Doyaxotin karvonsaroyi.
Doyaxotin karvonsaroyi - Turkmanistondagi ХII asrga oid meʼmoriy yodgorlik. Qadimgi Amul (Chorjoʻy)dan Xorazmga boradigan karvon yoʻli (Amudaryoning chap qirgʻogʻi)da joylashgan. Mahalliy aholi orasida Boy xotin karvonsaroyi nomi bilan ham maʼlum (afsonaga koʻra, mashhur bir boy xotin qurdirgan). Binoning tarhi toʻgʻri toʻrtburchak (112× 125 m), tashqi burchaklari burj-minorali boʻlib, toʻgʻri toʻrtburchakli qoʻrgʻon oʻrtasiga qurilgan. Karvonsaroy oʻrtasida atrofi toqili ayvonlar bilan oʻralgan katta hovli (53×53 m) boʻlgan. Unda yoʻlovchilar uchun hujralar, ot-ulovga esa choʻzinchoq xonalar qurilib, tepasi balxi gumbaz bilan berkitilgan. Hovlining har tarafi oʻrtasida peshtoqli ayvon va chorsi xona, hamda molxona va hujralarga ravoqlar orqali kirilgan. Devorlarning tashqi va ichki tomoni pishiq gʻishtdan, orasi esa xom gʻishtdan terilgan. Doyaxotin karvonsaroyining old (shim.sharq) tomoni ulkan, goʻzal peshtoq bilan bezalgan, gʻishtlari boʻylama va koʻndalang ("archa" usulida) terilib, kufiy xatida toʻrt xalifa (Abu Bakr, Umar, Ali, Usmon) ning nomi yozilgan. Doyaxotin karvonsaroyi Buyuk ipak yoʻlidagi yirik jamoat savdo-sotiq inshooti sifatida Oʻrta Osiyo meʼmorligi sanʼatini oʻzida mujassam etgan noyob namuna.
Bokudagi Buxoro karvonsaroyi.
Bokudagi Buxoro karvonsaroyi (ozarbayjoncha: Buxara karvansarayı) — Ozarbayjon poytaxti Boku shahrining tarixiy markazi boʻlmish Icheri shaharda joylashgan qadimiy binolardan biri. XV asrning soʻngida bunyod etilgan. U shuningdek, Ozarbayjonda saqlanib qolgan 7 ta mashhur karvonsaroylardan biridir. Hozir bu obida ichida ozarbayjon milliy taomlari tayyorlanadigan maxsus restoran joylashgan. Bashennaya (yoki Qüllə) koʻchasida; Multani karvonsaroyi roʻparasida; Qız qalʼa yaqinida joylashgan.
Aytishlaricha, Markaziy Osiyo hamda Ozarbayjon xalqlari orasida azaldan nafaqat madaniy, diplomatik, balki savdo-sotiq borasida ham muayyan aloqalar o’rnatilgan. Jumladan, bu borada Buxoro bilan mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Buyuk ipak yoʻlining bir tarmogʻi Boku shahridan oʻtganligi sababli, Buxorolik savdogarlar bu shaharga tez-tez kelib turishgan. Ular, asosan, shu karvonsaroyda qo’nim topishgani uchun unga Buxoro nomi berilgan bo’lishi mumkin, deb taxmin qilinadi. Buxoro va uning qarshisidagi Multani karvonsaroylarida, asosan, Markaziy Osiyo va Hindiston mamlakatlaridan (jumladan Pokistondan) kelgan savdogarlar toʻxtab oʻtishgan. Tadqiqotlarning ko'rsatishicha, ushbu tarixiy yodgorlik XV asrda Bokuga kelgan savdogarlar tomonidan qurilgan. Boshida bir qavatli qilib bunyod etilgan karvonsaroyga, keyinchalik ikkinchi qavat qurib bitkazilgan. 1964-yili binoda restavratsiya ishlari oʻtkazilgan. Unda karvonsaroy binosi ortiqcha qo'shimcha qismlardan xalos etilgan. Hozirda bir qavatli karvonsaroyning baʼzi qavatlari yer ostida qolgan deb taxmin qilinadi .
Meʼmorchiligi:
Karvonsaroy qurilishi, meʼmoriy koʻrinishi jihatidan Buxorodagi tarixiy yodgorliklarni esga soladi. Unchalik ham katta boʻlmagan binoning rejasi kvadrat shaklida boʻlib, kirish qismi peshtoq bilan belgilangan. Sakkiz qirrali hovli atrofi bir qavatli ayvonchalar va 18 ta hujralar bilan oʻralgan. Hovlining butun perimetri boʻylab uchli kamarlar joylashgan. Karvonsaroy hovlisi dam olishga moʻljallangan boʻlib, unda marmardan qurilgan kichkina hovuz, uning atrofida esa keksa chinorlar bor. O'zining asl shaklida saqlanib qolgan XV asrning hovuzi, favvoradan oqib tushayotgan suvga qaramay, hovuzdagi suv darajasi barqaror boʻlib turishi bilan qiziq. Hozirda karvonsaroy devorlari qadimgi Ozarbayjon gilamlari, turli xil devoriy bezaklari, Boku manzaralari tasvirlangan rasmlar bilan bezatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |