§. Xodimlarni o’qitish, ularning bilimlarini sinovdan o’tkazish va ularga yo’l-yo’riq berishni tashkil etish
Ta‘lim muassasasi xodimlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996 yil 14 avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000 yil 7 yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me‘yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000 y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda ta‘lim muassasasi xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta‘minlash ta‘lim muassasasi rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
§. Amaliyot davrida o’quvchi-talabalarning mehnatini tashkil etish
O‘quvchi-talabalar mehnatidan foydalanilganda ularning sog‘lig‘i, xavfsizligi va tarbiyasiga salbiy ta‘sir ko‘rsatuvchi mehnat sharoiti bo‘lgan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
O‘quvchi-talabalarni ish vaqtidan tashqari hamda tungi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Ta‘lim muassasalaridagi o‘quvchi-talabalarni o‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish amaliyoti sanitariya-gigiyenik va texnika xavfsizligi talablariga javob beradigan ustaxonalarida olib borilishi lozim.
O‘quvchi-talabalarning ish joylari zararli faktorlardan ajratilgan holda tashkil qilinishi kerak.
Yuklarni tashish bilan bog‘liq ishlar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini belgilash to‘g‘risida nizomga (ro‘yxat raqami 1954, 2009 yil 12 may) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009 y., 19-20- son, 242-modda) muvofiq olib borilishi kerak.
O‘quvchi-talabalarning jarohatlanishlarini oldini olish maqsadida o‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotlari mehnat va texnika xavfsizligi talablariga muvofiq tashkil qilingan bo‘lishi lozim.
O‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida, laboratoriyalarda, issiqlik, chang, kimyoviy moddalar ta‘siri kuchli bo‘lgan (charxlovchi, o‘yuvchi, silliqlovchi, elektropayvand ishlari va boshqalar) joylarda SanQvaM 0145-03 «Akademik lisey va kasb-hunar kollejlarini joylashuvi, tuzilishi va o‘qish jarayonini tashkillashtirishga oid sanitariya qoidalar» talablariga asosan havo almashinishi bilan ta‘minlangan bo‘lishi kerak.
O‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida qo‘llarni yuvish uchun issiq va sovuq suv, sovun, maxsus eritmalar hamda qo‘llarini quritishi uchun sochiq yoki elektr quritgich bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |