Aruz ilmiing ixtirochisi Xalil ibn Ahmad.
Ma’lumki, aruzshunoslik aruz she’riy tizimi xususiyatlarini tadqiq qiluvchi adabiyotshunoslik sohasidir. Aruz sistemasi birinchi bo‘lib o‘rta asrning yirik arab filologi, Basra ilmiy maktabi rahnamosi, musiqashunos olim Xalil ibn Ahmad al – Azdiy al – Farohidiy (712 – 776) VIII asrda ixtiro qilgan. Uning “al - Ayn” nomli arab tili izohli lug‘ati, musiqaga oid “an-Nag‘am” (“Ohang”), “al-Iyqo” (“Ritm”) nomli asarlari mavjud bo‘lgan.
Xalil ibn Ahmad islomdan ilgarigi V – VII va o‘z davrigacha bo‘lgan VII – VIII asrlardagi shoirlarning asarlarini o‘qib, o‘rganib, tahlil etib, aruz bahrlari haqida o‘z she’riy nazariyasiga asos soldi.
Arabiston sahro – yu cho‘llarida arablar qabila – qabila bo‘lib yashashgan. Har bir qabilaning o‘z shoirlari bo‘lgan. Ular og‘zaki ijod qilishgan. Ularning asarlarini roviylar yod olib, avloddan – avlodga yetkazishgan.
VII asrda xazrati Usmon ibn Affon xalifalik davrlarida Qur’oni Karim 6 nushada xatga tushirilgandan keyin VIII asrdan boshlab Rasululloh (s.a.v.) hadislari ham to‘plana boshlandi.
Aynan shu davrda Iroqning Ko‘fa va Basra shaharlarida olimlardan tashkil bo‘lgan jamoalar qabilama – qabila yurib, arab tili sarfi – nahvini, xalq og‘zaki ijodiga oid masal, matal, ertak, asotir, topishmoq, hikmatlarni hamda shoirlarning qasidalarini roviylar og‘zidan yozib ola boshladilar.
Manba’larda yozilishicha, Islomdan ilgarigi shoirlar o‘z asarlarini qabila axllari to‘planadigan joylarda, ko‘pincha, bozorlarda baland shirali ovoz bilan ma’lum bir ohangda yoddan o‘qib berishar, qabiladoshlari ularning asarlariga baxo berar, eng yaxshilarini terilarga yozib, Ka’baga osib qo‘yilar ekan.
Al-Xalil hajga borib, zam-zam suvidan ichib shunday duo qilgan:
Ey rabbim, menga shunday ilm berginki, mengacha hech kim u ilmni bilmagan va mendan keyin ham hech kim bilmaydigan bo‘lsin». Ayni shu voqea sabab, Alloh Taoloning inoyati bilan Xalil ibn Ahmad «aruz ilmi»ni yaratishga sababchi bo‘lgan.
Xalil ibn Ahmad ham xalq orasidan yig‘ilgan she’rlarni o‘qib, taxlil etadi. Qarasaki, yozilgan qasidalar har hil ohangda. Ularni birma – bir tasnif etib, o‘zining she’riy nazariyasini yaratdi.
Ushbu aruz sistemasini yaratgan vaqtda aruz, umuman she’riy sistema haqida hech qanday tushunchaga ega bo‘lmagan shoirlar tomonidan islomgacha bo‘lgan arab she’riyatida bir qancha asarlar yaratilgan yoki yozilayotgan edi. Bu she’rlarning ko‘pchiligi Xalil yashagan davrga qadar yaratilgani uchun ularga tarixiy nuqtai nazardan yondashuvga imkon beradi. Shunga qaramay, al-Xalil o‘rta asrga xos tasnifchi olim sifatida arab she’riyati san’atining tarixiy rivojini ko‘rsatishga harakat qilib ko‘rmadi.
Xalil ibn Ahmad yuzga yaqin aruz vazni oralaridagi mushtaraklik alomatlariga qarab ularni 15 guruhga bo‘ladi va bu guruhlarni bahrlar deb ataydi. Xalildan so‘ng Abulhasan Axfash ismli bir adib aruzga “Mutadorik” deb ataluvchi yana bir bahrni qo‘shadi. Ibn Usmon Maziniy, Imom Axmad ibn Abdurabbix, Ibn al-Xatib at-Tabriziy, Ziyovuddin Abul Jaysh al-Hazrajiy kabi arab olimlari xam aruz she’riy tizimi nazariy masalalari xususida izlanishlar olib borganlar.
Shubhasiz, al-Xalil tamonidan ishlab chiqilgan barcha terminlar, u yaratgan doiralar arab she’rlarini eshitish jarayonida undagi qofiyalarga aniq yozma ko‘rinish berish uchsun xizmat qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |