Balog‘atga yetmagan andishasiz, qaysar o‘smirlar. Bunday o‘smirlar shaxsiy qarashi, o‘zgalarga baho berishi ahloq normasiga zid bo‘lgani sababli qonunni buzadilar, o‘z qarashlarini maktab, oila va jamoatchilik fikriga qarshi qo‘yishga harakat qiladilar. O‘rtoqlarini qo‘rqitish, ruhan azoblash, kattalarning izzat-nafsiga tegish orqali rohatlanadilar. Ularda “o‘zini ko‘rsatish” ishtiyoqi kuchli bo‘ladi. Bunday ishtiyoqdan pedagoglar unumli foydalanishlari mumkin. Masalan, ularni sport to‘garaklariga jalb qilish, tadbirlarda tartibni nazorat qilish vazifasini yuklash, ijtimoiy mehnat uchastkalarida mas’uliyatli ishlarni topshirish, darsdan tashqari vaqtlarda rahbarlik ishlarini berish orqali tarbiyasi qiyin o‘smirlarni sog‘lomlashtirish mumkin.
Beqaror yoki subutsiz, ya’ni o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmagan bolalar va o‘smirlar. Bunday bolalar barqaror axloqiy e’tiqod, ma’naviy his va shaxsiy qarashlari shakllanib ulgurmaganligi tufayli ikkilanib turadilar. Ularning kishilarni baholash faoliyati favqulodda vaziyatlarga bog‘liq bo‘ladi. Iroda kuchining zaifligi, ma’naviy dunyosidagi beqarorlik, voqea - hodisalarga nisbatan befarqlik va tashqi ta’sirlarga tez berilishlik tufayli xulq-atvorida o‘zgarishlar kelib chiqadi. Bunday bolalarning ko‘ngli bo‘shligi, xarakteri o‘zgaruvchanligi natijasida ba’zan huquqbuzarliklar kelib chiqishi mumkin. Bundaylar bilan ishlashda ularni mustaqil fikrlashga, o‘z-o‘zini tanqid qilishga o‘rgatish foyda beradi.
Xususiy kechinmalarga boy bolalar va o‘smirlar. Bundaylarda xudbin shaxsiy ehtiyoj va istakning kuchliligi yorqin namoyon bo‘ladi. Ular ma’naviy qashshoqlikni his qiladilar va iztirob chekadilar. Boshqalarga yaxshilik qilishni istaydilar, lekin xudbinliklari sababli yaxshilik qilolmaydilar. Bundaylarni rahbarlik ishlariga jalb qilish, ijodiy fikrini o‘stirish, o‘z-o‘zini nazorat qilish kabi shaxsiy sifatlarni shakllantirishga e’tibor berish lozim.
Affektiv kechinmali, ehtiroslarga boy, qo‘zg‘aluvchan, ruhiy beqaror bolalar va o‘smirlar. Bundaylar jamoada o‘z o‘rnini topa olmaydilar, doimiy ravishda ruhiy iztirobda bo‘ladilar, ko‘pchilikning nazarida bo‘lishni yoqtirmaydigan, noaniq sabablarga ko‘ra azoblanuvchan bo‘ladilar. Bundaylarga oqilona maslahatlar berish, affektiv harakatlarning oldini olish, irodaviy sifatlarni shakllantirishga doir tadbirlarni ko‘proq olib borish maqsadga muvofiqdir.
“Tarbiyasi og‘ir bolalar” bilan ishlashda avvalo ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, “ko‘ngilochar o‘yinlar”da ishtirok etishlariga, be’mani “hordiq chiqarish” va ko‘cha-ko‘yda maqsadsiz yurishlariga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
“Tarbiyasi qiyin o‘smirlar” bilan ishlashda pedagoglar quyidagilarga e’tibor berishlari maqsadga muvofiqdir:
“Tarbiyasi qiyin o‘smirlar”ning psixologik xususiyatlarini, jumladan, qiziqishlari, temperament (mijoz)i, xarakteri, irodaviy xislatlarini aniqlab beruvchi psixologik testlardan o‘tkazish va ota-onalarga tavsiyalar berish.
“Tarbiyasi qiyin o‘smirlar”ning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga amaliy yordam berish masalasini rahbariyat oldiga qo‘yish.
“Tarbiyasi qiyin o‘smirlar”ning ota-onalari bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish.
“Tarbiyasi qiyin o‘smirlar”ni doimiy nazoratga olish.
“Tarbiyasi qiyin o‘smirlar”ni mas’uliyatli ishlarga ko‘proq jalb qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |