e’tibori FK 636-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan buyurtmachining shartnomadan voz kechish huquqi qurilish pudrati shartnomasi ijro etilishida qo‘llanilmasligiga qaratilsin, chunki loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlar va buning natijasida qo‘shimcha ishlarni bajarish zaruriyati aniqlanganda, qurilish pudrati shartnomasi taraflarning o‘zaro munosabatlari bunday munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus norma bo‘lgan FKning 670 va 671-moddalari bilan tartibga solinadi.
7.1. FK 642-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar pudratchi pudrat shartnomasini bajarishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki ishni sust bajarishi natijasida uni belgilangan muddatda tugatish mumkin emasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Sudlar e’tiborga olishlari kerakki, buyurtmachining bunday asoslar bilan qurilish pudrati shartnomasidan voz kechishida, agar ish kechiktirib bajariladigan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomaga nisbatan o‘z qiziqishini yo‘qotganligini isbot qilishi lozim. Agarda buyurtmachi shartnomaga nisbatan o‘z qiziqishini yo‘qotganligini isbotlab berolmasa, yetkazilgan zararni qoplash haqidagi talabni qanoatlantirish rad etiladi.
7.2. FK 642-moddasi uchinchi qismining mazmuniga ko‘ra, agar ishni bajarish vaqtida uning tegishli darajada bajarilmasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Bu holatda buyurtmachi pudratchiga kamchiliklarni yo‘qotish uchun oqilona muddat belgilanganligi va pudratchi belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etmaganligini isbotlashi lozim.
FK 650-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa yoxud aniqlangan kamchiliklar buyurtmachi tomonidan belgilangan oqilona muddatda bartaraf etilmagan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklarni bartaraf etish mumkin bo‘lsa va buyurtmachi pudratchidan belgilangan oqilona muddatda ularni bartaraf etishni talab qilgan bo‘lsa, biroq ular pudratchi tomonidan bartaraf etilmagan hollardagina buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
7.3. Buyurtmachining zararni qoplash to‘g‘risidagi talabini ko‘rishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan tarafning qilgan xarajatlari, mol-mulk yo‘qolishi yoki shikastlanishi, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganda taraf olishi mumkin bo‘lgan, lekin uning ololmay qolgan daromadlari, huquqi buzilgan shaxsning huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari ham kiradi (FK 14-moddasining ikkinchi qismi). Bunday xarajatlarning zaruriyligi va ularning taxminiy miqdori asoslantirilgan hisob-kitob va dalillar (ishdagi kamchiliklarni bartaraf etish xarajatlari smetasi yoki kalkulatsiyasi, majburiyatlarni buzilganligi uchun javobgarlik darajasini belgilovchi shartnoma va h.k.) bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Ololmay qolgan daromadning miqdori (boy berilgan foyda), agar majburiyat bajarilganida, buyurtmachi qilishi lozim bo‘lgan oqilona xarajatlarni hisobga olib aniqlanishi lozim.
7.4. FK 642-moddasi to‘rtinchi qismining mazmuniga ko‘ra, buyurtmachi ish natijasi o‘ziga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechishi mumkin.
Sudlarning e’tibori, buyurtmachi bunday huquqdan, pudrat shartnomasida bu taqiqlanmagan bo‘lsagina, foydalanishi mumkinligiga qaratilsin.
Buyurtmachi ushbu huquqdan foydalanganida, u pudratchiga shartnomadan voz kechganligi to‘g‘risidagi ogohlantirish olingunga qadar bajarilgan ish haqini to‘lashi hamda pudratchiga shartnomaning bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Bunda, zarar miqdori pudratchi tomonidan shartnomani bajarilishiga tayyorlanishida qilingan xarajatlar hamda shartnoma bekor qilinmaganida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari summasidan kelib chiqib aniqlanadi. Biroq, har qanday holatda ham, pudratchining zarari bajarilgan ishning bahosi bilan hamma ish uchun belgilangan baho o‘rtasidagi farq doirasida qoplanadi.
8. FKda pudratchining ham pudrat shartnomasidan bosh tortish huquqi nazarda tutilgan. Bunda, buyurtmachidan farqli ravishda pudratchi hech bir asossiz shartnomadan bosh tortishga haqli bo‘lmay, u faqat qurilish pudrati shartnomasi shartlarining buyurtmachi tomonidan bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi holatlaridagina bunga haqlidir (FK 644-moddasining ikkinchi qismi va 672-moddasining uchinchi qismi).
Sudlarning e’tibori pudratchining FK 643-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan shartnomadan voz kechish huquqi qurilish pudrati shartnomasini bajarilishida qo‘llanilmasligiga qaratilsin, chunki buyurtmachi tomonidan yetkazib berilgan materiallar (detallar, konstruksiyalar) yoki uskunalarning yaroqsizligi aniqlanganligi sababli vujudga kelgan o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar maxsus norma hisoblanadigan FKning 672-moddasida nazarda tutilgan.
8.1. FKning 256 va 644-moddalariga ko‘ra, agar buyurtmachi pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘zining muqobil majburiyatlarini bajarmasa (pudrat obyekti, materiallar va (yoki) texnik hujjatlarni bermaganligi yoxud ushbu majburiyatlarning belgilangan muddatda bajarilmasligini yaqqol ko‘rsatib turganligi) yoki shartnomani bajarishiga to‘sqinlik qilsa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
Sudlarga tushuntirilsinki, pudratchi mazkur huquqdan faqat pudrat shartnomasida bu taqiqlanmagan bo‘lsagina, foydalanishi mumkin.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, pudratchining zararni qoplash to‘g‘risidagi talabini qanoatlantirishda zarar miqdori pudratchi tomonidan shartnomani bajarilishiga tayyorlanishida qilingan xarajatlar hamda shartnoma bekor qilinmaganida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari summasidan kelib chiqib aniqlanadi.
8.2. FKning 672-moddasida ham, agar qurilishni materiallar (detallar, konstruksiyalar) bilan ta’minlash majburiyatini buyurtmachi zimmasiga olgan va u topshirgan materiallardan, uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanib bo‘lmasa, pudratchi qurilish pudrati shartnomasidan voz kechish va buyurtmachidan ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini to‘lashni talab qilishga haqli ekanligi nazarda tutilgan.
Pudratchining ko‘rsatilgan asos bo‘yicha shartnomadan voz kechishi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda, sudlar pudratchining buyurtmachiga u tomonidan taqdim etilgan material va uskunalarni almashtirish bo‘yicha talab bildirilgan-bildirilmaganligini aniqlashlari lozim.
Sudlar e’tiborga olishlari kerakki, bunday asos bilan shartnomadan voz kechganda pudratchi buyurtmachidan faqat ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini to‘lashni talab qilishga haqli.
9. FKning 646 va 680-moddalariga ko‘ra, buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida ko‘rib chiqishi va qabul qilishi shart bo‘lib, bu haqda ikkala taraf tomonidan imzolanadigan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Taraflardan biri dalolatnomani imzolashdan bosh tortsa, bu to‘g‘rida ushbu dalolatnomaga yozib qo‘yiladi va dalolatnomani ikkinchi taraf imzolaydi. Sud dalolatnomani imzolashdan bosh tortish sabablarini asosli deb topsagina, ishlar natijasini topshirish yoki qabul qilishning bir taraflama dalolatnomasini haqiqiy emas deb topishi mumkin. Dalolatnomani imzolashdan bosh tortish asosli hisoblanadi, agar bosh tortishga quyidagilar sabab bo‘lgan bo‘lsa:
bajarilgan ishdan qurilish pudrati shartnomasida ko‘rsatilgan maqsadda foydalanish imkoniyatini bermaydigan kamchiliklar borligi buyurtmachi tomonidan aniqlangan va ularni pudratchi, buyurtmachi yoki uchinchi shaxs bartaraf etishi mumkin bo‘lmagan taqdirda;
qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan yoki shartnoma yuzasidan bajariladigan ishning xususiyatidan kelib chiqqan hollarda pudratchi dastlabki sinovdan bosh tortgan taqdirda.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni e’tiborga olishi kerakki, bir tomonlama topshirish yoki ishlar natijasini qabul qilish dalolatnomasini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilinmaydi, faqat hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida bu haqda ko‘rsatiladi. Shunga ko‘ra, pudrat shartnomasining taraflaridan biri sudga bir tomonlama dalolatnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilsa, bunday da’vo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
(9-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Taraflardan biri ishlar natijasini topshirish yoki qabul qilish dalolatnomasini imzolash majburiyatini yuklash haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilganda, bunday da’voni qanoatlantirish rad etiladi, chunki bir taraflama dalolatnoma ishlar bajarilganligini tasdiqlovchi dalil sifatida xizmat qilishi mumkin, agar sud ikkinchi tarafni dalolatnomani imzolashdan bosh tortishini asossiz deb topsa.
9.1. FK 646-moddasining qoidalariga ko‘ra, ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish to‘g‘risida keyinchalik talab qo‘yish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda ko‘rsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli. Pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar), shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklar aniqlangan holatlar bundan mustasno.
Shu bois, dalolatnomada ko‘rsatilmagan bajarilgan ishlarning kamchiligi bo‘yicha nizo kelib chiqqan taqdirda, sudlar pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki boshqa kamchiliklar ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkinligini, bu kamchiliklar pudratchi tomonidan qasddan yashirilmaganligini aniqlashlari lozim.
Agar bunday kamchiliklarni ishni qabul qilish paytida aniqlash mumkin bo‘lganligi yoki ishlar buyurtmachi tomonidan tekshirmasdan qabul qilinganligi aniqlansa, buyurtmachining ishdagi bunday kamchiliklarga havola qilishi pudratchining bajarilgan ishlar haqini undirib berish to‘g‘risidagi talabini qanoatlantirishni rad etish yoxud buyurtmachining ushbu kamchiliklar bilan bog‘liq talablarini qanoatlantirish uchun asos bo‘lmaydi.
9.2. FK 646-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq, buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan so‘ng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan so‘ng o‘n kunlik muddat ichida bu to‘g‘rida pudratchiga xabar qilishi shart.
Shunga ko‘ra, bunday kamchiliklar yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, sudlar ushbu kamchiliklar buyurtmachi tomonidan qachon aniqlanganligini va pudratchi bu to‘g‘rida ko‘rsatilgan muddatda xabardor qilinganligini aniqlashlari lozim.
Agar pudratchi o‘z vaqtida xabardor qilinmagan bo‘lsa va ko‘rsatilgan muddatning o‘tkazib yuborilganlik sababi sud tomonidan uzrsiz deb topilsa, buyurtmachining ishdagi bunday kamchiliklarga havola qilishi pudratchining bajarilgan ishlar haqini undirib berish talabini qanoatlantirishni rad etish yoxud buyurtmachining ushbu kamchiliklar bilan bog‘liq talablarini qanoatlantirish uchun asos bo‘lmaydi.
Agar pudratchi ishdagi kamchiliklar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilingan bo‘lsa hamda buyurtmachi va pudratchi o‘rtasida bunday kamchiliklar yuzasidan nizo kelib chiqsa, sud istagan tarafning talabi bo‘yicha ekspertiza tayinlashi shart.
Bunda, sudlar e’tiborga olishlari kerakki, agar ishdagi pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki boshqa xil kamchiliklar ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lib, bu kamchiliklar ishni qabul qilish dalolatnomasi yoki qabul qilinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatda aks ettirilmagan yoxud ish buyurtmachi tomonidan tekshirmasdan qabul qilingan bo‘lsa, FK 646-moddasi beshinchi qismining qoidalar qo‘llanilmaydi.
9.3. Qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida ish natijasini qabul qilib olishdan oldin dastlabki sinov o‘tkazilishi kerakligi nazarda tutilgan bo‘lsa yoki shartnoma yuzasidan bajariladigan ishning xususiyatidan bu kelib chiqsa, ishlar natijasini topshirish va qabul qilish bunday sinov o‘tkazilmasdan amalga oshirilgan bo‘lsa, pudratchining bajarilgan ishlar qiymatini undirish to‘g‘risidagi talabini qanoatlantirish rad etiladi.
Agar buyurtmachi ish natijasi bo‘yicha dastlabki sinov o‘tkazilishidan bosh tortsa, pudratchi tegishli tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda sinov o‘tkazishga haqli. Bu holda, sinov dalolatnomasida buyurtmachi sinov o‘tkazishdan bosh tortganligi to‘g‘risida yozib qo‘yiladi.
10. Sudlarning e’tibori qaratilsinki, FK 646-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan ishlarning sifati yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, sud ekspertiza tayinlashi shartligidan farqli ravishda, fuqarolik qonun hujjatlari bajarilgan ishlarning hajmi bo‘yicha kelib chiqqan nizolar bo‘yicha sudning ekspertiza tayinlashga majbur ekanligini nazarda tutmaydi.
Shunga ko‘ra, agar ishlar natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, bu to‘g‘risida tegishli topshirish va qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtirilgan bo‘lib, biroq keyinchalik bajarilgan ishlarning hajmidan norozi bo‘lganligi sababli buyurtmachi tomonidan ishlar qiymati to‘lanmagan bo‘lsa, sud manfaatdor tarafning arizasiga ko‘ra bajarilgan ishlarning hajmini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashga haqlidir, agar buyurtmachi bajarilgan ishlarning hajmiga oid o‘z vajlarini tasdiqlovchi tegishli dalillarni taqdim etsa.
Agar bajarilgan ishlar va ularni qabul qilish holati tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa va buyurtmachi ularni qabul qilishni rad etish uchun bajarilgan ishlarning hajmidan norozi bo‘lganligini vaj qilib keltirsa, sud manfaatdor tarafning arizasiga ko‘ra bajarilgan ishlarning hajmini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashi shart.
Pudratchi tomonidan qo‘llanilgan baho yuzasidan nizo kelib chiqqanda, sudlar bajarilgan ishlar natijasini qabul qilish va topshirish dalolatnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan qoidalarga rioya qilishlari lozim.
11. Shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq, buyurtmachi qurilish ishlar bajarilishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish uchun o‘z vakilini tayinlashga haqli.
Buyurtmachi vakilligini tasdiqlovchi hujjat shartnomaga ilova qilinishi yoki alohida hujjat shaklida taqdim etilishi mumkin. Bunday hujjatda vakilning vakolatlari ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, agar bajarilgan ishlar (qilingan xarajatlar) dalolatnomasi bunday hujjatni imzolashga vakolati mavjud bo‘lmagan buyurtmachining vakili tomonidan imzolangan bo‘lsa, ushbu dalolatnoma ishlar natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilinganligini anglatmaydi. Biroq, buyurtmachi ishlar natijasini topshirish va qabul qilish dalolatnomasini imzolashdan bosh tortsa va sud dalolatnomani imzolashdan bosh tortish sabablarini asossiz deb topsa, buyurtmachining vakili tomonidan imzolangan dalolatnoma pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar (qilingan xarajatlar)ni tasdiqlovchi dalillardan biri sifatida qabul qilinishi mumkin.
12. FKning 667-moddasiga muvofiq, agar pudrat obyekti nobud bo‘lsa yoki shikastlansa, obyekt qabul qilib olingunga qadar uning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan shikastlanish xavfi pudratchi zimmasida bo‘ladi.
Biroq, sudlar inobatga olishlari kerakki, agar buyurtmachining obyektni (bajarilgan ishni) qabul qilishdan asossiz bosh tortishi obyektni (ishni) topshirishni kechiktirilishiga olib kelsa va obyektning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi obyektni (ishni) qabul qilishi lozim bo‘lgan paytdan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bu qoida qo‘llanilmaydi.
13. FK 682-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha kafolat muddati nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati obyekt buyurtmachi tomonidan qabul qilingan kundan boshlab o‘n yilni tashkil etadi.
Sudlar kafolat muddatini hisoblashda shartnomada nazarda tutilgan kafolat muddati shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan muddatdan kam bo‘lmasligiga e’tibor qaratishlari lozim.
Buyurtmachi kafolat muddati o‘tganidan keyin ham ishning kamchiliklari yuzasidan talab bildirishi mumkin, agar bunday kamchiliklar ishni bajarish paytida pudratchi tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari buzilishi natijasida ro‘y berganligini isbotlasa.
14. Agar qurilish pudrati shartnomasida bajarilgan ish haqining bir qismini kafolat muddati tugaganidan keyin to‘lab berilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, pudratchi ushbu muddat tugagunga qadar bajarilgan ish haqini to‘liq hajmda to‘lab berishni talab qilish huquqiga ega emas.
Shunga ko‘ra, kafolat muddati tugaguniga qadar bajarilgan ishlarning haqini to‘liq undirish so‘ralgan holda, sudlar pudratchining talabini kafolat muddati tugaganidan keyin to‘lanishi lozim bo‘lgan summani chegirib tashlagan holda qanoatlantirishlari lozim.
15. Sudlar pudratchining tejami bilan bog‘liq nizolarni hal etishda, FKning 637-moddasiga ko‘ra, pudratchining amaldagi xarajatlari ish bahosini aniqlash vaqtida (smeta tuzilayotganda) nazarda tutilgan xarajatlardan kam bo‘lgan hollarda, agar shartnomada taqsimlashning boshqa tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, basharti buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga (shu jumladan, foydalanilgan qurilish materiallarining sifati, ishlarning shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi) ta’sir etganligini isbotlay olmasa, pudratchi ishlar uchun pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan baho bo‘yicha haq olish huquqini saqlab qolishiga e’tibor qaratishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-martdagi 135-sonli qarori bilan tasdiqlangan Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi va shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalganligi uchun pudratchi tashkilotni buyurtmachi tomonidan mukofotlash tartibining 1.4-bandiga ko‘ra, shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalishi tender savdolar asosida belgilangan shartnoma narxi bilan amaldagi xarajatlar o‘rtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi. Ushbu mablag‘lar mukofot sifatida pudratchi tashkilot ixtiyorida qoladi.
Ushbu Tartibning 2.5-bandida qabul qilish komissiyasining obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligini belgilangan tartibda tasdiqlovchi dalolatnomasi obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun mukofotlashga mablag‘ o‘tkazish uchun asos hisoblanishi, 2.6-bandida esa - obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun ishlarni bajaruvchilarga mukofotlash mablag‘larini o‘tkazish pudrat shartnomasida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi belgilangan.
Shu bois, sudlar pudratchining tejami shartnomada nazarda tutilgan barcha pudrat ishlari bajarilganligidan so‘ng aniqlanishi mumkinligi, pudratchining tejami bilan bog‘liq mablag‘larni undirish to‘g‘risidagi talab shartnomada nazarda tutilgan barcha pudrat ishlari bajarilgandan keyin qo‘yilishi mumkinligini inobatga olishlari lozim. Bunda, buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga ta’sir etganligini isbotlay olmasa, bunday talab qanoatlantirilishi mumkin.
16. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi tomonidan berilgan materiallar va uskunalar qoldig‘i pudratchi tomonidan qaytarilmaganda, buyurtmachi pudratchida qolgan material va uskunalarning qiymatini inobatga olgan holda bajarilgan ishlar uchun to‘lanadigan haq miqdorini kamaytirishga haqli.
17. Shartnomada buyurtmachining pudratchi tomonidan bajarilgan ishlarning qiymatidan neustoykani ushlab qolish huquqi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
Agar shartnomada bunday shart mavjud bo‘lib va buyurtmachi tomonidan bajarilgan ishlarning qiymatidan neustoyka ushlab qolingan bo‘lsa, pudratchi buyurtmachi tomonidan neustoyka asossiz ushlab qolingan deb hisoblagan taqdirda, u ushlab qolingan pul mablag‘ini undirish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
18. Agar pudrat shartnomasi bo‘yicha pudratchi majburiyatni bajarish muddatini kechiktirilishiga yo‘l qo‘ysa, buyurtmachi kechiktirilgan har bir kun uchun penya undirish talabi bilan birga, majburiyatning bajarilmagan qismini bajarishni pudratchining zimmasiga yuklashni talab qilishga haqli.
Pudratchi qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatini kechiktirib bajarganligi uchun javob bermaydi, agar bunday kechiktirish buyurtmachining o‘z muqobil majburiyatlarini bajarilmagani natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa.
19. FKning 234 va 354-moddalariga ko‘ra, majburiyatlarning kelib chiqish asoslaridan biri shartnoma bo‘lib, uning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonun hujjatlarida ko‘rsatib qo‘yilgan hollar bundan mustasno.
FK 673-moddasining birinchi qismiga muvofiq, buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi.
Shunga ko‘ra, sudlar e’tiborga olishlari lozimki, yordamchi pudratchining bosh pudratchiga nisbatan bajarilgan ishlar haqini undirish to‘g‘risidagi da’vosi bo‘yicha ishni ko‘rish jarayonida, subpudrat shartnomasida bajarilgan ishlar haqi buyurtmachi tomonidan bosh pudratchiga pul mablag‘lari o‘tkazilganidan so‘ng to‘lab berilishi belgilangan bo‘lib, lekin pul mablag‘lari buyurtmachidan kelib tushmaganligi aniqlangan holda, bunday da’voni qanoatlantirish rad etiladi.
Agar shartnomada bunday shart nazarda tutilmagan hamda yordamchi pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar haqini to‘lash muddati belgilanmagan bo‘lsa, buyurtmachi tomonidan obyektni moliyalashtirish amalga oshirilmaganligi yordamchi pudratchining bosh pudratchidan bajarilgan ishlar haqini undirish talabini qanoatlantirishni rad qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasining 17-bandiga ko‘ra, davlat ehtiyojlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha sotib oluvchi hisoblangan davlat organlari va tashkilotlari yetkazib beruvchilar (pudratchilar) tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilmaganligi bilan bog‘liq da’volar yuzasidan xo‘jalik sudlarida davlat boji to‘lovidan ozod qilingan.
(20-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
FK 457-moddasining birinchi qismiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadigan, davlat budjeti va moliyalashning budjetdan tashqari manbalari hisobiga ta’minlanadigan O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlari davlat ehtiyojlari deyiladi.
Sudlarning e’tibori qaratilsinki, qurilish obyektini moliyalashtirish davlat budjeti va budjetdan tashqari manbalar hisobiga amalga oshirilishi yoki buyurtmachi bo‘lib budjet tashkilotining hisoblanishi qurilish pudrati shartnomasining davlat ehtiyojlari uchun tuzilganligini anglatmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shunga ko‘ra, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasining 17-bandida nazarda tutilgan davlat boji to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha imtiyozni qo‘llashda sudlar qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha bajarilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasining ehtiyoji ekanligini yoki bunday shartnoma buyurtmachining shaxsiy ehtiyoji uchun yoxud oddiy xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida tuzilganligini aniqlashlari lozim. Xususan, davlat dasturi doirasida yoki davlatning mudofaa manfaatida bajarilgan qurilish ishlari davlat ehtiyojlari uchun qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha bajarilgan ishlar deb hisoblanadi, aksincha davlat organlari va tashkilotlari buyurtmalari bo‘yicha ularning oddiy xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida foydalanishi uchun bino va inshootlar qurilishi (yoki ularni ta’mirlanishi) bo‘yicha bajarilgan ishlar (masalan, u yoki bu vazirlik yoxud idora hududiy boshqarmasi binosining qurilishi) bunday ishlar deb hisoblanmaydi.
(20-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
21. Qurilish pudrati shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rish vaqtida tashkilotlar, davlat organlari va boshqa organlar, mansabdor shaxslar yoki mas’ul xodimlar faoliyatida qonun hujjatlari buzilgan yoxud tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga to‘sqinlik qilingan holatlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, sudlar qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rishlari lozim.
Oliy xo‘jalik sudi raisi K. KAMILOV
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining kotibi, sudya I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 23-dekabr,
306-son

Download 63,49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish