Randalashda amal qilinadigan texnika xavfsizligi qoidalari:
Randalashdan oldin randalarning sozligini tekshirish lozim.
Randalashdan oldin zagotovkani dastgohga mustahkam o‘rnatish kerak.
Randani ishlatishda o‘ng qo‘lda uning ponasi bilan temirini qo‘shib ushlash kerak bo‘ladi.
Ishlov berilgan sirtlarning sifatini va tig‘ning o‘tkirligini qo‘l bilan siypalab tekshirmaslik lozim.
Ishlash vaqtida qirindilarni asbobning ost tomonidan tozalash kerak.
Jarohatlanishning oldini olish uchun tanaffus paytida randalarni yonboshlatib, tig‘ini narigi tomonga qaratib qo‘yish lozim.
Iskana va uning turlari. Boltalar.
Duradgorlik iskanalari vazifasiga ko‘ra yo‘nuvchi, o‘yuvchi va nov iskanalarga bo‘linadi (20-rasm,
a, b, d).
Yo‘nuvchi iskanalar yordamida yo‘nish yo‘li bilan taxtalarning chetlariga faska chiqariladi, tirnoqlar rostlanadi, teshik, uyalar yo‘nib kengaytiriladi. Shuningdek, yumshoq va yupqa taxtalar o‘yib teshiladi.
rasm. Duradgorlik iskanalari: a) o‘yuvchi; b) yo‘nuvchi; d) nov iskana.
Qalin va qattiq yog‘ochlarni o‘yish-teshish ishlari hamma vaqt o‘yuvchi iskanalar yordamida bajariladi.
Yo‘nuvchi iskanalar yupqa, o‘yuvchi iskanalar qalin bo‘ladi. Bundan qat‘i nazar ularning eni turli o‘lchamda tayyorlanadi. Iskanalar bir tomondan charxlanadi. Yo‘nuvchi iskanalarning o‘tkirlik (charxlash) burchagi 18–35o, o‘yuvchi iskanalarning o‘tkirlik burchagi 25–35o atrofida bo‘ladi.
Iskanalarning dastalari zarang, qora qayin, qayrag‘och, yong‘oq kabi pishiq yog‘ochlardan tayyorlanib, uchiga metal halqa kiydiriladi. Iskanalarning dastalarini tayyorlashda plastmassadan ham foydalaniladi. Iskana bilan ishlaganda dastgohni shikastlamasligi uchun ishlanayotgan buyumning ostiga ehtiyot taxtasi qo‘yib ishlanadi.
Bolta bilan yog‘och chopiladi, unda teshiklar, ariqchalar ochiladi va yog‘och konstruksiyalarning ayrim detallari moslanadi. Bolta bilan yog‘ochni yorish, chopish va yo‘nish mumkin (21-rasm).
rasm. Bolta tig‘ining dastaga nisbatan joylashuvi:
a) to‘g‘ri burchak ostida (o‘tin yorish uchun); b) o‘tkir burchak ostida (shoxshabbalarni chopish uchun; d) o‘tmas burchak ostida (daraxtni biroz chopib qo‘yish uchun).
Yo‘nish deganda yog‘ochdan payraha ajratish tushuniladi. Yog‘och yo‘nilganda undan payraha ko‘rinishidagi yupqa tarasha olinadi.
Bolta bilan yo‘goch tolalariga ko‘ndalang urib, uni bo‘lib tushirilsa, bu jarayon chopish deyiladi. Chopishda bolta bilan tolalarga ko‘ndalang yo‘nalishda zarb beriladi va ular kesiladi. Xodalarga odatda bir, ikki, uch, to‘rt qirrali va dumaloq bo‘ladigan qilib ishlov beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |