yozma yodgorliklar borasida Somirga yon beradi. Chunki misrliklar yozib qoldirgan minglab papiruslar chirib,
yonib, yo‘qolib ketgan, shumerliklarning giltaxtalardagi yozuvlari esa saqlanib qolgan, hozir ham ularni qumlar
ostidan topib, sharhlash davom etmoqda.
Qadimgi Somirdagi dastlabki estetik g‘oyalar haqida gap ketganda, eng avvalo undagi tasviriy
san‘atning ilk namunalariga to‘xtalib o‘tish joiz. Qadimgi Shumer tasviriy san‘ati asosan muhrlar, idish -
tovoqlardagi rasmlar va releflardagi tasvirlardan iborat. Bular orasidagi eng qadimiysi va bizgacha ko‘p
miqdorda etib kelgani muhrlardir. Ilk sulolalar davridayoq Somirda tosh o‘ymakorligining badiiy -estetik
tamoyillari ishlab chiqilgan va mustahkamlangan, sayqal berish texnikasi mukammallasha boshlagan.
SHuning uchun ularga faqat moddiy madaniyat namunalari emas, balki san‘at yodgorliklari sifatida ham
qarash maqsadga muvofiq. Shumer muhrlariga razm solgan har bir inson ularda asotir yoki xalq og‘zaki
ijodiga doir syujetning ifodasini ko‘radi: qanotli ajdaholarning u stida turgan erkak bilan ayol, etti boshli
ajdahoni o‘ldirayotgan pahlavon, xayoliy mavjudotlar – qush-odam va odam-arslon ustidan olib
borilayotgan sud va boshqa tasvirlar shular jumlasidandir. Qisqasi, ularda go‘zallik va xunuklik,
ulug‘vorlik va tubanlik, xayoliylik va mo‘‘jizaviylik haqidagi dastlabki tasavvurlarni ilg‘ash qiyin emas.
Shumerliklarning falsafiy-estetik qarashlariga kelsak, ularda falsafiy-kosmologik yoxud ilohiyotga, yoxud
nafosatshunoslikka bag‘ishlangan risolalar qabilidagi maxsus adabiy shakllar bo‘lgan emas. Bunday qarashlarni
(albatta ibtidoiy holda) bizgacha to‘liq yoki qisman etib kelgan asotirlarda uchratish mumkin. Shumerliklardagi
estetik tasavvurning paydo bo‘lishi va, umuman, nafosatli tafakkurning kelib chiqishi asotirnomaga (mifologiyaga)
borib taqaladi. Ma‘lumki, qadimgi odam oldida turgan turli xil masalalardan biri estetik tabiatga ega bo‘lish
muammosi edi. Bu muammoni o‘ziga xos tarzda hal etish uchun u dastlabki usul – mifologiyadan foydalandi. SHu
bois asotirlarni inson yaratgan ilk nafosat konstepstiyasi, falsafiy umumlashma deb atash mumkin; faqat u nazariy
emas, balki badiiy, timsoliy shaklda ifodalangan. Zotan asotirlardagi badiiy anglashda inson o‘zi haqida, o‘zining
real borliq go‘zalligi bilan bog‘liqligi haqida fikr yuritishga ilk bor intiladi. Boshqacharoq qilib aytganda, asotirlar
qadimgi tarixda birinchi marta olamni badiiy-estetik borliq sifatida taqdim etadi. Dastlabki faylasuflar (agar shunday
deyish mumkin bo‘lsa) mirza-xattotlar va shoirlar ekanini ilg‘ash qiyin emas. Mirza-xattot va shoirlar asotirlarni
yozib olishar hamda yozar ekanlar, ular uchun asosiy maqsad ma‘budlar va ma‘budlarni a‘mollarini ulug‘lash
bo‘lgan. Keyingi davrlar faylasuflari kabi ularni muayyan kosmologik yoki ilohiyotga oid haqiqatlar qiziqtirgan
emas. Asotirlarni tadqiq etish shuni ko‘rsatadiki, shumerliklar badiiy-estetik anglash orqali insoniyat jamiyatining
tadrijiy va izchil rivojlanishi haqida muayyan tasavvurga ega bo‘lganlar.
Shumer ma‘budlari antropomorf (odam qiyofali). Ular ichida eng donishmand va eng qudratlisi ham o‘z qiyofasi,
orzu-o‘ylari va a‘mollari bilan odamlarga o‘xshaydi. Ma‘budlar odamlarga o‘xshab rejalar tuzadi, harakat qiladi, ichadi,
eydi, uylanadi, oila quradi, katta xo‘jalikni boshqaradi, ilohiy zaifliklar va kasalliklarga ham duchor bo‘ladi, hatto o‘ladi
ham. Zero ularning ulug‘vorligi va go‘zalligi odamlarga nisbatan olib qaraladi.
Qadimgi shumerliklarda «Me» tushunchasi mashhur bo‘lgan. «Me» ilohiy qonun va ko‘rsatmalar majmui
bo‘lib, Shumer faylasuflari fikricha, bu qonun – qoidalar olam yaratilgan kundan boshlab uni boshqarishni va
olamning abadiy harakatini ta‘minlab kelganlar. Unda «ulug‘vor va abadiy toj», «ulug‘vor ramz», «ulug‘vor
ibodatxona», «san‘at», «musiqa», «yog‘ochni ishlash san‘ati», «metallni ishlash san‘ati» «mirzalik (xattotlik)
san‘ati» singari nafosatshunoslik tushunchalarini anglatuvchi iboralar ham mavjud. SHunisi e‘tiborga sazovorki,
qadimgi shoir-faylasuf san‘at bilan hunarni ajratishga harakat qiladi. Chunonchi, «yog‘ochsozlik san‘ati» bilan
yonma-yon «quruvchilik hunari» va «savatchilik hunari», «temirsozlik san‘ati» bilan yonma-yon «temirchilik
hunari» iboralari keladi. Bundan tashqari, unda besh xil musiqa asbobining nomi ham qayd etilgan.
Shunday qilib, Shumer san‘ati va adabiyoti insoniyat tarixidagi dastlabki estetik g‘oyalardan va iboralardan
bizni
xabardor qiladi, bizga ba‘zi janrlarning kelib chiqishi bilan tanishish imkonini beradi.
Shumerliklar va ularning shimoliy qo‘shnisi bo‘lmish akkadlar asrlar mobaynida olib borgan janglar
oqibatida akkadlar podshosi Sargon I (milodgacha 2369-2314 yillar) Somirni Akkadistonga bo‘ysindiradi. Dastlab
akkadlar Shumer tilini ham, yozuvini ham qabul qiladilar va birgalikda somir-akkad madaniyatini yaratadilar.
Keyinchalik bu ikki xalq qo‘shilib, Bobil davlatini tashkil etadi, akkad tili esa asosiy tilga aylanadi. SHunda ham
Shumer tili maktablarda o‘qitiladigan o‘lik til, Yevropaliklar uchun lotin tili qanday bo‘lsa, shunday til bo‘lib qoladi.
Umuman olganda, qadimgi Sharq madaniyati ko‘ptillilik yoxud ikki tillilik asosida bunyodga kelgan.
Bobil so‘z san‘atida «Enuma elish» («Osmonda qachonki...») dostoni, Agushayya, Gilgamesh, Adan, Etana,
«Ishtarning qa‘rga tushishi» haqidagi epik dostonlar, «Iztirobda qolgan haqgo‘y», «Xo‘jayinning qul bilan suhbati» singari
diniy-falsafiy dostonlar muhim ahamiyatga ega. Ularning hammasidagi asosiy g‘oya – hayot va mamot o‘rtasidagi
kurashdan iborat. «Xo‘jayinning qul bilan suhbati» deb atalgan doston ular orasida kulgililik tabiatiga ega ekanligi bilan
alohida ajralib turadi. Unda xo‘jayinning har bir buyrug‘i oqilona ekanini maqollar va matallar bilan asoslashga intilgan
qul – oqil, quv xizmatkor qiyofasi tasvirlangan. Bu suhbat-aytishuv deyarli oxirigacha kulgililik bilan yo‘g‘rilgan. Faqat
uning nihoyasidagina hayot joniga tekkan xo‘jayin «Endi nima yaxshi?» deb so‘raganida qul: «Bo‘ynimni mening
sindirmoq va bo‘yningni sening sindirmoq va daryoga tashlamoq, ana bu yaxshi. Kim shuncha balandki, osmonga esta,
kim shuncha ulkanki, erni to‘ldirsa!», – deydi. G‘azablangan xo‘jasi qulga o‘ldiraman, deb do‘q uradi. Doston-suhbatda
so‘nggi so‘z qulga beriladi va u: «Unda mening xo‘jam mendan uch kun ortiq yashasin», – deb o‘zini qutqaradi.
Na faqat Gilgamesh kabi eposlarda, balki deyarli barcha Qadimgi Bobil shoirlari ijodida insonning to abad
shaxsiy o‘lmaslikka intilishi yuksak badiiy shakllarda o‘z ifodasini topgan, ularda hayot – go‘zallik, o‘lim –
xunuklik tarzida qabul qilingan. SHunday qilib, Somir-Bobil san‘ati insoniyat tarixidagi dastlabki estetik
g‘oyalarning paydo bo‘lishidan bizni xabardor qiladi.