Dastaki tiskilar. Bu tisklar mayda buyumlarni maqkamlab qo‘yishda ishlatiladi. Dastaki tiskilar qo‘lda ushlab turiladigan yoki dastgohga maqkamlab qo‘yiladigan bo‘ladi. 7-rasmda qo‘l tiskisi va undan foydalanish tartibi ko‘rsatilgan.
O‘quv ustaxonasida o‘tkaziladigan chilangarlik amaliyotida talabalarning eng ko‘p ishlatiladigan asboblari uning yonida bo‘lishi hamda dastgoh g‘aladonida saqlanishi lozim. Chilangarlik o‘quv ustaxonasida ishlaganda talabaning ish o‘rnida doimiy turadigan asboblar qatorida bolg‘a, zubilolar, kreysmeysel, egovlar, shaberlar, otvyortkalar, gayka kalitlari, abraziv qayroqlar turishi kerak
O‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish, chilangarlik o‘quv ustaxonalariga qo‘yiladigan talablar.
Maktab, kasb-hunar kollejlari, korxona, o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalari, ulardagi jihoz va uskunalarning joylashtirilishi ishlab chiqarish korxonalarini loyihalash talablariga, respublika sanitariya-yepidemiologiya xizmati tomonidan tasdiqlangan sanitariya qoidalariga javob berishi lozim. O‘quv sexlari ishlab chiqarish korxonalari hududidan chiqish yo‘lagi yaqinida, havoni almashtirib turish uchun qulay sharoitda joylashtiriladi. Ular korxona ichki qismida joylashgan holda binodan chiqib ketish uchun yuk tashish yo‘llari bilan kesishmaydigan maxsus yo‘laklarga ega bo‘lishi kerak. Yo‘lak asfalt yoki beton qoplamaga ega bo‘lishi zarur. Texnologik jarayon, ish jarayonida qo‘llaniladigan jihozlar hajmi va og‘irligini e‘tiborga olgan holda o‘quv-ishlab chiqarish xonalari binoning yerto‘lasidan tashqari har qanday qavatida joylashtirilishi mumkin. Shuningdek qavatlararo shovqin izolyasiyasining me‘yoriy talablariga javob berishi lozim. Kasb-hunar kolleji binosiga tutash holda qurilgan o‘quv ustaxonalari sinf xonalari, boshqa qavatlardan tovush yutuvchi kapital devor va izolyasiyalash vositalari bilan himoyalanishi lozim. O‘quv ustaxonalarining xonalari yorug‘, issiq va quruq bo‘lishi kerak. Ustaxonalarni yerto‘la yoki yarim yerto‘la sharoitida joylashtirish ta‘qiqlanadi.
O‘quvchilarga texnika xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma berish.
Barcha kasb ta‘limi o‘qituvchilari, o‘quv ustalari, mehnat o‘qituvchilari o‘quv ustaxonalari va korxonalarda o‘quvchilarga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan texnika hamda mehnat ta‘limi sohalariga oid texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalarini bilishi kerak. Korxonalarda amaliyot o‘tayotgan o‘quvchilar korxona ishchilariga o‘rnatilgan tartib asosida mehnat xavfsizligi qoidalari bilan tanishtiriladi. Korxona ma‘muriyati o‘quvchilarning ish o‘rinlarida o‘z vaqtida va to‘liq yo‘riqnoma olishga mas‘ul. O‘qituvchi yoki usta o‘quvchiga qandaydir vazifani topshirishda uni texnologik jarayon, mashina yoki dastgoh tuzilishi va ish sharoitga oid boshqa ma‘lumotlarni berish bilan birga mazkur ishni bajarish uchun kerak bo‘ladigan xavfsizlik qoidalari bilan ham tanishtirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, o‘quvchi saqlovchi moslamalar vazifasi, xavfsiz ishlash qoidalari, ish o‘rnini yig‘ishtirish va tozalash, shaxsiy gigiyena to‘g‘risida ma‘lumot olishi kerak. Bu borada o‘quvchi bilimi vaqti-vaqti bilan tekshirilib, to‘ldirilib turiladi.
Chilangarlik o‘quv ustaxonalarida xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘riqnoma.
Do'stlaringiz bilan baham: |