2. O‘zbekiston Respublikasiga jalb etilgan xorijiy kredit liniyalarining zamonaviy holati tahlili Xalqaro moliya tashkilotlari kredit liniyalari hisobidan kreditlash amaliyoti xalqaro tashkilot va mamlakat hukumati o‘rtasida imzolanadigan hamkorlik bitimi va bu bitim asosida chiqariladigan hukumat qarorlari asoslangan holda amalga oshiriladi. Hukumat o‘zining qarorida xalqaro kredit liniyalaridan kreditlashni amalga oshiruvchi tijorat banklari va yo‘naltiriladigan resurs summasini ko‘rsatib o‘tadi. So‘ng kreditlash jarayoni bank va uning filiallarida davom etadi. Kreditlash shartlari xalqaro tashkilot talablari doirasida belgilanadi va kreditlar monitoringi bo‘yicha hisobot muntazam ravishda xalqaro moliya institutining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda uning hududiy bo‘limlariga taqdim etib boriladi. Iqtisodiyotga xalqaro kredit liniyalarini yo‘naltirish yuqorida aytib o‘tilganidek hukumat qarori doirasida amalga oshiriladi. Bunday amaliyot O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tish islohotlarini bosqichma-bosqich amalga oshira boshlagan davrdanoq yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu reja boshida mamlakatimizga xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan kichik biznesni rivojlantirish maqsadlarida yo‘naltirilgan dastlabki kredit liniyalari to‘g‘risida to‘xtalsak. Bunga misol qilib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-fevraldagi 69-sonli ”O‘zbekiston Respublikasida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot banki kreditidan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorini keltirish mumkin. Bu qarorga asosan Osiyo taraqqiyot bankidan 50 mln. AQSH dollari miqdorida kredit olinib, olingan mablag‘lar quyidagi banklar orqali kichik biznes sub’ektlarini kreditlash maqsadida sarflangan:
• Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankiga 20 mln. AQSH dollari;
• ”Asaka” bankiga 15 mln. AQSH dollari;
• ”Paxtabank” (hozirgi ”Agrobank”)ga 15 mln. AQSH dollari. Hozirgi kunda mamlakatimiz tijorat banklari orqali quyidagi xalqaro moliya tashkilotlarining kredit liniyalaridan kreditlash maqsadlarida foydalanilmoqda:
• Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kredit liniyasi;
• Osiyo taraqqiyot bankining “Kichik biznes va mikromoliyalashni rivojlantirish” loyihasi;
• Jahon Bankining “Qoraqalpog‘istonda pillachilikni rivojlantirish” kredit liniyasi’
• Xalqaro taraqqiyot assotsiasiyasining “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash loyihasi” II bosqichi kredit liniyasi;
• Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporasiyasi kredit liniyasi;
• Landesbank Berlin (Germaniya) kredit liniyasi;
• Xitoy taraqqiyot banki kredit liniyasi;
• Germaniya taraqqiyot banki (KFW) kredit liniyasi;
• Koreya eksport-import banki kredit liniyasi;
• Germaniya jamg‘arma kassalari fondi kredit liniyasi va boshqalar.
Mamlakatimiz tijorat banklari tomonidan hozirgi kunda kichik biznes subyektlarini chet mamlakatlaridan kredit liniyasini ochib kreditlash yildan yilga rivojlanib, takomillashib bormoqda. Bunda kredit shartnomasining amal qilish muddatida mijoz qarzdorlikni bir necha martalik qisman yoki to‘liq qoplash ma’qullangan kredit miqdori doirasida kredit tanlashni takrorlash huquqiga ega. Bugun tadbirkorlar uchun xorijiy kreditlarni olish milliy kreditlarni rasmiylashtirish kabi sodda ko‘rinishga aylangan. Kredit liniyalari ochib va ochmasdan kichik tadbirkorlarni kreditlash operatsiyalarini Respublikamizdagi deyarli barcha banklar amalga oshirmoqda.
Yuqorida aytib o'tilganidek bugungi kunda tijorat banklarimiz ko'plab xorijiy korporatsiyalar bilan hamkorlikda kichik biznes subyektlarining mablag'ga bo'lgan ehtiyojini qondirish yo'lida xorijiy kredit liniyalari ochgan holda ssuda kapitali ajratilib kelinmoqda. Shunga ko'ra avvalo kredit liniyasi tushunchasi bilan yaqindan tanishib o'tsak maqsadga muvofiq bo'lar edi. Kredit liniyasi - tadbirkor bank tomonidan faqat maqsadli ishlatish asosida, uning summasini banklarning va lizing kompaniyalarining balansida aks ettirgan holda kichik biznes sub'ektlarini kreditlash uchun tijorat banklariga va lizing kompaniyalariga ajratiladigan mablag‘lar. Kredit liniyasi- bu ma'lum bir kelishilgan vaqtda va belgilangan hajmda bankning mijozlariga beradigan yuridik hujjatlashtirilgan majburiyatdir. Kredit liniyasi oddiy kreditlashdan shunisi bilan farqlanadiki, uni mijoz ssudani faqat bir marta emas agar muhtojlik sezsa bir necha marta olishi mumkin.
Quyida bir nechta banklarning kredit liniyalari to‘g’risidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqamiz.