Oilaviy muhit. Oilaning mustahkam bo‘lishi, oila a‘zolarining axloqiylik darajasi undagi muhitga bog‘lik.
Qaysi oilada sog‘lom muhit, hukm sursa, uning ravnaqi, baxtliligi ta‘minlangan bo‘ladi. Sog‘lom muhit deganda biz
faqat oilada insonparvarlik, vatanparvarlik, ziyolilik, halollik, rostgo‘ylik kabi tamoyillar va me‘yorlarga amal
qilinishinigina emas, balki uning eskicha an‘anaviylik yoki Yangicha zamonaviyligini ham tushunishimiz lozim.
Zero aynan ana shu ikki xil turmush tarzi oila kelajagi bilan bog‘liq.
Eskicha an‘anaviy oila kiyinishda, yeb–ichishda kasbu korda zamonaviy oiladan farq qilmaydi. U ham halol,
hamma qatori zamonaviy sharoitda yashaydi. Faqat u o‘zining «o‘zbekchiligi», ajdodlarining an‘anaviy ma‘naviy
qadriyatlarini «unutmagani» bilan faxrlanadi. Hamma gap shundaki, bunday oila asosiy kuchi va imkoniyatlaridan
ana shu faxrlanish hissiga erishish uchun foydalanadi: an‘anaviy o‘zbekona to‘y kechasida nikoh bazmida artistlarga
«gaplashilgan» va «qistirilgan» millionlar hisobiga bemalol bitta bolalar bog‘chasi qursa bo‘ladi. Ayniqsa og‘zini
qimirlatib turish bilan (fonogramma orqali) harom pul topayotgan «artist»larning qudag‘aylarni (ayol qudalarni)
raqsga tushishga da‘vat qilishini borib turgan odobsizlik: ortiqcha pul yig‘ib berish uchun bechora qaynonalar Yangi
kelin va kuyov oldida o‘yinga tushadilar. An‘anaviy to‘ylar isrofgarchilik namunasi, muayyan ma‘noda
axloqsizning bir ko‘rinishiga aylanib ketganini tan olish kerak. «Borda»–ku «bor», «yo‘qlar» ham shunday qilishga
intiladilar. «Eshak eshakdan qolsa qulog‘ini kesadi» qabilidagi to‘y uchun ko‘p hollarda necha yilar davomida
yaxshi yemay, yaxshi kiymay, quruq non–choy bilan kun o‘tkazib yashash kerak bo‘ladi. Bunday «orzu –
havas»larning tagida yo odamlar nima der ekan degan qo‘ruv yoki maqtanish, kibr, birovlarga o‘zini ko‘z–ko‘z
qilish kabi illatlar yotadi. Eng yomoni shundaki, bunday oilada sog‘lom muhit qaror topmaydi, dasturxon ustida,
bo‘sh vaqtlarda bolalardan «qutilib olish» uchun ko‘proq pul topish haqida tinmay so‘zlanadigan, falonchining to‘yi
mundog‘ o‘tibdi, u unday qilibdi, bu bunday qilibdi, degan mayda gapalardan nari o‘tilmaydigan bo‘lib qoladi,
axloqiy ideallar xiralashadi, estetik did o‘tmaslashadi, ijtimoiy ma‘naviy intilishlar nihoyat darajada sustlashadi. Bu
masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni ham bundan yaxshi emas: oilada totuvlik yo‘qoladi, er va xotin o‘rtasida
moddiy yetishmovchiliklar, «sandiq to‘lmayotgani» borasida tez–tez aytishishlar, ta‘na–dashnomlar, janjallar bo‘lib
turadi, ba‘zan ular katta oilaviy mojarolarga ham aylanib ketadi. Bunday eskicha–an‘anaviy oiladagi muhit atrofdagi
boshqa oilalarga ham salbiy ta‘sir ko‘rsatadi, jamiyatning zaif, ma‘naviy saviyasi past xalqasi sifatida millat
tarbiyasini ma‘lum ma‘noda buzadi. Ayni paytda o‘z a‘zolarining ham «gap–so‘zdan» qo‘rqadigan, maqtanchoq,
ijtimoiy–siyosiy «savodsiz», umrini kundalik mayda tashvishlar bilan o‘tkazadigan odamlar bo‘lib qolishlariga olib
keladi.
Yangicha zamonaviy oiladagi muhit esa buning aksi: to‘y–ma‘rakalarda eng yomon illat bo‘lmish
isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Ularga ketadigan ortiqcha sarf–xarajatlar imkoni boricha qisqartirilib, asosiy
mablag‘ oilaning farovonligini, intellektual va maishiy darajasini yuksaltirishga yo‘naltiriladi. Bunday oilada
totuvlik, xotirjamlik qaror topadi, dasturxon ustidaga suhbatlar Yangi kitoblar, filmlar, ijtimoiy–siyosiy Yangiliklar,
inernet xabarlari ustida boradi, dam olish maskanlariga borish rejalari tuziladi; asosiy xatti–harakat farzandlarning
oliy ma‘lumotli bo‘lishiga, zamonaviy kasbiy mahoratni egallashiga, ularni halq va Vatan faxrlanadigan shaxslar
bo‘lib yetishishlariga qaratiladi.
Agar eskicha–an‘anaviy oilaviy muhit O‘zbekistonda erkin demokratik fuqarolik jamiyati qurilishiga
to‘sqinlik ko‘rsatsa, Yangi zamonaviy oila muhiti uning tezroq ro‘yobga chiqishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat
qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |