Ijro hokimiyati mustaqilligini ta’minlash
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ijtimoiy hayotimizning barcha sohalari qatorida davlat hokimiyati va boshqaruvi sohasida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Bu islohotlar O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 11-moddasida mustahkamlangan davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linishi prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o’rtasida o’zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda qonun chiqaruvchi hokimiyat, joylarda vakillik hokimiyati organlari vakolatlarini yanada kengaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo’yicha g’oyat dolzarb chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratildi.
Chunonchi, 2005 — 2010 yillarda ikki palatali milliy parlament shakllantirilib, samarali faoliyat yuritmoqda, ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti egallab turgan Vazirlar Mahkamasi Raisi lavozimi tugatildi, 2007 yilda O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasidan mamlakat Prezidenti bir vaqtning o’zida ijro etuvchi hokimiyatning boshlig’i ekanini belgilaydigan norma chiqarildi. Bugungi kunda Konstitusiyamizning 89-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig’idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi. Shu munosabat bilan Prezidentning ayrim vakolatlari Oliy Majlis Senati va Vazirlar Mahkamasiga o’tkazildi. Vazirlar Mahkamasining faoliyati yanada takomillashtirildi, Konstitusiyaning 98-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Bularning hammasi ushbu davrdagi muhim siyosiy-huquqiy voqyealar bo’ldi va O’zbekiston taraqqiyotida o’zining samarali natijasini bermoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Respublikada ijro etuvchi hokimiyatning amalga oshirilishi to’g’risidagi konstitusiyaviy qoida hukumat maqomi, uning alohida huquqlarini, tarkibini, qonun chiqaruvchi organlar, ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o’zaro munosabatlari tarkibini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash lozimki, davlat hokimiyati organlarining faoliyatini zamon talablariga muvofiq ravishda tubdan yaxshilamay turib, islohotlarni yanada chuqurlashtirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish vazifalarini muvaffaqiyatli hal etib bo’lmaydi. Xalq tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan kuchli va adolatli hokimiyat demokratik fuqarolik jamiyatini, kelajagi buyuk davlatni barpo etishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu bois ham mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida davlat va jamiyat qurilishiga keng e’tibor berilmoqda.Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan 2010 yil 12 noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo’shma majlisida ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ham davlat va jamiyat qurilishini demokratlashtirishda o’ziga xos ahamiyat kasb etdi. Unga muvofiq, Konstitusiyaning Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga doir qismiga bir qator tuzatishlar kiritish taklifi ilgari surilib, bu “O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunida o’z ifodasini topdi.
Shu o’rinda Konstitusiyamizning 93-moddasiga kiritilgan qo’shimchaga binoan, Bosh vazirga viloyatlar hokimlari va Toshkent shahar hokimini tayinlash uchun Prezidentga taqdimnoma kiritish huquqi berildi. Bu qoida davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasidagi islohotlar bilan hamohangdir. Zero, viloyatlar hokimlari va Toshkent shahar hokimi o’z lavozimlari bo’yicha joylarda ijroiya hokimiyatni boshqaradi. Ayni paytda ular hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi. Ijroiya hokimiyat faoliyati uchun Bosh vazirning javobgar bo’lishi sababli bunday huquqning Bosh vazirga berilishi mantiqan to’g’ri jarayon bo’lib, hokimiyatlar bo’linishi tamoyiliga to’la mos keladi.
Konstitusiyaga davlat hokimiyatining uchta subyekti: davlat boshlig’i — Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o’rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlash maqsadida tuzatishlar kiritilgani munosabati bilan 93-moddaning 8-bandidan “ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzadi va unga rahbarlik qiladi”, degan norma Prezident vakolatlaridan chiqarildi. Bu, tabiiyki, Bosh vazirning vakolatlarini yanada kengaytiradi.
Darhaqiqat, mustaqillik yillarida Yurtboshimiz rahbarligida davlat hokimiyati tarmoqlari faoliyatida va ular o’rtasidagi munosabatda tub islohotlar amalga oshirildi. Murakkab va o’ta mas’ul o’tish davrida Prezident boshchiligidagi kuchli ijro etuvchi hokimiyat jamiyatimizning eski tuzumdan yangisiga bosqichma-bosqich o’tishini, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy asoslari shakllanishini ta’minlab berdi.
Konsepsiyada ilgari surilgan takliflar ham, o’z navbatida, hokimiyat tarmoqlarining mustaqilligini oshirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, o’zaro bir-birini tiyib turish mexanizmlarini mustahkamlaydi. Umuman olganda, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va modernizasiyalashni rivojlantirish jarayoni davlat boshqaruvining barcha bo’g’inlarida o’zining ijobiy samarasini bermoqda.Eng muhimi, hokimiyatning uchta tarmog’i — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati faoliyatiga doir islohotlar, ularning har birini vakolatlari kengaytirilishi boshqaruvni demokratlashtirishning o’ziga xos ifodasi, deyish mumkin. Ijro etuvchi hokimiyatning davlat boshqaruvini yurituvchi asosiy institutlardan biri sifatida mustaqilligini ta’minlash, shubhasiz, davlat boshqaruvini demokratlashtirishning muhim sharti hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, ijroiya hokimiyat vakolatlarining kengaytirilishi uning o’z faoliyatida mustaqil ish yuritishi, amalga oshirilayotgan islohotlar tizimida samarali faoliyat olib borishini kafolatlashi bilan bir qatorda, uning parlament va uni shakllantirgan siyosiy partiya oldidagi mas’uliyatini, fuqarolar oldidagi ustuvor vazifalarni ro’yobga chiqarish majburiyatini kuchaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |