O‟rta asrlar Yevropa estetikasi
O‘rta asrlar Yevropa falsafiy tafakkuri asosan cherkov qisuvida, nasroniylik belgilab qo‘ygan doiralarda ifoda
topdi, unda musulmon Sharqi falsafasidagi erkinlik, teran ilmiylikni uchratish qiyin. Faqat o‘rta asrlarning keyingi
davrlarida, xususan, Uyg‘onish davrida Yevropa mutafakkirlari Qadimgi yunon tafakkurining tadrijiy davomi
bo‘lmish musulmon falsafasi va faniga e‘tiborni qaratdilar. SHu bois o‘rta asrlar Yevropa tafakkuri
Yangiaflotunchilikka, xususan, Plotinga ergashdilar. Estetikada transstentdental, ruhoniy, ilohiy go‘zallik tan olinib,
erdagi go‘zallikka arshdagi go‘zallikning ramziy ifodasi sifatida qaraldi.
O‘rta asrlar Yevropa estetikasida Ilohiy Og‘ustin – Avreliy Avgustin (354 – 430) qarashlarni katta ahamiyat
kasb etadi. Avgustin go‘zallikni shakl bilan, xunuklikni shaklning yo‘qligi bilan izohlaydi. Uning fikriga ko‘ra,
mutlaq xunuklik yo‘q, balki nisbatan mukammal tuzilmaga va mutanosiblikka ega narsalardan shakliy ojizligi,
shaklsizligi bilan farq qiladigan narsalar bor, xolos. Xunuklik nisbiy nomukammallik, go‘zallikning eng quyi
bosqichi. YA‘ni, yaxlit go‘zallik tarkibida bo‘lgan, lekin undan uzilib qolgan qism o‘z go‘zalligini yo‘qotadi va
aksincha, xunuklik go‘zallik tarkibiga kirishi bilan go‘zallikka aylanadi. Faqat pok qalb egalarigina olam
go‘zalligini ko‘ra olishi mumkin. Bu go‘zallik ilohiy go‘zallikning in‘ikosidir. Xudo – eng oliy go‘zallik, moddiy va
ma‘naviy go‘zallikning Ilk qiyofasi.
Avgustin go‘zallikning ikki turi haqida fikr yuritadi. Birinchisi – shakl go‘zalligi, u ko‘rish orqali, ikkinchisi
– harakat go‘zalligi, u ko‘rish va eshitish vositasida idrok etiladi. Harakatdagi go‘zallik musiqada, she‘rda, jism
harakatlarida qisqa va uzun ritmlarning ketma-ket kelishi qonuniyatiga amal qilinishi orqali ro‘y beradi. Estetik
kechinma ham ikki xil – hissiy va aqliy idrok etish orqali yuzaga keladi. Estetik kechinma uchun tasavvur idrok
etish kabi muhim ahamiyatga ega. Moslik go‘zallikning asosi sifatida ko‘z emas, aql vositasida idrok etiladi.
Go‘zallikni idrok etish uchun go‘zal narsa-hodisalar bilan qalb o‘rtasida moslik, go‘zallikka manfaastiz munosabat –
muhabbat, nimaiki go‘zal bo‘lsa, o‘shanga moyillik bo‘lishi lozim. Go‘zallikni idrok etishda undagi muhim
xususiyat – ritm katta ahamiyatga molik, zero inson barcha ritmlar ichidagi eng muhimi hisoblanmish tug‘ma,
doimiylik tabiatiga ega bo‘lgan intellektual ritm bilan ta‘minlangan, busiz u ritmlarni idrok etishi va ularni yaratishi
mumkin emas.
Avgustinning sonlar haqidagi ta‘limoti ham ritm bilan bog‘liq; sonlar uzun va qisqa jism harakatlari, she‘riy
hijolar, musiqiy ohanglar kabi ritm o‘zgarishlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. SHundan kelib chiqib,
mutafakkir sonlarni besh turga bo‘ladi: 1) sado beruvchi, idrok etish bilan bog‘liq bo‘lmagan, faqat tovushning
ichidagi sonlar; 2) idrok etuvchining sezgilaridagi sonlar; 3) real tovush yo‘q va eshitish mumkin bo‘lmagan holatda
tasavvur qilinadigan harakatdagi sonlar; 4) xotirada saqlanib qoladigan, biz eslamasak ham, yodimizda qolib ketgan
kuydagi sonlar; 5) hukm chiqaruvchi sonlar. Ular orasida eng muhimi – beshinchisi, estetik baholash, mezon
vazifasini bajaradigan, hukm chiqaruvchi sonlar, ular orqali onglanmagan holda xotirada qolgan to‘rt turdagi
sonlarning hammasi baholanadi: qaysi biri yoqimli deb qabul qilinadi, qay biri yoqimsiz sifatida inkor etiladi. Bu
sonlarning hammasi turli darajadagi o‘tkinchilik xususiyatiga ega bo‘lib, vujudga taalluqli, ular odamlarda ham,
hayvonlarda ham, parrandalarda ham mavjud. Chunonchi, bulbulning sayrashi, mayna va to‘tilarning ohanglarni
eslab qolishi, fil yoki ayiqlarning, o‘zlari kuylamasalar ham, kuyni yoqtirishlari ularda «hukm chiqaruvchi»
sonlarning borligidan dalolat beradi. Xuddi shunday tabiiy musiqiylik odamlarga ham xos. Deylik oddiy odamlar
soz chalishni, kuylashni, musiqa nazariyasini bilmaganlari holda iste‘dodli xonanda yoki sozanda bilan iste‘dodsiz
xonanda yoki sozandani yaxshi farqlay oladilar. Bunday holat tomoshaviy shakllarni idrok etishga ham taalluqli,
unda ham yaxshini yomondan ajratadigan xotira, hukm chiqaruvchi sonlar ishga tushadi.
Estetik baho zamirida yotgan onglanmagan tarzdagi hukm chiqaruvchi sonlardan Avgustin aqldagi sonlarni
farqlaydi. Aql hissiyot sezmay qolgan xatolarni ocha oladi, u harakatdagi sonlar munosabatini ongga etkazadi, ya‘ni
estetik zavq to‘g‘risida tushuncha beradi. Masalan, biz boltani qaerga urishni «nazariy» jihatdan bilamiz, lekin faqat
tajribali duradgorgina qo‘lida mavjud bo‘lgan sonlar yordamida yog‘ochdagi kerakli nuqtaga aniq zarb urishi
mumkin. Aqldagi sonlar, aslini olganda, haqiqiy «hukm chiqaradigan» onglanmaganlikka emas, aqlga asoslangan,
oqilona baholaydigan oliy mezondir. Bunday baholash faqat insongagina xos. Estetik zavq beradigan harakatlarni
aniqlashtirar ekan, Avgustin eng avvalo bir xil uzunlikdagi qismlardan tashkil topgan (1:1, 2:2, v.h.) sonlarga e‘tibor
beradi. Keyin noteng, biroq ko‘payuvchi qismlardan (2:4, 6:8 v.h.) iborat sonlarni hisobga oladi. Uchinchi o‘rinda
turli tenglikdagi sonlar harakati (3:10, 4:11 v.h.) turadi. Avgustin insondagi va undan tashqaridagi ritmlar mosligini
ana shunday o‘ziga xos va murakkab yo‘sinda tushuntirishga harakat qiladi.
Go‘zallikning bunday aqliy tamoyillari nafaqat jism va harakatning estetik qadriyatini baholash mezoni bo‘lib
xizmat qiladi, balki badiiy faoliyatni ham boshqarish ibtidosidir. Har bir parranda turi o‘ziga xos in quradi. Inson,
go‘zallik tamoyillarini o‘zida mushohada qilgani holda, nafaqat hayvonotning qanday shakllarga intilishi va uni o‘z
instinktiv ijodida qay tarzda amalga oshirishini tushunadi, balki o‘zi ham hisobsiz shakllar kashf etadi, ularni binolar
qurishda, boshqa asarlarida mujassamlashtiradi. Ya‘ni san‘atkor san‘atda, to‘g‘rirog‘i o‘z san‘ati nazariyasida,
sonlarni mushohada etadi. SHunday qilib, aqliy sonlar uning muskullarida mavjud bo‘ladi. Ijod paytida jismida
yashiringan va tashqariga chiqish imkoniga ega sonlar uning a‘zolari harakatida namoyon bo‘ladi. o‘zaro kelishib
olgan sonlardan vujudga kelgan ushbu harakatlar natijasi o‘laroq badiiy asar vujudga keladi. «San‘atkorlar-barcha
jismoniy shakllarning ijodkorlari o‘z asarlariga asos bo‘ladigan san‘atdagi sonlarga egadirlar, – deb yozadi
Avgustin. – SHakllarni ishlar ekan, ular to sonlarning ichki ziyosiga mos tashqarida vujudga keladigan shakl zaruriy
darajada poyoniga etmagunicha va oliy sonlarni mushohada etuvchi ichki hakam vositasida o‘ziga yoqadigan
holatni his qilmagunicha, qo‘l va asboblari bilan harakatdan to‘xtamaydilar»
190
.
Shunday qilib, Avreliy Avgustin Aflotun hamda Yangiaflotunchilarning ilohiy go‘zallik borasidagi
qarashlariga suyanib, Xudo yaratgan olamiy yaxlitlik va tartibga asoslangan, ritmlar mohiyatini ochishga qaratilgan
sonlar mosligi bilan belgilanadigan murakkab estetik ta‘limotni yaratdi. Bu ta‘limot butun o‘rta asrlar estetikasining
mohiyatini ochib beradigan o‘ziga xos va keyingi davrlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etgan qarashlar sifatida
diqqatga sazovordir.
Uyg‘onish davri. o‘rta asrlar so‘nggida G‘arbiy Yevropada Uyg‘onish davri deb atalgan madaniyat bosqichi
vujudga keldi. Uning asosida nasroniylik olamiga kirib kelgan ilg‘or musulmon falsafiy va ilmiy tafakkurini idrok
etish yotadi. Zero o‘rta asrlar musulmon Sharqi allomalari Yevropani uyg‘otishdek, Yevropa xalqlari uchun o‘zlari
deyarli unutib yuborgan asl ildizlariga – Qadimgi yunon mutafakkirlari merosiga, erkin tafakkurga qaytishdek
tarixiy imkoniyatni yaratishda muhim rol o‘ynadilar.
Shunday qilib, Uyg‘onish davri falsafiy va ilmiy tafakkurning, san‘atning asrlar mobaynida o‘z etovida
saqlab kelgan cherkov siquvidan ma‘lum ma‘noda qutilishiga, xudoparvarlik bilan birga ayni paytda
insonparvarlikning ham qaror topishiga olib keladi. Bu davrda Dante, Petrarka, Bokkachcho, Rafael, Rembrant,
Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Rable, Rotterdamlik Erazm, Servantes, SHekspir singari qator daho san‘atkorlar
va buyuk mutafakkirlar etishib chiqdi. Biz ulardan biri – ulug‘ me‘mor va estetik Leon Battista Alberti (1404 –
1472) qarashlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Alberti barcha Uyg‘onish davri insonparvar mutafakkirlari kabi insonni ulug‘laydi, unda hayvoniy jihatdan
ilohiylik ustunligini ta‘kidlaydi. Uning estetik qarashlari ana shu insonparvarlik asosiga qurilgan. Alberti iste‘dodli
me‘mor bo‘lishi barobarida go‘zallik bilan birga san‘at nazariyasiga alohida e‘tibor beradi. Uning «Rangtasvir
xususida», «Me‘morlik xususida», «Haykaltaroshlik xususida» deb atalgan risolalarida estetikaning umumnazariy
masalalari ham o‘rtaga tashlanadi.
Alberti estetikasining markazida go‘zallik muammosi turadi. U go‘zallikka o‘ziga xos yondashadi, bu
yondashuvda garchand go‘zallikka matematik mutanosiblik nuqtayi nazaridan qarash mavjud bo‘lsa-da, lekin
dastlabki o‘rta asrlar mutafakkirlaridek (m., Avgustin) hamma narsani sonlar bilan chegaralamaydi. Uning fikriga
ko‘ra, go‘zallikning mohiyati uyg‘unlik bilan bog‘liq. Me‘moriy go‘zallikning asosida uch unsur yotadi: sonlar,
cheklanganlik, joylashtirish. Biroq go‘zallik bu uch unsurdan kengroq ma‘noga ega: «Boshqa yana kengroq
ma‘nodagi narsa borki, bu uch unsurning bir-biri bilan moslashuvidan vujudga keladi, u go‘zallikning bor
ko‘rinishini mo‘jizadek nurafshon qilib yuboradi. Biz uni uyg‘unlik deb ataymiz, – deydi Alberti. – Aynan ana shu
190
Августин А. Исповед. М., АСТ, 2003. С. 367.
narsa nafislik va go‘zallikning asosidir. Zero uyg‘unlikning vazifasi va maqsadi, umuman aytganda, tabiatan har xil
bo‘lgan qismlarni muayyan mukammal qiyoslash orqali tartibga solish, toki ular bir-biriga mos holda go‘zallikni
yarastinlar… Unga o‘zini namoyon etishi va taraqqiy topishi uchun keng imkoniyat maydoni mavjud: u butun inson
hayotini qamrab oladi, barcha narsalarning tabiatiga singib ketadi. Zero nimaniki tabiat yaratgan ekan – hammasi
uyg‘unlik qonuni bilan o‘lchanadi»
191
.
Shunday qilib, Alberti nazdida uyg‘unlik nafaqat san‘at qonuni, balki umuman hayot, mavjudlik qonuni.
San‘atdagi uyg‘unlik hayotdagi universal uyg‘unlikning in‘ikosidir. U mukammallikning manbai va sharti, usiz
hayotda ham, san‘atda ham biror bir mukammallikning bo‘lishi mumkin emas; u shunday qismlardan tashkil
topganki, bu qismlardan birortasini olib tashlashning yoki almashtirishning mutlaqo iloji yo‘q. Go‘zallik ana
shunday moslikni mujassam qilgan uyg‘unlikdan iborat. Uyg‘unlik san‘at turlarida o‘zini turlicha unsurlar orqali
namoyon etadi: musiqada uning unsurlari – ritm, ohang, kompozistiya, haykaltaroshlikda – me‘yor, chegara v. h.
Alberti «go‘zallik» tushunchasini «bezak» tushunchasi bilan bog‘lab talqin qiladi. Mutafakkir san‘atkor bu
ikki tushunchaning farqini so‘z bilan ifodalash qiyinligini, uni ko‘proq his etish mumkinligini aytib, shunday deydi:
«… bezak go‘zallikning ikkinchi ziyosiga o‘xshaydi, uni go‘zallikka qo‘shimcha deyish mumkin… go‘zallik jismga
taalluqli va tug‘ma, butun jism bo‘yicha qanday go‘zal bo‘lsa, o‘shanday darajada joylashgan hodisa, bezak esa
tug‘ma emas – qo‘shimchalik tabiatiga ega»
192
. Demak, bezak go‘zallikka qandaydir tashqaridan qo‘shilgan, lekin
go‘zallikning ajralmas qismini tashkil etuvchi hodisa, ya‘ni «go‘zallik» va «bezak» go‘zallikning ikki xil ko‘rinishi:
biri – botiniy, ichki; ikkinchisi – zohiriy, tashqi.
SHunday qilib, Alberti «bezak»ni go‘zallikning nisbiy, tasodifiy shakli sifatida talqin qiladi va bu bilan
go‘zallikni tushunishda nisbiy, sub‘ektiv erkinlik imkoni borligini ta‘kidlaydi.
Xunuklik tushunchasi ham Alberti tomonidan o‘ziga xos talqin etiladi: go‘zallik san‘atning mutlaq predmeti.
SHunday ekan, xunuklik faqat muayyan xato tarzida namoyon bo‘ladi. Demak san‘atning vazifasi xunuklikni
tuzatish emas, balki tasvirlash paytida xunuk va badbashara narsalarni yashirishdan, ya‘ni go‘zal va xunuk tomonlari
mavjud narsa-hodisaning go‘zal tomonini ko‘rsatishdan iborat.
Alberti, birinchilardan bo‘lib, san‘atkor shaxsi masalasiga jiddiy e‘tibor qaratadi. San‘atkor har tomonlama
kamolga etgan shaxs bo‘lishi lozim. Keyinchalik san‘atkorning bunday universal ideal darajasi to‘g‘risida boshqa
insonparvarlar ham mulohaza yurita boshladilar. Endi, Qadimgi dunyo yo o‘rta asrlardagidan farqli o‘laroq, siyosiy
arbob yoki faylasuf emas, balki san‘atkor idealga aylandi. Zero san‘atkor jamiyatda egallagan mavqe – uning aqliy
va jismoniy mehnat o‘rtasidagi bog‘lovchi xalqa sifatidagi faoliyati shuni taqozo etardi. Har bir odam kasb, ijtimoiy
holat nuqtayi nazaridan emas, balki qiziqish, ma‘naviy yuksalish jihatidan san‘atkorga taqlid qilishi kerak. SHu bois
Uyg‘onish davrida endi «Avliyolar hayoti» emas, «San‘atkorlar hayoti» turkumidagi asarlar hammada qiziqish
uyg‘otdi va katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Xullas, Alberti ilgari surgan estetik g‘oyalar va nazariyalar o‘ziga xos ekani barobarida ayni zamonda
Uyg‘onish davri san‘ati hamda san‘atkorlar dunyoqarashi, bilimi, mahorati uchun umumiy kalit vazifasini o‘taydi,
desak Yanglishmagan bo‘lamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |