4- savol.
Yevropa olimlari Amir Temur davlati Osiyodagi eng so’nggi buyuk
saltanat edi, deya e’tirof etadilar. Sohibqiron Temur bunday katta davlatni,
markazlashgan yirik saltanatni qanday tuzdi, qaysi yo’llar bilan uni tartibga keltirdi va
uning uzoq yillar hukmronlik qilishida qaysi omillar etakchilik qildi? Bu savollarga
javob izlar ekanmiz, biz uchun «Temur tuzuklari» asosiy manba sifatida xizmat qiladi.
To’g’ri, Amir Temur to’g’risidagi tarixiy manbalar oz emas. Lekin ulardagi
ma’lumotlarning barchasini bir xilda qabul qilishga oshiqmaslik kerak. Hatto, hozir
ham ba’zi adabiyotlarda Amir Temur davriga har kimning o’zicha yondashuvlari
mavjudki, ulardan foydalanganda alohida sharh va tahlillar talab etiladi. Shuning
uchun ham biz Amir Temur davlatining vujudga kelishi masalasida mumtoz asarlar va
«Tuzuklar»ga suyanishni lozim topdik.
Deyarli barcha mumtoz va zamonaviy tarixiy asarlarda ko’rsatilganidek, XIV
asrning o’rtalariga kelib, Movarounnahrda Chig’atoy* ulusining ikkiga bo’linib
ketishi natijasida hokimiyat ancha zaiflashib, bu davlat o’zining inqiroz davrini
boshidan kechirmoqda edi.
1346 yilda Chig’atoy xonlaridan Qozonxon (1338-1346)* o’zining amir ul
umarosi bo’lgan nufuzli turk amiri Amir Qozog’on (1347-1358)* tomonidan
o’ldirilgach, Chig’atoy ulusining xonligiga shu sulola vakili Donishmandcha xon
ko’tariladi. Ammo amalda butun hokimiyat Amir Qozog’on qo’lida edi. Uning
davridan boshlab,
xonlik tizimi o’rnini amirlik boshqaruvi ola boshlaydi.
Ya’ni
rasman Chig’atoy naslidan bo’lgan xonlar hokimiyati tan olinsa-da, lekin ulusni
boshqarish amalda amir qo’liga o’tgan. 1358 yilda bu ulusda ta’siri kuchli bo’lgan
amir Qozog’on o’ldirilgach, o’rniga uning ikkinchi o’g’li amir Abdulloh o’tirib, uning
ta’siri kuchayadi. Ammo u ham bir yillardan so’ng hokimiyatdan chetlatilib, shoh
Temur o’g’lon xon ko’tariladi. Ana shu davrda boshboshdoqlik kuchayib ketadi.
«Olam ichra
har
tarafda g’avg’olar paydo bo’ldi. Va no’yonlardin har kishidakim,
67
kuchi
bor edi, davlat da’vo qilur erdi», – deb yozgan edi bu haqda tarixchi
Sharafuddin Ali Yazdiy.
Tarmashirin xondan keyin (1326-1334) o’tgan yigirma besh yil ichida to’qqiz
marta xon almashadi. Ana shunday taxt talashishlari davrida mamlakatda siyosiy
tarqoqlik vujudga kelib, eski nuyonlar va nufuzli qabilalarning boshliqlari katta-katta
viloyatlarni o’z mulklari sifatida boshqarar edilar. Jumladan, Keshda hoji Barlos,
Xo’jandda Boyazid Jaloyir, Balxda Uljoy Bug’o Sulduz, Shibirg’onda Muhammad
Xoja Apardi, Badaxshonda Kayxusrav, Xuttalonda Uljoytu Apardiy, Saripul va
Totkandda Xizir Yasovuriylar saltanat da’vo qilmoqda edilar.
Hozirgi O’zbekiston erlarida o’sha davrda siyosiy ahvol uch xususiyat bilan
xarakterlanadi: 1. Chig’atoy ulusining parchalanib, bir-biriga dushmanlik ko’zi bilan
qaraydigan bo’laklarga bo’linishi siyosiy tarqoqlikning avj olishi. 2. 140 yil hukm
surgan mo’g’ul zulmidan qutulishga intilish. 3. Tobora mustaqillikka erishish uchun
harakat qilayotgan Chig’atoy ulusini Mo’g’uliston xoni Tug’luq Temurxon (1359-
1363) tomonidan qayta bosib olishga intilish. Ikkinchi tomondan esa, bu vaqtga kelib,
Oltin O’rda va Oq O’rdaga bo’linib ketgan Jo’ji ulusining emirilib ketayotgan
Chig’atoy ulusini ishlariga aralashishi tobora kuchayib borayotgan edi. Ana shunday
bir davrda tarix maydoniga Keshdagi Barlos begining o’g’li amir To’rag’ay
(«Tarog’ay emas» - H. Vamberi) Bahodirning o’g’li Amir Temur (1336-1405) tarix
maydoniga chiqadi.
Amir Temur davlatining vujudga kelishi haqida so’z yuritganda, tarixchilar uning
yoshlik yillarini chetlab o’tadilar. U 1336 yil 9 aprel kuni tug’ildi. Lekin ba’zi
adabiyotlarda 1333 va 1335 yillar ko’rsatiladi. Amir Temurning «Tarjimai holi»da
tug’ilgan yili yuqoridagi kabi aniq qayd etilgan. Nizomiddin Shomiy, Sharafuddin Ali
Yazdiyning «Zafarnoma»larida Sohibqironning bolaligi haqida ba’zi ma’lumotlar
uchraydi.
V.V.Bartold,
A.Yu.Yakubovskiy,
T.N.Granovskiy,
B.Ahmedov,
A.Ahmedov, T.Fayziev asarlarida Amir Temurning hijriy 736, sichqon yili sha’bon
oyining 25-kunida (1336 yil 9 aprel) Kesh shahridan o’n chaqirim (taxminan 13 km.)
masofada bo’lgan Xo’jailg’or qishlog’ida tavallud topgani aytiladi. Lekin ularning Ibn
Arabshoh xulosalariga asoslanganini ta’kidlash joizdir.
Temurning otasi Muhammad Tarag’ay Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy
hayotida katta nufuzga ega bo’lgan barlos qavmidan chiqqan obro’li beklardan biri
bo’lib, Chig’atoy xonlaridan Qozonxon lashkarida xizmat qilardi. Onasi Takina begim
naslu nasab jihatdan aslzodalardan bo’lib, buxorolik mashhur faqih Tojushsharia
taxallusi bilan tanilgan Ubaydulla ibn Ma’sudning avlodi edi. Otasi Temurning
jahonga hukmdor bo’ladigan farzand bo’lishi haqida birinchi bo’lib, avliyo shayx
Shamsuddin Kuloldan eshitib, o’g’lining ilm olishiga juda katta e’tibor bergan.
Amir Temur ilmga qaerda o’qigan, degan savolga Keshdagi madrasalarda yosh
toliblarning bilim olishlari uchun etarli shart-sharoitlar mavjud bo’lganligini aytish
bilan javob berish kifoya. Madrasa va toliblar vaqf jamg’armasi mablag’idan
ta’minlanar edilar. Bu esa o’quv uslublarini takomillashtirishga ham katta yordam
berar edi (to’qqiz yoshli Temur Qur’oni Karimni yoddan bilgan, shuning uchun u
hofiz unvonini olgan), besh vaqt namozni kanda qilmaydigan, maktabdagi barcha
o’quvchilarga boshliq bo’lgan obro’li o’smir bo’lgan.
Ana shu o’rinda bir narsani ta’kidlash joizki, ko’pincha tarixiy manbalar, yozilgan
risolalarda Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar juda kam. Yaqinda
68
H.Bobobekov va boshqalar tomonidan nashr etilgan «Qissai Temur» («Malfuzoti
Temuriy») asrining bu boradagi muhimligi shundaki, unda aynan ana shu masalalar
juda yaxshi yoritilib, Amir Temurning yoshligi, ta’lim-tarbiya olishi, pirlari bilan
uchrashishlari batafsil bayon etilgan.
Temur madrasaning boshlang’ich davrini muvaffaqiyatli tamomlagandan so’ng,
tahsilni Madrasai Oliyalarda davom ettirgan. Bolaning teran fikrlashi, yuksak
qobiliyati o’z davrining ulamolari va fozillarini lol qoldirdi. Ba’zan murakkab
masalalarni bir zumda echar, uning uchun har qanday vazifaning hech qanday
qiyinchiligi yo’q edi. O’qish davomida u jahon mamlakatlarining tarixi, islom
ta’limoti va huquqshunosligi, handasa, riyoziyot, jug’rofiya va falakiyot ilmlarini
puxta o’rgangan, muhimi, ma’naviy olamini boyitgan. Bir o’qigan
narsasi yosh
Temurning esida mahkam o’rnashib qolgan. U nafaqat Qur’oni Karimni, balki arab,
turk mashoyixlarining durdona fikrlarini ham yod olgan. Bo’lajak jahongirning behad
jarangdor va yoqimli ovozi kishilarni o’ziga rom etib, dillarga zavq-shavq
bag’ishlagan. Amir Temurning yoshligi chingiziylarning og’ir mustamlakachilik
yillariga to’g’ri kelib, vayron bo’lgan yurtining ozodligi uchun u harbiy ishga yuz
burishga majbur edi. Shu o’rinda uning do’st tanlay bilish xislatini alohida qayd etib
o’tish joiz, zero, uning qirq nafar tengdoshi, jumladan, Amir hoji Sayfiddin, Umar
Abbos, Joku Barlos, Idiku Temur, Amir Sulaymon, Amir Dovud Barlos, Amir
Muayyad Barloslar o’sha vazir va amirlarining farzandlari bo’lib, Temur bilan birga
yurt ozodligi uchun kurashishga qasamyod qilgan edilar. Ular o’ziga o’xshagan
dovyurak, aql-zakovatli, el-yurti uchun jonini beradigan yigitlar edi.
Yoshligi haqidagi bor haqiqat, yuqorida tilga olinganidek, hayu-havosiz o’tmagan:
u siyosat maydoniga kirgan payt har tomonlama etuk inson edi, kuch-qudratda ham
alpomishlarga boshliq bo’la oladigan darajada edi. Movarounnahrdagi og’ir siyosiy
vaziyatdan foydalanmoqchi bo’lgan Tug’luq Temurxon Qarshi vohasiga bostirib
kiradi, mualliflar aynan shu vaziyatda Amir Temur xarakterining bahodir podsholarga
xos qirralari namoyon bo’lganiga kam e’tibor qaratadilar. Chunki bu Sohibqiron
hayotidagi muhim bosqich hisoblanadi. Uning o’sha paytdagi holati quyidagi dalil-
isbotlarda yaqqol ko’zga tashlanadi:
– dushman bostirib kelganda, yurtni tashlab qochishni o’zi uchun or sanadi;
g’alaba askarlar sonining ko’p bo’lishi bilan emas, to’g’ri tadbir orqali qo’lga
kiritilishini yodda tutdi;
– vaqtincha dushmanga tobe bo’lish yutqazish emasligini angladi, Hoji Barlos va
boshqa amirlarga «Tug’luq Temurxonning huzuriga borsangiz, ikki foyda, bir ziyon
bordir», Xuroson tomonga o’tib ketishining (esa) ikki ziyoni, bir foydasi bordir», deya
donolarcha maslahat berdi. Keyinchalik Hoji Barlos Xurosonga qochib, halok
bo’lgach, o’zining tadbiri to’g’ri ekanligini angladi.
Temurning birinchi kengashi o’zi uchun muvaffaqiyat keltirdi, desak, xato qilgan
bo’lamiz, zero, u xalq uchun, keyingi avlod uchun ham namunali saboqdir. Xalq,
deganimizda, Qarshi vohasini talon-taroj etishdan mo’g’ul qo’shinlari zulmidan
qutulib qolgan Temurning yurtdoshlarini nazarda tutayapmiz. Darvoqe, Amir Temur
mol-mulk, sovg’a-salomlar to’plab, mo’g’ul amirlarining och ko’zlarini boylikka
to’ldirdi, amirlar ham osongina qo’lga kirgan o’ljadan og’izlari quloqlariga etib,
Tug’luq Temurga uning to’g’risida maqtovli gaplar aytdilar. Tez orada Amir Temur
Movarounnahr hokimi etib tayinlandi. Ammo tariximizga ko’z yugurtirsak, dushman
69
hech qachon o’z ahdiga vafo qilmaganiga guvoh bo’lamiz. Tug’luq Temur o’z
ahdidan qaytib, o’g’li Ilyosxo’jani Movarounnahrga hokim qilib jo’natadi.
Bu erda Sohibqiron Temurning yana bir insoniy xislatini ko’ramiz: ahdidan
qaytgan inson xudoning nazaridan qoladi, Amir Temur bundaylardan uzoq yurishga
harakat qilgan. U Ilyosxo’jaga xizmat qilishdan bosh tortdi va Amir Husayn bilan
unga qarshi ittifoq tuzadi. Tuzuklardagi ikkinchi kengashdan ma’lum bo’ladiki,
Mo’g’uliston mamlakati askarlari Movarounnahrga qaytadan bostirib kiradi.
Ilyosxo’ja davlat ishlarida layoqatsiz bo’lganligi uchun ularga qarshi kurasha
olmaydi. Bosqinchilar Movarounnahrlik etmish nafar sayyidni asirga oladilar. Xalq
zolimlarga qarshi kurashda Amir Temurni qo’llab-quvvatlaydi. Ulamoyu fozillar unga
fatvo yozib bergach, dushmanlarga qarshi kurashda Amir Temur xalq va shar’iy
jihatdan qonuniy hukmga ega bo’ladi. Hokimiyat uchun siyosiy kurash avj olib ketadi.
Tug’luq Temur Amir Temurni yo’q qilish uchun buyruq yuboradi, ammo baxtli
tasodifmi yo boshqami, ishqilib, yorliq uning qo’liga kelib tushadi. U piri Abu Bakr
Toyibodiyning maslahati bilan Xorazmga ketishga majbur bo’ladi.
Amir Temur davlatining vujudga kelishida sarbadorlar-ning o’rni qanday?
Ma’lumki, har qanday siyosiy davrda, o’ta og’ir siyosiy vaziyatlarda xalq birligi
mamlakatlar hayotida asosiy kuch sanalgan. Hokimiyatsiz qolgan Movarounnahr
aholisi ham o’z erki va ozodligi, oila sha’ni, muqaddas tuprog’i hurmati uchun
mo’g’ullarga qarshi kurashga otlandi. Bu harakat tarihda «sarbadorlar» harakati nomi
bilan shuhrat topdi.
Samarqandda bunday harakatga Madrasa talabasi Mavlon-zoda, paxta tituvchilar
mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Naddof) va mergan Xurdaki Buxoriylar
boshchilik qildilar. Ular hokimiyatni boshqarishda etarli tajribaga ega emasdilar.
Faqat xalqning bosqinchilarga bo’lgan nafrati, o’zaro jipslashuvi, ozodlikka bo’lgan
intilishlarining kuchliligi bois Ilyosxo’ja lashkari ustidan g’alaba qozondilar va butun
qish davomida Samarqand Mavlonzodaning qo’liga o’tib, «uni imom va amir sifatida
qabul qildilar». Sarbadorlar harakati Amir Temur davlatining tashkil topishini
tezlashtirdi.
«Movarounnahr hokimi bo’la oladigan amirlar ko’p edi. Ana endi, nima uchun bu
cho’qqiga aynan Amir Temur qo’tarila oldi, degan savolga javob izlaylik. To’g’ri,
uning taqdirida bunday qismat avvaldan yozilgan edi, deyish oson. Ammo bunda eng
muhim jihat adolat mezonidir, zero, uning xoh siyosiy, xoh ma’rifiy jabhalarida, qaysi
hayotiy masala xususida bo’lmasin, u har bir kishiga birinchi navbatda insoniy qonun-
qoidalar, tamoyillar bo’yicha yondashdi.
Demak, 1365-1370 yillar orasida Sohibqironning davlat tuzish borasida oldida
turgan eng muhim muammolar quyidagilar edi:
1. Avvalo Movarounnahrni mo’g’ullar zulmidan butunlay xalos etish, u bilan
murosa qilish.
2. Amir Husaynga istagan viloyatini berib, uni nazoratda tutish.
3. Turli viloyatlarda «qo’g’irchoq» hukumat tuzib, Movaroun-nahrni parokanda
etgan amirlarni tobe holatiga keltirish.
4. Mamlakat chegaralarini mustahkamlash, poytaxtni tanlash, uni obod etish.
5. Qo’shinni tartibga keltirish, oziq-ovqatidan tortib, navkarlar maoshini
to’lashgacha bo’lgan barcha ishlarni hal etish.
70
U o’zining o’n ikkinchi kengashida «to’g’ri chorayu tadbir ishlatib, Ilyosxo’ja
lashkarini sindirdim», deb yozadi. O’n uchinchi kengashda o’qiymiz: «Jete lashkari
urushda engilganiga iqror bo’lganidan keyin, ikkinchi bor jang qilishga botinolmadi,
«chorasiz qolgan Ilyosxo’ja Xo’jand suvidan o’tib ketdi».
Shundan so’ng Amir Temur saltanat mustaqilligini mustahkamlashga kirishadi. Bu
to’g’rida «Tuzuklar»da shunday yoziladi: «Kengashlarim o’zini shavkatli, buyuk amir
deb hisoblagan va boshqa amirlardan o’zini ulug’roq bilayotgan amirlarni itoat ettirib,
bo’ysundirishga qaratilgandi».
Amir Temur oldida amir Husayn masalasi ko’ndalang turar, bu o’sha paytda
birinchi vazifa hisoblanib, uni tezda qatiy hal etish lozim edi. 1365 yildagi «Loy
jangi»dan so’ng Sohibqiron unga ishonmay qo’ygandi. Shu bois, uni Xo’ja
Shamsiddin Kulol mozoriga olib borib, do’stlik izhor qilib, qasam ichsa-da,
keyinchalik u o’z qasamini buzadi va xun talabgorlari tomonidan o’ldiriladi.
Boshqa amirlar ham yoki kengash bilan yoki urush, yoxud diplomatiya yo’li bilan
bo’ysundiriladi. 1370 yilning 9 aprelida Balxda o’tkazilgan Qurultoy uni qadimgi turk
odati bo’yicha oq kigizga o’tkazib, Movarounnahr hukmdori deb e’lon qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ba’zi nusxalarida bu voqea boshqacha tarzda
keltirilgan. Jumladan, «Qissai Temur»da ta’riflanishicha, «jetelar» tor-mor keltirilib,
bir vaqtlar Temurning ittifoqchisi bo’lgan, keyinchalik uning dushmaniga aylangan
Amir Qozog’onning nabirasi Balx hukmdori bo’lib turgan Amir Husayn ham halok
bo’lgach, o’sha davrda ta’siri kuchli bo’lgan uch hukmdor – Badaxshon hokimi Shoh
Muhammad Badaxshiy, Xatlon hokimi Amir Kayxusrav Xuttalaniy va o’zini ming
oilalik sulduzlar urug’ining hokimi deb bilgan amir Shayx Muhammad Bayon sulduz
Movarounnahr hukmdorligiga da’vo qiladilar. Ana shu vaqtda Termiz Sayidlaridan
Sayid Abdul Barakot Amir Kayxusrav talabi bilan qur’a tashlaydi. Qur’a uch marta
ham Amir Temur nomiga chiqqach, o’n ikki amir unga bo’yinsunib muborakbod
qilishadi. Shundan so’ng: «Sana etti yuz etmish biridakim, o’ttiz besh yoshga kirib
erdim, to’rt azamushon sayidkim, alarning biri Sayid Abul Barakot va yana biri Abul
Ma’oniy va yana biri Amir Ziyovuddin, va yana biri Amir Ali Akbar edi, saodatlig’
saotida maning qo’lumni tutub, saltanat taxtig’a mindurdilar», deb yozadi Amir
Temur bu haqda. Ushbu manbada keltirilgan: «Va man taxtga mingan kun avval
umaro sipohining ulturmoq va tik turmoqlik tuzukin qildim. Samarqand va
Buxoroning ra’iyatlarin tavobi bila tarxon qildimkim, alardan molu-manol
olmasunlar», degan ma’lumotlar ham boshqa manbalarda uchramaydi. Shu tariqa
Movarounnahr hayotida yangi davr boshlanadi. Amir Temur nomi olamga yoyildi.
Amir Temur shaxsi uning davlat tuzish hamda askarboshilik faoliyati haqida
yaqin-yaqingacha faqat bir tomonlama yondashib kelindi. Shu davr to’g’risida ilmiy
ish yozgan mualliflar, asosan,tarixchi Ibn Arabshohning «Temur taqdirida taqdir
ajoyibotlari» nomli asaridagi unga berilgan ta’rifiga suyanib, uni rahmsiz, johil, zolim
Chingizxondan hech kam bo’lmagan o’rta asr hukmdori deb ta’riflab keldilar.
Ammo shu narsani tan olish kerakki, Ibn Arabshohning kitobi diqqat bilan o’qilsa,
Temurga berilgan salbiy baholardan ijobiylari ko’proq. Ammo Ovro’po tarixchilari
shu kitobda keltirilgan uch qatorgina ta’rifni ushlab olganlar, xolos. Shuning uchun
ham bunday bir tomonlama yondashishni, eng avvalo, g’arazsiz deb baholab
bo’lmaydi, qolaversa, bu tarixiy faktni buzib ko’rsatishdir. To’g’ri, Amir Temur o’z
71
davrining hukmdori, uning shaxsi ziddiyatli bo’lib, faoliyatida adolat va
qatgiqqo’lliklar bir chiziqda yotadi.
Uning davlat arbobi va askarboshilik faoliyatini ikki davrga bo’lish mumkin: 1.
Temurning Chig’atoy ulusida hokimiyatni qo’lga kiritishi. Mo’g’ullar zulmini
ag’darib tashlab, mustaqil markazlashgan davlat tuzishi (1370-1380 yillar). 2.
Imperiyani kengaytirish maqsadida o’zga mamlakatlarni asoratga solish davri.
Markazlashgan davlat tuzilgach, butun kuchini qisman mudofaa va istilo urushlariga
burdi (1380-1405 yillar). Tez fursatda Xuroson va Eronni, Hindiston, Iroq, Suriya va
Misrni, Rum va Kavkazortini bosib olib, o’z davlati hududlariga qo’shdi. Shunisi
xarakterliki, faqatgina Temurda emas, balki o’rta asrning deyarli barcha
hukmdorlarida shunga o’xshash o’zga erlarni bosib olish kayfiyati mavjud bo’lgan.
Markazi Samarqand bo’lgan juda kuchli davlat vujudga kelgan bir davrda Osiyoda
ikkita kuchli Turk davlati bor zdi. Bu davrga kelib, Oltin O’rdada oz sonli bo’lgan
mo’g’ul urug’lari musulmonchilikni qabul qilib, turkiy urug’larga tamomila singib
ketgan edilar. Oltin O’rdaning davlat tili xorazmiy turkiy tili edi. Anatoliyada esa
qudratli Usmonli turklar davlati tashkil topib, ular Rum (Vizantiyaga), Sharqiy
Yevropaga tahdid solib turar edilar. Usmonli beklar nasablari bo’yicha Markaziy
Osiyolik turk beklariga yaqin edilar. Temur davlatining yashash va yashamasligi ana
shu ikki davlat bilan bo’ladigan munosabatga ham bog’liq edi.
Yuqorida ko’rib o’tganimizdek, Amir Temur ko’p o’tmasdan, o’z ittifoqchisi
bo’lgan Turk amiri Qozog’onning nabirasi Husaynni jangda engib, 1370 yilda uning
bosh kenti – Balxni qo’lga kiritadi va ikki daryo oralig’ida markazlashgan kuchli
davlat tuzishga kirishadi. Uning bu ishida Chig’atoy beklari, harbiy boshliqlar,
ruhoniylar va shaharliklar orasida tayanch kuchlar vujudga keladi. Dastlab, u Keshga
kelib, davlat vazirini, tuman boshliqlari va mingboshilarni tayinlaydi. Xorazmdan
boshqa barcha erlarni o’z hokimiyati ostiga birlashtiradi. Mo’g’ullar davrida Xorazm
ikki qismga bo’lingan bo’lib, markazi Urganch shahri bo’lgan Shimoliy Xorazm, bu
Oltin O’rda tarkibiga kirar edi va ikkinchisi – Markazi Kat qal’asi bo’lgan Chig’atoy
ulusiga kiradigan Janubiy Xorazm edi. 1359 yilda Oltin O’rdada yuz bergan
g’alayonlardan keyin bu ikkala qismni Qo’ng’irot qabilasiga mansub so’fiylar
birlashtirgan edi. Ammo bu vaqtda sobiq Chig’atoy ulusida hokimiyatni o’z qo’lida
to’plab olgan Amir Temur o’zini shu ulusning ham vorisi deb hisoblab, Xorazmning
Oltin O’rda bilan birlashishiga norozi ekanligini bildiradi.
Amir Temurning Turon elini birlashtirish uchun olib borgan kurashi hokimiyat
o’zbek amirlari qo’llariga o’tgan Oltin O’rda davlatini buyuk davlatchilik siyosatiga
qarshi qurash bilan birga boradi. Xorazmni o’z davlatiga qo’shish uchun 4 marta
yurish qilib, 1388 yilda uni uzil-kesil qo’shib oldi. 1395 yilda u Shimoliy Kavkazdagi
Terek daryosi bo’yida Oq O’rdaning o’zbek amirlaridan bo’lgan To’xtamishxonga
xalokatli zarba berganidan keyin Oltin O’rdaning bosh kenti – Saroy Berkani egalladi.
Oltin O’rdaga berilgan zarba Amir Temur o’z davlati manfaatlaridan kelib
chiqishiga qaramasdan, bu g’alaba rus xalqiga va Rus davlatiga ko’rsatilgan katta
yordam edi. Bu tarixiy holni ilg’or fikrli rus tarixchilari A.Yu. Yakubovskiy va
B.D.Grekovlar obektiv baho berib, tan olganlar. To’g’risini aytganda, uning
xizmatlarini to’g’ri tushunib tan olganlar Rossiyada hozir ham ko’p. Shulardan biri
Rossiyaning Pokistondagi elchisi A.Yu.Alekseevning quyidagi so’zlari diqqatga
sazovordir: «Amir Temur To’xtamishxon ustidan qozonilgan g’alaba haqida Oltin
72
O’rdani emirish bilan Rus mamlakatini qariyb 200 yil davom etgan mo’g’ul-tatar
zulmidan faqat ozod qilibgina qolmay, balki Rossiyaning mustaqil davlat sifatida
rivojlanishiga yo’l ochib berdi. Bu tarixiy haqiqat. Lekin Rossiyada yaqin
vaqtlargacha bu haqida gapirilmas yoki gapirishni istashmasdi. Biroq bundan ko’z
yumib bo’larmidi?! Haqiqat – bu haqiqat!» 1405 yilda Amir Temur Xitoyga
qilayotgan yurishida kasallanib, vafot etadi. Garchi Ibn Arabshoh va ba’zi tarixchilar
uni savodsiz, shafqatsiz hukmdor sifatida yozib qoldirgan bo’lsalar-da, uning jahon
tarixida tutgan o’rni, o’zbek davlatchiligi, uning tarixi, madaniyati qahramonlik tarixi
oldidagi xizmatlari nihoyasizdir. Uning qiyinchilik bilan tuzgan davlati ko’p sonli
amirzodalar orasida tez bo’linib, parchalanib ketadi. Amir Temur vafotidan keyin
o’zaro hokimiyat uchun kurashlar kuchayadi.
Shohrux (1405-1447) davrida garchi Amir Temur davlatining bir qismi boy
berilgan bo’lsa-da, ammo u qudratli davlat edi. Bu davlat amalda ikkiga – bosh kenti
Hirot bo’lgan Xuroson va bosh kenti Samarqand bo’lgan Movarounnahrga bo’lingan.
Shohrux 15 yoshli o’g’li Ulug’bekni Samarqand hokimi, Amir Temurning safdoshi –
askarboshi Shoh Malikni esa unga Otabek qilib tayinlaydi. 1411 yildan e’tiboran, 17
yoshli Ulug’bek Movarounnahr va Samarqandni mustaqil boshqardi. «U odil sudlov
va boshqarishni amalga oshirishda maqtovga sazovor qoidalarga rioya qildi», – degan
edi Davlatshoh Samarqandiy. Ulug’bek otasidan ikki yil keyin, o’z o’g’li
Abdullatifning fatvosi bilan 1449 yilda o’ldirildi. Undan keyingi davrda Dasht
o’zbeklarining ikki daryo oralig’i ishlariga aralashuvi kuchayib, ularning xoni
Abulxayrxon yordamida Mironshoh avlodlaridan bo’lgan Abu Sayid (1451-1469)
hokimiyatni qo’lga oladi. U Eronda Temuriylar hukmronligini tiklash uchun qilingan
urushda asir olinib, qatl etilgach, hokimiyat uning avlodlariga o’tadi. Xurosonda esa
Umarshayx avlodlaridan Sulton Husayn Boyqaro hukmdor bo’ladi. XV asrning oxiri
– XVI asrning boshlariga kelib, Temuriylar davlati o’zaro taxt talashishlar va Dasht
o’zbeklarining hujumlari ostida halokatga uchradi. Xullas, Amir Temur, eng avvalo,
xalqini va yurtini zolimlar iskanjasidan ozod etishda mardlik va jasorat ko’rsatdi.
Vatan iqboli, shonu shavkati uchun fidoyilarcha kurashdi, o’zi aytganidek, «saltanat
to’nini kiygach», tinchligu sog’lig’i ketdi, o’z to’shagida rohatda uxlash, huzur-
halovatidan voz kechdi. Ammo u «adlu insof bilan jahon gulshani obod bo’lur» deya,
o’zidan yaxshi nom qoldirdi. Bugunda u tuzgan qudratli davlatning mohiyati va
tarixda tutgan o’rniga ahamiyat berib, uning o’zbek davlatchiligi borasidagi eng
yaxshi an’analarini o’rganish, davlatining vujudga kelishini yanada kengroq tahlil
etish bugungi davlatchilik ishlarimizda juda qo’l keladi. Shunday qilib, Amir Temur
saltanatining tashkil topishi tasodifiy bir hol bo’lmasdan, butun XIV asr ijtimoiy-
siyosiy voqealari rivojlanishidagi tarixiy jarayonning taqozosi edi. Markazlashgan
davlat tashkil topishining ichki va tashqi shart-sharoitlari mavjud edi. Ichki sabablari:
a) Chig’atoy ulusining inqirozi va siyosiy tarqoqlikning kuchayishi mamlakatning
iqtisodiy ahvolining tobora og’irlashib borayotganligi, shuning uchun dehqonlar,
chorvadorlar, hunarmandlar, savdogarlar-barcha aholi mamlakatni mo’g’ul zulmidan
xalos qilish va uni birlashtirish tarafdori edi; b) mo’g’ullar istibdodining o’rnatilishi,
Chig’atoy xonlaridan to Tarmashirin davrigacha islom dini mavqeini juda pasaytirib,
uning obro’sini tushirib yuborgan edi. Davlatda islom dini mavqeini tiklash butun
ruhoniylarning xohishiga aylangan, ular tezroq bu istibdodni tugatish tarafdori edilar;
v) o’zaro urushlar, hokimiyat talashishlar xalqning tinka-madorini quritib yuborgan,
73
shuning uchun butun xalq istiqlol va yagona davlat tarafdori edi. Tashqi shart-
sharoitlariga kelganimizda: a) Oltin O’rda, Oq O’rda tomonidan Muovarounnahrda
o’zgarishlar kuzatilar, vaqti-vaqti bilan Chig’atoy ulusi ishlariga aralashish hollari yuz
berib turardi; b) Chig’atoy ulisi ikkiga bo’linib, Mo’g’uliston tashkil topgan va uning
qudratli xoni Tug’luq Temurxon bu ulusni o’z davlatiga qo’shib olish uchun ikki
marta Movarounnahrga qo’shin tortib kelishi, ya’ni qaytadan mo’g’ullar
hukmronligini tiklashga intilish mavjud edi. Ana shu shart-sharoitlar Amir Temurning
markazlashgan Turkiston saltanatining tashkil topishini tezlashtirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |