(Ko‘rish, eshitish, hid bilish, ta’m bilish va sezish)
Ko‘rish diqqatini rivojlantirishga oid mashqlar:
Talabadan auditoriyada o‘tirgan boshqa talabalarni bir yoki bir necha daqiqa davomida sinchkovlik bilan kuzatib, ularning yuz tuzilishi, kiyimi, sochlari qanday taralgani va hokazo belgilarni eslab qolish va mantiqiy ta’riflab berish talab etiladi. Bunday ta’riflashlar talabaning fikrni ravon ifoda qilish qobiliyatini ham tarbiyalaydi.
Talabaga auditoriyadagi jihozlarni eslab qolish va joylashuvi bo‘yicha ta’riflab berish vazifasi yuklatiladi.
Devorga ilingan portretlarni kuzatib, u yerdagi tasvirlarni eslash orqali tavsiflab berish topshiriladi.
Eshitish diqqatiga doir mashqlar:
Ko‘chadan, yo‘lakdan, auditoriyadan kelayotgan ovozlarni tinglab, ularni mantiqan bog‘lagan holda yaxlit hikoya tuzish.
Pedagogning shartiga ko‘ra talabalar diqqatni bir ob’ektdan ikkinchi ob’ektga jalb etib, goh auditoriyani, goh ko‘chani tinglashadi va hokazo, so‘ngra hammasini mantiqan va izchillik bilan bog‘lab hikoya to‘qishadi.
Pedagog guruhni 2, 4, 6 sonlariga taqsimlanishlarini so‘raydi. Keyin o‘qituvchi xohlagan sonini chaqiradi, o‘sha son tez o‘rnidan turib o‘tiradi. Mashqni har xil tezliklarda bajarish kerak, bu mashq talabalarga juda zavq beradi va shu bilan birga diqqatni talab etadi. Yanglishgan talabalar o‘yindan chiqib ketadilar.
Auditoriyadagi taburetkalardan doira shakli yasaladi. Taburetkalar soni talabalar sonidan bitta kam bo‘lmog‘i lozim. Talabalar bir necha lahza musiqiy - ritmik o‘lchamni va doira shaklini saqlagan holda taburetkalar atrofida yuradilar va o‘qituvchi belgi berishi bilan o‘zlariga joy olishga ulgurishlari kerak. Kim ulgurmasa o‘yindan chiqib ketadi. Mashqni musiqa jo‘rligida davom ettirish mumkin.
Hid va ta’m bilish diqqatiga oid mashqlar:
Auditoriyadan va ko‘chadan qanday hid taralayotganini aniqlash.
Talabaning ko‘zini bog‘lab, gul hidlatish va qanday gul ekanligini aniqlash.
Sezish diqqatiga doir mashqlar:
Qo‘l bilan talabaning kiyimini silab ko‘rib, uning dizayni,
rasmlarini, qanday matodan tayyorlanganini aniqlash.
Qo‘l bilan silab ko‘rib, stolning ustidagi nosozliklarini aniqlash.
Tanganing belgilari va qancha ekanligini aniqlash.
Barmoq bilan sochlarning orasidan bir tolasini ajratib olish.
Qog‘ozga o‘yilgan harflarni aniqlash.
Stolning ustida yotgan gazeta tagidagi ignani topib olish.
Stol ustiga yozilgan dasturxonning ostida yotgan narsalarni aniqlash.
Oyoq bilan gilam tagidagi kalitni topish.
Oyoq bilan poldagi notekisliklarni aniqlash. Bu mashqlar ob’ektga qaramasdan bajariladi. Mashq davomida pedagog talabalarning erkin bo‘lishlariga e’tibor qilishi lozim.
Aktyorlik mahoratining bu va boshqa elementlarini o‘zlashtirish uchun qilinadigan yana ko‘plab mashqlar ushbu kitobning ilova qismida alohida keltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |