35.Mavzu: Maktabgacha ta’lim tashkilotlari katta guruhlarda qurish yasash.
Reja:
1. Katta guruhda qurish-yasashning turlari.
2. Tayyor qurilish materiallaridan qurish-yasash.
3.Bolalarni qog’ozdan qurish-yasashga o’rgatish.
4. Katta guruh uchun qurish yasash mashg’ulot loyihasi tuzish.
Bolalar o’rta guruhda ancha-muncha tajriba orttirganlar, ularda bilimga havas zo’raygan va shu munosabat bilan ularning diqqat qilish qobiliyati oshgan. Katta guruhda bundan keyin ham bolalarning muayyan maqsad bilan kuzata olish, eshitgan narsasini ixtiyoriy ravishda esda saqlab qola olish va ularning mantiqiy fikr yurita olish qobiliyatini o’stirish vazifalari qo’yiladi. Turmushdagi har xil voqea – hodisalar bilan bolalarni tanishtira borish, bolalarda ko’rish natijasida hosil bo’ladigan tasavvurlarning ko’payishiga yordam qiladi.
Bolalarni sayrga olib chiqqanda, tarbiyachi fazodagi buyumlarning bir-biriga nisbatan katta–kichikligiga bolalarning diqqatini jalb qiladi. Bolalar o’z atrofidagi voqea–hodisalar haqida yangi–yangi narsalarni bilib oladilar, buning natijasida ular tevarak–atrofdagi go’zallikni oldingiga qaraganda yana ham to’laroq ko’ra oladigan va kengroq tushunadigan bo’ladilar.
Katta guruhda bolalar buyumlarning xarakterli belgilarini tasvirlashga, ularni shu belgilari orqali ajratishga o’rgatiladi. Tarbiyachining so’zlarini diqqat bilan tinglashga, topshiriqlarni mustaqil bajarish vazifalari qo’yiladi. Bu guruhdagi bolalar qurish – yasash mashg’ulotlarida o’z fikrlari bilan qatnashadilar. Ular qurilish materiallari bilan turli xil binolar, bog’cha, hayvonot bog’i mavzusida qurilishlar quradilar. Ular jamoa bo’lib ishlaydilar. Bu qurilishlarda o’z fikrlari bilan qatnashadilar.
Katta guruhda o’rta guruhda olgan bilimlar mustahkam-lanadi. Ular uy, transport, ko’prik va boshqa mavzularda quri-lishlar quradilar. Buning uchun tarbiyachi mavzuni aytib tayyor namunani bolalarga ko’rsatadi va bolalarga o’z qurilish material-laridan foydalanib qurilishlar qurishni taklif qiladi. Bu esa yaxshi natija beradi, chunki bolalar mustaqil ravishda ishlaydilar.
Birinchi mashg’ulotda tarbiyachi sodda vazifa, ya’ni tarbiyachining namunasi va ko’rsatmasi asosida bir uy uchun devor qurish vazifasini qo’yadi. Ikkinchi mashg’ulotda esa ular namunasiz 3-4 uy uchun devor qurishlari kerak bo’ladi. Keyingi mashg’ulotlarda tarbiyachi tog’lar qurishni bolalarga tavsiya etadi. Ular tog’ qurib, uni yo’lak bilan to’ldiradilar va bu yo’lakdan to’pchani yumalatib o’ynaydilar. Tarbiyachi bu mashg’ulotlarda namuna ko’rsatish, sayr va sayohatlarga olib chiqish, suratlarni ko’rsatish usullaridan foydalanadi.
Qog’oz bilan ishlash. Ma’lumki, bog’cha yoshidagi bolalar rangli qog’ozlardan har – xil o’yinchoqlar tayyorlash va ular bilan o’ynashni juda yoqtiradilar. Qurish – yasash mashg’ulotlarining asosiy maqsadi kichkintoylarga turli materiallar yordamida o’z o’yinlari uchun har – xil o’yinchoqlar yasash va tuzishga o’rgatishdan iborat. Bu mashg’ulotlar mazmun jihatidan anchagina murakkab bo’lib, kichkintoylardan kattalarga xos ijodiy fikr yuritishni talab qiladi. Unda asosan qog’ozlardan, kartondan foydalaniladi. Rangli qog’ozdan tayyorlanadigan tabrik sovg’alari bog’cha tasviriy faoliyat mashg’ulotlarining asosini tashkil etadi. Bolalar rangli qog’ozlar bilan ishlash orqali tarbiyachilarning topshiriqlarini bajaradilar, shuningdek turmushda zarur narsalarni tayyorlashni ham o’rganadilar. Ayniqsa, o’z qo’llari bilan yasagan gul va o’yinchoqlarni yaqin kishilariga sovg’a qilish ularga katta quvonch bag’ishlaydi.
Katta guruhda bo’shagan gugurt qutilaridan bolalarga foydali va chiroyli o’yinchoqlar yasash o’rgatiladi. Ularda material va asboblardan to’g’ri foydalana olish malakasi hosil qilinib ijodiy tasavvur va qobiliyatlari rivojlantiriladi.
Gugurt qutilaridan yuk mashinasini qurish – yasashdan 1 – 2 kun oldin turli – tuman yuk mashinalarining o’yinchoq nusxalarini kichkintoylarga o’ynash uchun beriladi. Ular diqqatini asosan yuk mashinalarining o’ziga xos tuzilishlariga qaratadi.
Tarbiyachi dastavval yuk mashinasining o’yinchoq namunasi va qo’lda yasalganini ko’rsatib, ularning asosiy qismlari va bo’laklarini izohlaydi. So’ng, yuk mashinasini gugurt qutichalaridan yasash yo’llarini amaliy ravishda ko’rsatib tushuntirib beradi.
Katta guruhda bolalarga alohida – alohida topshiriq berish usulini qo’llash lozim. Masalan, bo’sh g’altak va gugurt qutilaridan o’yinchoq yasash vazifasi beriladi. Har kim o’zi hohlagan o’yinchoqni yasaydi. Bolalar bilan ishlaganda zo’rma-zo’rakilikdan qochish kerak. Biron narsa yasash bilan mashg’ul bo’lgan murg’ak avvalambor o’zini erkin namoyon etib, ma’naviy dunyosini namoyish qiladi.
Gugurt qutisidan narsa yasash uchun andaza.
Katta guruhda bolalar qog’oz va chiqindi materiallardan tashqari, tabiiy materiallardan ham narsalar quradilar. Bolalar har – xil o’simlik urug’lari makkajo’xori so’tasi, har xil daraxt novdalaridan qush, baliq, kapalaklar, turli xil hayvonlar va odam qiyofalarini ham yasaydilar. Bolalar tarbiyachi bilan birgalikda ertaklar asosida turli xil qahramonlarni yasaydilar.
Mashg’ulot uchun kerak bo’ladigan tabiiy materiallarni bolalar tarbiyachi bilan sayrlar jarayonida butun yil davomida to’plashi mumkin.
Savol va topshiriqlar:
Qurish – yasash mashg’ulotlarida bolalarni qanday vazifalarga o’rgatiladi?
Katta guruhda qurish – yasash mashg’uloti haftada necha marta bo’ladi?
Chiqindi materiallardan nimalar yasash mumkin?
Tabiiy materiallar orqali qaysi mavzuda qurish – yasash ishlarini olib boriladi?
Bu guruhda tarbiyachi qaysi usulni ko’proq qo’llaydi? Misollar bilan tushuntirib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |